26 IYUN – QIYNOQLAR QURBONLARINI QO‘LLAB-QUVVATLASH XALQARO KUNI

Qiynoqlar insoniyatga qarshi jinoyatdir. Ushbu sohada qabul qilingan barcha hujjatlar qiynoqlarni qo‘llashni qat’iyan taqiqlaydi va qiynoqlarning har qanday ko‘rinishini oqlashni rad etadi.

Qiynoqlar inson shaxsiyatini sindirish va insonning o‘ziga xos qadr-qimmatini buzish uchun qo‘llanadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti har doim qiynoqlarni ba’zi odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy harakatlardan biri sifatida qoralab keladi.

Qiynoqlar xalqaro huquq tamoyillariga ko‘ra og‘ir jinoyat hisoblanadi. Tegishli barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan man etilgan va uni hech qanday sharoitda oqlab bo‘lmaydi. Ushbu taqiq xalqaro huquqning unsuri hisoblanib, davlatlar qiynoqlarni qo‘llashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlovchi xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilgan yoki qilmaganidan qat’i nazar, xalqaro hamjamiyatning barcha a’zolari uchun majburiydir.

Qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni 1987 yil 26 iyunda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi kuchga kirgan sana sharafiga nishonlanadi. Bugungi kunga qadar 173 davlat mazkur Konvensiyaga a’zodir.

1997 yilda Iqtisodiy va ijtimoiy kengashning tavsiyasiga binoan BMT Bosh Assambleyasi 26 iyunni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qildi. Ushbu xalqaro sana har yili qiynoqlarga barham berish va 1987 yil 26 iyunda kuchga kirgan BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyaning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida nishonlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori aynan Qiynoqlar qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kunida qabul qilingan. Bu, o‘z navbatida, davlatimiz va jamiyatimiz uchun ushbu kunning tarixiy ahamiyatini milliy va xalqaro darajada yanada oshirdi.

Hujjatning maqsadi, BMT ustav organlari va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqlarning oldini olishning milliy preventiv mexanizmini takomillashtirishdan iboratdir. Prezidentimiz qarorida ko‘zda tutilgan islohotlarning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilayotgani, shubhasiz, jahon hamjamiyatida mamlakatimizda bu boradagi islohotlar haqida ijobiy fikr shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, insonni qiynashdan maqsad uning shaxsi va sha’nini, vijdoni va qadriyatini kamsitishdir. Shu bois Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham, O‘zbekiston Respublikasi ham doimiy ravishda qiynoqlardan foydalanishni muayyan shaxslar tomonidan boshqa shaxslarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy jinoyat sifatida tavsiflab keladi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar insoniyatga qarshi jinoyat hisoblanadi. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan man etilgan, qiynoqlar hech qaerda va hech qachon oqlanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas.

Jinoyat kodeksining 235-moddasida qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalalar tushunchasiga berilgan ta’rif BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi talablariga to‘liq mos keladi.

Hukumat inson huquqlarini amalga oshirish uchun qonunchilik, ma’muriy, institutsional, ta’lim, monitoring, iqtisodiy va boshqa barcha choralarni ko‘rmoqda.

Xalqaro tashkilotlar tavsiyalarini amalga oshirish, shuningdek, sud-huquq sohasida demokratik islohotlarni chuqurlashtirish maqsadida keyingi yillarda qonun ustuvorligi, qonuniylik, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jinoyat, jinoyat-protsessual va ma’muriy qonunchilikni liberallashtirish, sudgacha bo‘lgan ish yuritish bosqichida sud nazoratini kuchaytirishga qaratilgan ko‘plab qonunlar qabul qilindi. Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi va boshqa bir qator qonunlarga qo‘shimchalar kiritildi.

O‘zbekiston hukumati, vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan qabul qilingan qonunlar doirasida inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash, himoya qilish, qiynoqlarga qarshi kurashish borasida tizimli va izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Inson huquq va erkinliklari, jumladan, xalqaro majburiyatlarimizning bajarilishini tashkil etish tizimini takomillashtirish, jumladan, qiynoqlarning oldini olish sohasida izchil va bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining 1995 yil 31 avgustda BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga qo‘shilishi davlatning inson huquq va erkinliklarining umume’tirof etilgan qadriyatlariga intilishini tasdiqladi. Qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlariga rioya etilishi bo‘yicha qator xalqaro standartlarning e’tirof etilishi mamlakatimiz penitensiar tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalarini dolzarblashtirdi.

Milliy qonunchilikka BMT Bosh Assambleyasining 2015 yil 17 dekabrdagi rezolyusiyasi bilan qabul qilingan “Mahbuslar bilan muomala qilishning minimal standart qoidalari” (Nelson Mandela qoidalari) implementatsiya qilindi.

2020 yil 29 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida tezkor-qidiruv faoliyati, tergov organlarida qiynoqlarning oldini olish va jazoni ijro etish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlandi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qiynoqlar va boshqa shafqatsiz muomalalarga qarshi kurashishga qat’iy sodiqlik bildirildi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Qiynoqlar oldini olishning milliy preventiv mexanizmini amalga oshirish doirasida biz bundan buyon ham uning barcha ko‘rinishlariga, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaga qat’iy barham berishni davom ettiramiz. Bunday jinoyatlar uchun da’vo muddati bo‘lmaydi”.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonidan o‘quv jarayonining metodologiyasi va usullarini takomillashtirish, aholining turli qatlamlarini qamrab olish nuqtai nazaridan faollashtirish bo‘yicha muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi”ga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi hamkorligida “Qiynoqlarga qarshi kurash: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida o‘quv kurslari muntazam asosda o‘tkazilmoqda.

BMTning butunjahon kampaniyasi doirasida inson huquqlari sohasida keng ko‘lamli axborot-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMT Taraqqiyot dasturi, YuNISEF, YuNESKO, XMT, YeXHT va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hujjatlar, jumladan, BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasi davlat tiliga tarjima qilinib, ko‘p nusxada chop etildi.

Qiynoqlarga qarshi kurash mavzusi O‘zbekistonda chop etilayotgan ko‘plab yuridik, iqtisodiy, pedagogik jurnal va gazetalarda yoritilmoqda. Jumladan, “Demokratiklashtirish va inson huquqlari”, “Ijtimoiy fikr va inson huquqlari”, “Qalqon”, “Huquq va burch” kabi  jurnallar uchun bu masala ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.

O‘zbekiston Qiynoqlarga qarshi konvensiya bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarini izchil bajaradi va BMTning barcha inson huquqlariga oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.

 

Oybek Ahmadov,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi mas’ul xodimi

Powered by GSpeech