21 - MAY — XALQARO CHOY KUNI

Choyning tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Miloddan avvalgi IV asrda Xitoyda choy o‘simligi choy bargi yetishtirish maqsadida ekila boshlangan. Choy ichimligining kashf etilishi Xitoyning ikkinchi imperatori Shen Nung nomi bilan bog‘lanadi. U odamlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanishni o‘rgatgan va tibbiyotdan saboq bergan. Qariyb bundan besh ming yil oldin Xitoy imperatori ilk bor bu ichimlikdan tatib ko‘rgan. Uzoq tarixga ega bo‘lgan bu ichimlikning salomatlik, madaniy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga qo‘shgan hissasi bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Dastlab choy shifobaxsh ichimlik hisoblanib, uni faqat imperator saroyi a’zolarigina iste’mol qilishi mumkin bo‘lgan, keyinchalik saroydan tashqaridagi fuqarolarga ham choy iste’mol qilishlariga ruxsat berilgan.

“Choy” nomi xitoycha “chi” dan kelib chiqqan bo‘lib, “yosh barg” degan ma’noni anglatadi.

Hozir Xitoyda yashil, qora, sariq, oq va qizil choylar ishlab chiqariladi. Ular bir-biridan choy bargini qayta ishlash darajasiga ko‘ra farqlanadi.

Hozirgi vaqtda choy maxsus, kam sonli hududlarda yetishtiriladi va 13 milliondan ortiq aholi, jumladan, choychilik tarmog‘iga bog‘liq bo‘lgan kichik fermerlar va ularning uy xo‘jaliklarini iqtisodiy tomondan qo‘llab-quvvatlaydi.

Jahonning aksar xalqlari sevib iste’mol qiladigan ichimlik – choyning asosi hisoblangan choy o‘simligining vatani Janubiy Osiyo hisoblanadi. Uning ikki turi bor: Xitoy choyi va Assom choyi. U tropik mintaqalarda yil bo‘yi o‘sadi. Buni qarangki, choy o‘simligi yuz yil va undan ortiq yashaydi.

Uning barglaridan qora choy, ko‘k choy, ko‘k va qora taxta choy mahsulotlari ishlab chiqariladi. Hindiston, Xitoy, Yaponiya kabi mamlakatlarda sariq va qizil choy ham tayyorlanadi. Aksariyat o‘zbekistonliklar, ayniqsa, ko‘k choyni xush ko‘radilar.

 

Choy e’tirofi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi butun dunyoda choyning uzoq tarixi, chuqur madaniy va iqtisodiy ahamiyatini e’tirof etib, 21 mayni Xalqaro choy kuni deb e’lon qildi.

Xalqaro choy kuni – choyning madaniy meros sifatidagi ahamiyati, inson salomatligi uchun foydasi va iqtisodiyotga ta’sirini e’tirof etish, ishlab chiqarishni “daladan piyolagacha” barqaror bo‘lishini ta’minlash, uning odamlarga, madaniyatlarga va atrof-muhitga foydasi haqida tushuncha berish hamda xalqaro choy kunini nishonlash orqali uni tayyorlash an’analari kelgusi avlodlarga yetib borishini ta’minlash uchun imkoniyatdir.

Choy ishlab chiqarish va qayta ishlash millionlab oilalar, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarning asosiy tirikchilik manbai hisoblanadi.

Ushbu bayram choyning barqaror ishlab chiqarilishi, iste’mol qilinishi va savdosini rag‘batlantiradi hamda global, mintaqaviy va milliy darajadagi ishtirokchilarga qashshoqlikni kamaytirish, ochlikka qarshi kurashish va tabiiy resurslarni himoya qilishda choy sektorini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatini beradi.

Xalqaro vazifa har kuni choy plantatsiyalarida ishlaydigan odamlarga e’tiborni qaratishdir.

Choy plantatsiyalari dunyoning ko‘plab hududlarini qamrab olgan: Xitoy, Xindiston, Nepal, Keniya, Uganda va Vetnam shular jumlasidandir. Terimchilarning aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgani bois, ular ijtimoiy kafolatlarsiz va himoyalanmagan insonlar. Choy ishlab chiqarishda hal etilmagan muammolar ko‘p – ayollar huquqlari, mehnatni muhofaza qilish, kichik ishlab chiqaruvchilar va yirik korporatsiyalar o‘rtasidagi raqobat shular jumlasidandir.

 

Xalqaro choy kuni qaysi davlatlarda nishonlanadi?

Bayram xalqaro bo‘lgani sababli, mamlakatlarda turli darajada nishonlanadi. Xalqaro choy kuni asosan choy yetishtirish eng keng tarqalgan mamlakatlarda nishonlanadi: Bangladesh, Hindiston, Indoneziya, Uganda, Vetnam, Malayziya, Nepal, Xitoy, Keniya, O‘zbekiston. Bu mamlakatlarning barchasida choy ishlab chiqarish u yoki bu darajada rivojlangan.

Dastlab faqat choy eksport qiluvchi davlatlargina choy kunini nishonlagan. Ishlab chiqaruvchilar uyushmasi shu kuni choyning turli navlarini bepul ichib ko‘rishni taklif qilishgan va hatto choy ishlab chiqarish jarayoniga tashrif buyurib jarayonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkoniyatini berishgan.

 

Choyni O‘zbekistonga kirib kelishi

O‘zbekistonda choy ichish qachondan boshlab urf bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Ayrim manbalarga ko‘ra Markaziy Osiyo shaharlarida hind savdogarlari choy savdosi bilan shug‘ullanganlar. Demak, uning hozirgi O‘zbekiston hududidagi tarixini hech ikkilanmay ming yillarga bog‘lash mumkin.

Mutaxassis olimlarning ta’kidlashicha, VII–IX asrlarda Xitoy bilan bo‘lgan savdoda choy asosiy o‘rinda turgan. Choy bahosida har bir otning bahosi 56 kg oliy navli choyga teng bo‘lgan. Bir necha “jin” (600 gramm) choyga bir bosh qo‘y almashtirilgan.

XX asr boshlarida hind savdogarlari Samarqandda choy qadoqlash korxonasini tashkil etishgan. 1913 yilda O‘rta Osiyoga chetdan 720 ming pud (11 ming 794 tonna) choy keltirilgan. Ushbu choyning 75 foizini ko‘k choy tashkil etgan. Keltirilgan choy Turkiston o‘lkasida, Buxoro amirligida va Xiva xonligida sotilgan.

1923 yilda Markaziy Osiyoda yagona va chetdan keltiriladigan xomashyoda ishlaydigan Samarqand choy qadoqlash fabrikasi ishga tushirilgan. U paytda choy 200 grammli qilib qo‘lda qadoqlangan. Bu yerda 1950–1960 yillarda yiliga 12–15 ming tonna choy ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 1970–1980 yillarda qo‘shimcha zamonaviy choy qadoqlash uskunalari o‘rnatilib, yillik choy ishlab chiqarish quvvati 28–30 ming tonnaga yetkazildi.

Qadim zamonlardan beri choyxona O‘zbekistonda choyxo‘rlik qiladigan asosiy joy bo‘lib kelgan. O‘tgan asrlardagi choy damlash usuli ham qiziq. Choy to‘g‘ridan-to‘g‘ri choynaklarda yoki sut va sariyog‘ qo‘shib, qozonda qaynatilgan, tuz va qalampir sepilgan. Choy bilan birga turli shirinliklar, tandirda yopilgan issiq nonlar tortilgan.

Bugun aksariyat o‘zbekistonliklar kunni o‘zlari yoqtirgan ichimlik – choy bilan boshlashadi. U nonushta, tushlik va kechki ovqat tanovulida albatta ishtirok etadi.

 

Choy haqida qiziqarli ma’lumotlar:

  1. Choy dunyoning barcha mamlakatlarida eng ko‘p iste’mol qilinadigan ichimlikdir. Buyuk Britaniya choyning asosiy iste’molchisi hisoblanadi. Bu yerda choy ichish an’analari juda ko‘p, ularning soni bo‘yicha faqat sharq aholisi inglizlardan oldinda. Angliyada choy kuniga 5-7 marta, har doim nonushta, tushlik va tushdan keyin, shuningdek, uy ishlari orasidagi tanaffusda ichiladi.
  2. Choy qirolicha Viktoriya tomonidan ingliz hayotining ajralmas qismiga aylantirilgan, u shaxsan “Choy axloqi” (“Tea Moralities”) – choy ichish odobi qoidalarini tuzgan.
  3. Xitoyda choy doimo mehmonlarga xayrixohlik va hurmat belgisi sifatida taklif qilinadi. Mehmon kutish marosimi juda murakkab, uzoq vaqt davom etgan bo‘lib, ikki qismga bo‘lingan va asosan maxsus choyxonada bo‘lib o‘tgan. Ushbu ichimlikning zamonaviy ixlosmandlari bunday marosimga vaqt topa olishlari dargumon. Ammo aynan 21 may Xalqaro choy kunida hamma maxsus choy kafelarida bunday marosimda qatnashishi mumkin.
  4. Er yuzida har soniyada 2 million piyoladan ko‘proq va har kuni esa 3 milliard piyola xushbo‘y choy ichiladi.
  5. Choy barglari dastlab faqat olijanob inglizlarning uylarida paydo bo‘la boshlagan davrlarda, hamma ham undan to‘g‘ri foydalanishni bilmagan. Shuning uchun, bir muncha vaqt choydan salatlar va go‘shtli taomlar tayyorlashda ziravor sifatida foydalanilgan.
  6. Ulun choyi eng mazali choy navi sifatida tan olingan. U yangi hid, yorqin gul ta’mi va uzoq muddat saqlanib qoluvchi yumshoq ta’mi bilan ajralib turadi. Umuman olganda, dunyoda ushbu turdagi choyning 250 ga yaqin turi ishlab chiqariladi. Sutli ulun eng qiziqarli ta’mga ega bo‘lib, uni yetishtirish paytida buta qamish shakar bilan changlanadi va ildizlariga sut quyiladi. Choy o‘simligini yetishtirish jarayonida foydalanilidagan bu usul ichimlikni yanada xushta’m qiladi.
  7. Yaxshi choy har doim juda qimmat bo‘lgan. XVII asrning oxirigacha choy barglarining kichik kvadrat o‘ramlari pul sifatida ishlatilgan. Eng qimmat choy ziyofati xalqaro mehmonxonalar tarmog‘i “Rits-Karlton”da tashkil etiladi, bu yerda uning narxi 10 000 dollargacha yetishi mumkin.
  8.  Dunyodagi eng qimmat xitoy elita choyi hisoblanib, 1 kilogram narxi auksionda 685 ming dollarga baholangan. Bu choy “Da Xong Pao” deb ataladi, bu xitoycha “katta qizil xalat” degan ma’noni anglatadi. Ushbu turdagi choy uchun barglar faqat 350 yil bo‘lgan 6 ta butadan olinadi. Ular Tyansin monastiri yaqinida o‘sadi. Bu choydan yiliga 500 g dan kamroq hosil olinadi.
  9. Aynan choy savdosi Sharq va G‘arbning yaqinlashishini tezlashtirgan va birinchi tezyurar savdo kemalarini qurishga turtki bo‘lgan.
  10. 10. Dastlab choyga shakar emas, tuz solingan. Tibetda atkanchay (uzun bargli choy) hali ham tuz solib ichiladi.
  11. Choyning eng noodatiy navlari – Puer choyi va Genmancha (Gemmaytya) hisoblanadi. Puer choyi – noodatiy choy bo‘lib, barglari muntazam geometrik shakllarda bosiladi. U tejamkor hisoblanadi, chunki uni 10 martagacha damlash mumkin. Genmancha choyi – tozalanmagan guruch bilan aralashtirilgan o‘rta kattalikdagi barglardan maxsus usulda tayyorlangan choy.
  12. 12. Choy paketlari birinchi marta 1908 yilda paydo bo‘lgan. Nyu-York shahriga choy yetkazib beruvchi Tomas Sallivan mahsulotni savdogarlarga jo‘natayotganda qadoqlashda joyni tejashni istab, o‘sha paytdagi odat bo‘yicha choyni tunuka qutilarga qadoqlash o‘rniga, ipak qopchalarda jo‘natgan. Istemolchilar qopchalarni nima qilishni bilmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri qaynoq suvga solishgan va foydalanishdagi bunday qulaylikdan mamnun bo‘lishgan. Savdogarlar va istemolchilarga choy tayyorlashning bu usuli juda yoqqani bois bundan buyon ular choyni faqat qopchalarga qadoqlanganini yuborishni so‘rashgan.
  13. Ishbilarmon amerikaliklarning yana bir qiziqarli yangiligi sovutilgan choydan (“muz choyi” deb ataladigan) foydalanish bo‘lgan. Bugungi kunda AQShda muzli choy iste’mol qilish choy umumiy miqdorining 85% ni tashkil qiladi.
  14. Ginnesning rekordlar kitobidan:

– 1952 yilda nemis Rudi Xorn boshiga 6 piyola to‘la choy va likopchalar bilan birga bir g‘ildirakli velosipedda muvozanatni saqlab turishga muvaffaq bo‘lgan;

– 1993 yilda bir yillik tayyorgarlik ishlaridan so‘ng, italiyalik Ettore Diana maxsus idishda dunyodagi eng katta choyni damladi. Ushbu piyolaning balandligi uch metr, kengligi ikki yarim metr bo‘lib, 2000 litr choyni sig‘dirgan. Rekord tasodifan paydo bo‘lmagan, u puxta rejalashtirilgan. Tadbir uchun dastlab choy Shri-Lanka plantatsiyalarida terilgan, keyin mashhur Janubiy Osiyo retsepti bo‘yicha 200 litrli idishlarda bir necha soat davomida shakar va quruq sut solib qaynatilgan. Shundan keyingina, maxsus nasoslar yordamida ular choy uchun oddiy, standart stakanlardan 32 ming baravar ko‘p hajmli ulkan stakanga quyilgan. Ichimlikni tayyorlash uchun 4546 litr suv, 64 kg choy, 875 kg quriq sut va 353 kg shakar kerak bo‘lgan;

– eng katta choy paketi 2002 yilda ishlab chiqarilgan. Qopda yetti kilogramm choy bargi bor edi, bu 3500 piyola choy damlashga yetadi. Uzunligi to‘rt metrdan ortiq bo‘lgan ip paketga biriktirilgan. Choy paketi Pokiston poytaxti Karachida namoyish etilgan;

– 2006 yilda Yaponiyaning Nisio shahrida choy ichish marosimida 14718 kishi qatnashgan. Choyning haqiqiy qadrlovchilari o‘zlarining sevimli ichimliklarini birgalikda ichish uchun bir yarim kilometrlik stolda jam bo‘lishgan;

–2012 yilda Hindistonning Madxya-Pradesh shtatidagi Induar shahri eng yirik choy marosimi bo‘yicha yangi rekord o‘rnatdi. Unda 30 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan;

– Germaniyalik Feliks Rotter choy paketlari yorliqlarining eng katta kolleksiyasini to‘pladi. Uning to‘plami besh mingdan ortiq nusxadan iborat.

  1. Choy sog‘liq uchun juda foydali bo‘lib, ko‘plab vitaminlar, nozik ta’m va antioksidantlarni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda deyarli hamma bu haqda biladi. Ammo inson yoshi va sog‘lig‘ining holatini hisobga olib, to‘g‘ri tanlab iste’mol qilingan choygina immunitetni mustahkamlashi va hayotiylik energiyasini tiklashga yordam berishi mumkin.

21 mayda butun dunyo xalqlari Xalqaro choy kunini nishonlaydi. Choy eng keng tarqalgan va mashhur ichimlik bo‘lib, juda samarali chanqoq bosdi hisoblanadi. Ushbu bayram butun oila bilan bir piyola choy ichish va yaqinlaringiz bilan dildan suhbatlashish uchun ajoyib imkoniyatdir.

A.Jumaniyazov

Powered by GSpeech