23 iyun kuni Jeneva shahrida “Amalga oshirish, hisobot berish va kuzatish milliy mexanizmlari” mavzusida amaliy seminar bo‘ldi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining o‘rinbosari D.Muratova onlayn ishtirok etdi.
Seminarda Italiya, Portugaliya, Meksika, Tailand, Moldova, Keniya kabi davlatlarning inson huquqlari sohasidagi milliy institutlari vakillari, BMTning mustaqil ekspertlari, xalqaro va mintaqaviy mutaxassislar, fuqarolik jamiyati faollari qatnashdi.
Tadbir avvalida aksariyat davlatlarda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish sohasida amalga oshirish, hisobot berish va kuzatish milliy mexanizmlarining joriy etilishi muhim ekani ta’kidlandi. Mazkur milliy mexanizmlar – inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy mexanizmlar, jumladan, BMTning shartnomaviy organlari, Universal davriy hisobot va maxsus tartib-taomillar uchun hisobotlarni tayyorlash hamda muvofiqlashtirish vakolatiga ega hukumat tuzilmalari hisoblanadi.
Seminarda ushbu mexanizmlarning milliy huquqiy asoslari, ularni moliyalashtirish manbalari va vakolat doirasi xususida atroflicha so‘z bordi. Ishtirokchilar amalga oshirish, hisobot berish va kuzatish milliy mexanizmlari hamda parlament, sud va davlat hokimiyatining boshqa organlari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari bo‘yicha o‘z mamlakatlarida mavjud amaliyot to‘g‘risida qisqacha ma’lumot berdilar.
Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari D.Muratova Milliy markazning amalga oshirish, hisobot berish va kuzatish milliy mexanizmi sifatida O‘zbekiston parlamenti bilan o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari haqida to‘xtaldi.
O‘zbekistonda, inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga muvofiq, BMTning ustav va shartnomaviy organlariga milliy ma’ruzalarni tayyorlash va taqdim etish, mazkur xalqaro organlar tavsiyalarini bajarish yuzasidan milliy harakatlar rejalarini ishlab chiqish, inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish kabi yo‘nalishlarda muntazam hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
O‘zbekiston vakili seminar mavzusi doirasida bir necha takliflarni ham ilgari surdi. Jumladan, ko‘plab davlatlarda amalga oshirish, hisobot berish va kuzatish milliy mexanizmlarining joriy etilishini muvofiqlashtirib borish nuqtai nazaridan, ayni yo‘nalishda Global assotsiatsiya tuzish alohida ahamiyat kasb etishiga e’tibor qaratildi.
Bir kunlik amaliy anjuman yakunida ishtirokchilar muhokama qilingan milliy mexanizmlarning mohiyati va ahamiyati yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublkasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 26.06.2023
- Ko'rishlar: 3591
- Chop etish