Torun shahrida o‘tkazilgan 10-Xalqaro Osiyo kongressida O‘zbekiston vakili ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2023 yil 18 may kuni Torun shahrida bo‘lib o‘tgan “Qarashlar, o‘ziga xosliklar, jamoalar” mavzusidagi 10-Xalqaro Osiyo kongressida faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. Polshada har yili o‘tkaziladigan ushbu xalqaro anjumanda O‘zbekiston vakilining ishtiroki mamlakatimizning Varshavadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.

Tadbir tashkilotchilari Polsha Tashqi ishlar vazirligi, «Marshalek-Xolding» kompaniyasi, N.Kopernik nomidagi Torun universiteti, Varshava universiteti Siyosiy fanlar instituti, «Polsha-Sharq» hamkorlik jamiyati, Polsha integratsiya va hamkorlik jamiyati, Kuyav-Pomeraniya voevodaligi va Torun shahri meriyasi hisoblanadi.

Forumning asosiy maqsadi – Markaziy Yevropa va Osiyo davlatlari diplomatlari, olimlar, ekspertlar o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish, fikr va tajriba almashish uchun platforma yaratish, ushbu hududlar o‘rtasida turli sohalarda ekspertlar hamjamiyati va ishbilarmon doira vakillarining o‘zaro aloqalarini mustahkamlash bo‘yicha aniq takliflarni ishlab chiqishdan iborat.

Kongressda Osiyo qit’asidagi bir qator davlatlarning Varshavada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, Polsha parlamenti deputatlari va senatorlari, Kuyav-Pomeraniya voevodaligi va Torun shahri meriyasi rahbarlari, vazirlik va idoralar, Osiyo mamlakatlari bo‘yicha olimlar va ekspertlar, Polshaning qator universitetlari rektorlari, jurnalistlar, ishbilarmon doira vakillarining ma’ruzalari tinglandi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar ushbu tadbir ko‘plab qiziqarli munozaralarga sabab bo‘lishi, natijada ilmiy jamoatchilik uchun muhim nashrlar paydo bo‘lishiga ishonch bildirdilar. Har yili anjuman ishida faol ishtirok etayotgan O‘zbekiston, Ozarbayjon, Indoneziya, Hindiston, Qozog‘iston, Tailand, Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, Malayziya, Indoneziya, Birlashgan Arab Amirliklari vakillariga samimiy minnatdorlik izhor etildi.

O‘z navbatida, A.Saidovning ma’ruzasida tadbir ishtirokchilariga Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, yangilangan Konstitutsiyani qabul qilish bo‘yicha 30 aprel kuni o‘tkazilgan umumxalq referendumi va 9 iyulda o‘tishi rejalashtirilgan O‘zbekiston Prezidenti saylovining mazmun-mohiyati yoritib berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbariyati boshchiligida mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Polshaning ishbilarmon va rasmiy doiralari vakillari O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyot, ijtimoiy soha va tashqi siyosatdagi tub ijobiy o‘zgarishlarni yuqori baholadi.

«Marshalek-Xolding» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi A.Marshalek 30 aprel kuni O‘zbekistonda o‘tkazilgan konstitutitsiyaviy referendumda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etganini faxr-iftixor bilan ta’kidlab, bu tadbir unda chuqur taassurot qoldirganini bildirdi. U ta’lim, madaniy-gumanitar, turizm va nashriyot sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini yana bir bor qayd etdi.

A.Marshalekning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Polsha Markaziy Osiyo va Markaziy-Sharqiy Yevropaning asosiy va muhim davlatlari hisoblanadi. Ular Yevropa, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida o‘ziga xos “xab” vazifasini bajaradi.

Polsha Tashqi ishlar vazirligi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi bo‘yicha departamenti direktori B.Shimanovskaning fikricha, O‘zbekiston davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirishda chuqur va izchil o‘zgarishlarni amalga oshirish bo‘yicha muhim tajribaga egaligi bilan ajralib turadi. “Mamlakatni rivojlantirishda yangi bosqichning ustuvor yo‘nalishlari keng ko‘lamda amalga oshirilishi ijobiy natijalarini bermoqda. Ushbu islohotlarni hayotga tatbiq etishda Polsha tomoni O‘zbekiston hukumatini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Ishonchim komilki, 9 iyul kuni rejalashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik ruhda va muvaffaqiyatli o‘tkaziladi”, deb ta’kidladi B.Shimanovska.

Xalqaro Osiyo kongressi Ilmiy kengashi raisi, professor Yo.Marshalek-Kava O‘zbekistonda amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat kelajagi va xalq farovonligi uchun xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Uning fikriga ko‘ra, ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyada belgilangan ta’lim sohasidagi tamoyillar davlatning kelajagi uchun muhim poydevor hisoblanadi.

“O‘zbekiston va Polsha o‘rtasidagi ta’lim va ilmiy-akademik sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani bizni bag‘oyat quvontiradi. Joriy yil aprel oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlarining forumi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. N.Kopernik nomidagi Torun universiteti va Samarqand davlat universiteti o‘rtasida shekriklik aloqalari o‘rnatishdan manfaatdormiz”, dedi polyak olimi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

“Dunyo” AA

Powered by GSpeech