Buxoroda boshlangan jazoni ijro etish muassasalari vakillari ishtirokidagi treningda shu haqda so‘z bordi
22 iyun kuni Buxoro shahrida ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar bo‘yicha uch kunlik trening o‘z ishini boshladi. Unda Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tmonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti va YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlar va boshqa g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazo turlari, shuningdek, shafqatsiz zo‘ravonliklarning oldini olish sohasidagi xalqaro standartlar bilan tanishtirildi. Shuningdek, qiynoqlar to‘g‘risidagi arizalarni hujjatlashtirish jarayonida tibbiyot xodimlariga yuklatilgan burch va mas’uliyat haqida attoflicha tushuncha berildi.
Milliy ekspertlar tomonidan O‘zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasidagi xalqaro majburiyatlarning amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga oid ma’ruzalar taqdim etildi. Bunda, jumladan, ozodlikdan mahrum qilish joylarida qiynoqlarning oldini olish uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish zarurligiga alohida urg‘u berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ta’kidlaganidek, “Qo‘pol muomala va qiynoqlarni taqiqlash – inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarga ham, butun dunyoning milliy qonunchiligiga ham kiritilgan umume’tirof etilgan asosiy huquqdir. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahririda qiynoq va shafqatsiz munosabatni har qanday sharoitda va istisnolarsiz qo‘llash taqiqlangan”.
O‘z navbatida, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari bo‘yicha katta maslahatchisi Nadiya Yaklaf-Lalleman: “EXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi kelajakda ham O‘zbekistonda qiynoqlarga qarshi Milliy preventiv mexanizmni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga, Qiynoqlarga qarshi konvensiyaning Fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish hamda inson huquqlariga rioya etilishi va qiynoqlarga qarshi kurashish jarayonlari yuzasidan monitoring yuritish, shuningdek, Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish ishlarida ko‘maklashishga tayyor”, deb ma’lum qildi.
Trening doirasida ishtirokchilar guruhlarga bo‘linib, amaliy mashg‘ulotlar olib boradi. Bu jarayonda Nelson Mandela qoidalariga asoslangan ilmiy-amaliy tadqiqotlar, mahkumlarning ijtimoiy zaif toifalarini himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish choralari kabi muhim masalalar har tomonlama muhokama qilinadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 22.06.2023
- Ko'rishlar: 3744
- Chop etish