Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

XITOYNING INNOVATSIYa TEXNOLOGIYaLARI MARKAZIY OSIYo RESURSLARI BILAN UYG‘UNLIKDA ENERGIYa SAMARADORLIGINI OShIRIShI MUMKIN

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 18-19 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi hamda Sian shaxrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” sammiti yakunlari xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy-siyosiy, ekspert va taxlil doiralari vakillari o‘rtasida ham o‘zining katta aks sadosini berdi.

 Muhammad Tolib bin Muhammad Raja Mohan,

 Malayziyadagi Islom hamkorlik tashqtilotining Xalqaro biznes markazi bosh ijrochi direktori:

- O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining bugungi holati yuqori darajadagi ishonch va bir-birini o‘zaro tushunish bilan ajralib turadi. Oliy darajadagi muzokaralar, imzolangan Qo‘shma bayonot hamda  2023-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturi bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

O‘zbekiston va Xitoyning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalari o‘rta muddatli istiqbolda muqobil energetikani rivojlantirish, jumladan, quyosh, shamol va gidroelektrostansiyalar qurish, fotoelektr panellari, elektr jihozlar, transformatorlar, batareyalar ishlab chiqarishda katta imkoniyatlarga ega.

Tashrif arafasida bo‘lib o‘tgan biznes forumi yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 25 milliard dollar hajmidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar tomonlarning o‘zaro hamkorlikning yanada yangi ufqlarini kashf etishga sodiqligini yana bir bor namoyish etmoqda.

Shu o‘rinda O‘zbekiston va Xitoy mintaqalari o‘rtasidagi hamkorlikning yanada rivojlanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidlashni istar edim. Sirdaryo viloyatini “Ilg‘or innovatsiyalar hududi”ga aylantirish rejalari alohida qiziqish uyg‘otmoqda.

Albatta, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ikki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega. Xususan, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini qurish bo‘yicha amaliy ishlarning tezda boshlanishi, albatta, ikki tomonlama savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik loyihalarini hayotga tadbiq etish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Ushbu tashrif, shubhasiz, O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining barcha qirralari ko‘lamlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

 Alberto Turkstra,

“Diplomatic World” nashrining loyihalar bo‘yicha menejeri:

- “Xitoy - Markaziy Osiyo” sammiti Xitoy Xalq Respublikasi Raisi va Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi birinchi yuzma-yuz sammitdir: bundan avvalgi uchrashuvlar virtual formatda o‘tkazilgan. Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi yaqin va birodarlik munosabatlari mavjudligini tasdiqlaydigan dalil shundan ham iboratki, Qozog‘iston va O‘zbekiston pandemiyadan keyin Si Szinpin tashrif buyurgan birinchi davlatlardir.

Sammit Sian shahrida o‘tkazilayotgani ajablanarli emas. Qadim zamonlarda bu shahar asrlar davomida Xitoyni Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa mamlakatlar bilan bog‘laydigan Ipak yo‘lining boshlang‘ich nuqtasi bo‘lgan.

Shuni ta’kidlash kerakki, Xitoy uzoq vaqtdan beri mintaqa bilan umumiy o‘zaro munosabatlarga emas, balki ikki tomonlama munosabatlarga ustuvor ahamiyat berib kelmoqda. 2000 yillarning boshlarida Yaponiyadan boshlab bir qator mamlakatlar va, avvalambor, AQSh, keyinchalik Yevropa Ittifoqi davlatlari "5+1" formatini ishlab chiqishni boshlagan. Xitoy va Markaziy Osiyo boshqa mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHIChBK) (CICA), «BRIKS plyus» va boshqa mintaqaviy tashkilotlar  doirasida yuqori darajada hamkorlik qilmoqda.

Xitoyni Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan bog‘laydigan temir yo‘li “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusining  hozirgi paytda muhokama qilinayotgan  asosiy loyihalaridan biri hisoblanadi. U ko‘p yillik muhokamalardan so‘ng va nihoyat, 2022 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida qabul qilindi. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyo va Xitoy o‘rtasida tovarlarni yetkazib berish muddatini qisqartiradi, shuningdek, Yevrosiyoni bog‘lash va xavfsiz hamda uzluksiz yo‘lakni ta’minlash nuqtai nazaridan katta ahamiyat kasb etadi.

 Yenzo Padovan,

Sen-Jermen Siyosiy fanlar oliy maktabi (Fransiya) tadqiqotchisi:

- Ushbu sammit Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun qulay zamin yaratadi.

O‘zbekiston mintaqadagi jadal rivojlanayotgan mamlakatlardan biri bo‘lib, bugungi kunda dunyoning barcha mamlakatlari, jumladan, Xitoy Xalq Respublikasi bilan ham o‘zaro aloqalarni faol rivojlantirmoqda.

Shuni ham ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi. Xususan, mamlakatlar o‘rtasida tovar ayirboshlash darajasi ancha yuqori, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalardagi aloqalar tobora mustahkamlanmoqda.

Shuningdek, ikki mamlakat BMT, ShHT, «BRIKS plyus» formatidagi Global rivojlanish bo‘yicha oliy darajadagi muloqot, «Bir kamar, bir yo‘l tashabbusi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini o‘zaro qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Mamlakatlar xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari, global xavfsizlik va taraqqiyotni ta’minlash masalalari bo‘yicha umumiy nuqtai nazar va yondoshuvlarga ega.

Ta’kidlash joizki, Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda sanoat, kimyo sanoati, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda yuqori texnologiyaga asoslangan loyihalar muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etilmoqda.

«Yashil» iqtisodiyot, raqamlashtirish hamda iqtisodiyotning yangi tarmoqlari va innovatsiya jabhasi singari qator sohalarda  O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi uchun katta imkoniyatlar mavjud.

Shu nuqtai nazardan «Markaziy Osiyo-Xitoy» formati O‘zbekiston va Xitoyning o‘zaro manfaatli strategik sheriklik aloqalarining davomi bo‘lib, O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan o‘zaro munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

  Su Yuxang,

 O‘monning «Oman-China Investments» kompaniyasi ijrochi direktori:

- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Xitoyga davlat tashrifi va XXR Raisi Si Szinpin bilan uchrashuvi ikki do‘st davlat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Shu  o‘rinda ta’kidlash  kerakki, O‘zbekiston  va  Xitoy  o‘rtasidagi tarixiy  mushtaraklik  qadimiy Buyuk ipak yo‘li asos solinganidan beri  davom etib  kelmoqda.

So‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlari konstruktiv siyosiy muloqotni mustahkamlash va har ikki tomonning tub manfaatlariga daxldor asosiy masalalar bo‘yicha o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga sodiq ekanliklarini ko‘rsatdilar.

Erishilgan kelishuvlarni hayotga izchil tatbiq etish, turli darajadagi faol ishbilarmonlik aloqalari hozirgi bosqichda mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgan O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining jadal rivojlanishida ijobiy natijalar bermoqda.

Shu nuqtai nazardan, savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirish, birinchi navbatda, zamonaviy sanoat ob’ektlari, sarmoyaviy va yuqori texnologiyali korxonalarni barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini alohida ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish uchun keng ko‘lamli sohalarni qamrab olgan barqaror mintaqaviy integratsiya zarur. Shu nuqtai nazardan, hamkorlikning yangi formati – «Xitoy – Markaziy Osiyo» birinchi ko‘p tomonlama uchrashuvi mintaqadagi hamkorlikni har tomonlama mustahkamlashga qo‘shimcha turtki berishi shubhasiz.

«Dunyo» AA

 

Powered by GSpeech