Mamlakatimizda har yili 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni hamda 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni keng ko‘lamda nishonlanishi bejiz emas. Chunki O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki davridayoq qo‘shilgan muhim xalqaro-huquqiy hujjat – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham, yaqinda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham so‘z, axborot va matbuot erkinligi qat’iy kafolatlab qo‘yilgan.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist G‘ulom Mirzo “Adolatning tamal toshi” nomli maqolasida shu mavzuda fikr yuritgan. Maqola “Kuch – adolatda” gazetasining 2023 yil 23 iyun sonida e’lon qilindi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga ko‘ra, “Har bir inson e’tiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z e’tiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”.
Vindxuk deklaratsiyasining 1-bandida qayd etilishicha, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasiga muvofiq mustaqil, plyuralistik va erkin matbuotni ta’sis etish, qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirish millat demokratiyasini va iqtisodiy taraqqiyotini rivojlantirish hamda rag‘batlantirishda alohida ahamiyat kasb etadi”.
Davlatimiz va jamiyatimizning bu boradagi yondashuvi ham aynan shunday: so‘z, axborot va matbuot erkinligi – O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishidir. O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi”.
Maqolada Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalari bilan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33, 69, 81 va 82-moddalarida mustahkamlangan so‘z, axborot va matbuot erkinligini ta’minlashga oid normalar o‘rtasidagi o‘zaro uyg‘unlik atroflicha tahlil etilgan. Muallif, shuningdek, mazkur Deklaratsiyaning 75 yilligi tantanalari nechog‘lik muhim ahamiyatga egaligi haqida to‘xtalgan.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yil 5 may kuni “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Mazkur Farmonning qabul qilinishidan ko‘zlangan maqsad:
birinchidan, BMT Bosh kotibining «Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat» tashabbusini qo‘llab-quvvatlash;
ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini izchil va qat’iy bajarishni davom ettirish;
uchinchidan, fuqarolarning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi tamoyillari va normalari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirish;
to‘rtinchidan, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy, qonunchilikka oid chora-tadbirlar tizimini yanada takomillashtirishdir.
Farmonga muvofiq, “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi” tasdiqlandi. Dastur 30 ta banddan iborat bo‘lib, hozirgi kunda ushbu bandlarda belgilangan chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 23.06.2023
- Ko'rishlar: 3739
- Chop etish