Inson huquqlari sohasida qonun ustuvorligi: Skope shahrida ushbu mavzu muhokama qilindi

19-23 iyun kunlari Shimoliy Makedoniyaning Skope shahrida Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar akademiyasining Inson huquqlari sohasida konun usturovligi mavzusida seminar treningi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Yevropa tarmog‘i  bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar akademiyasi – YeXHT mintaqasidagi inson huquqlari milliy institutlaridan tanlangan ishtirokchilarni birlashtiruvchi hamda inson huquqlari masalalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashish imkonini beruvchi YeXHT DIIHB va Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Yevropa tarmog‘i tomonidan har yili o‘tkaziladigan o‘quv seminari hisoblanadi.

Tadbirning maqsadi – qonun ustuvorligi masalalarini hal etishda inson huquqlari bo‘yicha milliy instututlar xodimlari salohiyatini oshirishdan iborat.

Seminarda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar 2023 yilgi faoliyatida duch keladigan muayyan muammolarni qanday hal qilish va inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha o‘z rolini yanada samarali bajarishi bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shu negizda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar akademiyasi doirasida YeXHT mintaqasidagi inson huquqlari bo‘yicha milliy instututlar yuqori va o‘rta bo‘g‘in xodimlarining ko‘nikmalari oshirildi.

Akademiyaning bir haftalik dasturi davomida qonun ustuvorligiga qaratilgan interfaol sessiyalar o‘tkazildi. Shuningdek, Makedoniya Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga tanishuv tashrifi amalga oshirildi.

Treninglarda milliy kontekstda qonun ustuvorligi muammolarini hal qilishda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar mandatiga alohida e’tibor qaratildi. Bir hafta davom etgan ushbu kurs ishtirokchilarning asosiy qonun ustuvorligi muammolari, ularning inson huquqlari va demokratiya bilan bog‘liqligi haqida xabardorligini oshirdi va ishtirokchilarga ushbu muammolarni hal qilish uchun vositalar to‘plamini taqdim etdi.

Seminar-treningda yoritilgan boshqa mavzular ham inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar mustaqilligi, shu jumladan Parij tamoyillari, gender tamoyillarini joriy etish bilan bog‘liq bo‘ldi. DIIHB va boshqa muassasalar mutaxassislari Akademiyaning har bir sessiyasi mazmuni o‘rinli va ishtirokchilar ehtiyojlariga mos kelishini ta’minladi.

Bundan tashqari, Akademiya tinglovchilar o‘rtasida yaxshi tajriba almashish uchun ochiq muhit yaratdi. Seminar-trening mashg‘ulotlarini:

  • YeXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakilining bosh maslahatchisi, Gollandiya huquqi, xalqaro huquq va jurnalistika bo‘yicha ilmiy darajalarga ega Antonius Van den Brandt;
  • Slovakiyalik huquqshunos va 30 yillik tajribaga ega qonun ustuvorligi bo‘yicha ekspert, Slovakiyadagi birinchi jamoat manfaatlarini himoya qiluvchi nodavlat tashkiloti Via Iurisga asos solgan va inson huquqlari va atrof-muhitga oid ko‘plab ishlarni sudga bergan Pavol Zilinik;
  • Yevropa bo‘ylab ommaviy axborot vositalari xodimlarini qo‘llab-quvvatlovchi ECPMFning huquqiy yordam dasturi boshqaruvchisi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan so‘z erkinligini himoya qilish uchun qonunchilikni takomillashtirish sohasidagi mutaxassis Flutura Kusari;
  • o‘n sakkiz yildan ortiq tajribaga ega huquqshunos va inson huquqlari bo‘yicha mutaxassis Kersti Makkort;
  • Milliy inson huquqlari institutlarining Yevropa tarmog‘i kotibiyatida 2021 yil sentabr oyidan buyon faoliyat yurituvchi, asosiy e’tiborni qonun ustuvorligi, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasi va Yevropa Ittifoqining Asosiy huquqlar Xartiyasini amalga oshirishga mas’ul mutaxassis Paula Novek olib bordi.

Seminar-treningda 25 ta davlatning inson huquqlari bo‘yicha institutlari vakilllari ishtirok etdi. Mazkur tadbirga O‘zbekistondan ham vakil – Milliy markaz mas’ul xodimi taklif qilingani mamlakatimizda inson huquqlari, inson qadri tobora yuksalib borayotganidan dalolatdir.

Bunday xalqaro ko‘lamdagi o‘quv tadbirlarida qatnashish bizga qonun ustuvorligini ta’minlash sohasida xorijiy mamlakatlarning eng ilg‘or tajribalarini joriy qilish hamda xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish imkonini beradi.

 

Husniddin XOLMAMATOV,

 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi

Inson huquqlari sohasidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech