22 iyun kuni Namangan viloyatida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi boshlandi. Mashg‘ulotlar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Ichki ishlar vazirligi hamkorligida tashkil etildi.
Mashg‘ulotlar avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov onlayn videomurojaat yo‘llab, o‘quv kursidan ko‘zlangan ustuvor maqsad va vazifalariga to‘xtaldi.
O‘quv kursi dasturi doirasida bir qator dolzarb mavzularda ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Bu o‘rinda, xususan, “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar”, “Migrantlar va apatridlarga nisbatan qiynoqqa qarshi kurashishning xorij tajribasi”, “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati”, “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati”, “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga oid Fakultativ protokol”, Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot”, “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari” mavzularidagi mashg‘ulotlar haqida so‘z bormoqda.
O‘quv kursida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Davlat va huquq instituti, Ichki ishlar vazirligining Akademiyasi va Malaka oshirish instituti rahbariyati hamda professor-o‘qituvchilari o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlarda Namangan viloyati prokuraturasidan 10 nafar va ichki ishlar tizimidan 50 nafar xodim tinglovchi sifatida qatnashmoqda.
Mashg‘ulotlar 23 iyun kuni yakuniga yetadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.06.2023
- Ko'rishlar: 3856
- Chop etish