Milliy ma’ruza tayyorlashga oid seminar-trening bo‘lib o‘tdi

28 iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini amalga oshirish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining milliy ma’ruzasini tayyorlash” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Tadbir Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminar-trening maqsadi – BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini bajarish bo‘yicha statistik va tahliliy ma’lumotlarni yig‘ish yuzasidan davlat tashkilotlari xodimlariga bilim va ko‘nikmalar berish hamda mazkur Konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi milliy ma’ruzasi loyihasini muhokama qilishdan iborat.

Ma’lumki, O‘zbekiston 2021 yil 7 iyunda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Konvensiya qoidalariga muvofiq, unda ishtirok etuvchi a’zo davlatlar mazkur Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan so‘ng 2 yil ichida dastlabki milliy ma’ruzani topshirishi lozim.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha O‘zbekistonning birinchi milliy ma’ruzasi loyihasi tayyorlandi. Ushbu ma’ruzani 2023 yil 28 iyulda BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga taqdim etish rejalashtirilgan.

Seminar-trening mashg‘ulotlarini Jahon bankining nogironligi bo‘lgan shaxslar qonunchiligi bo‘yicha katta eksperti Janet Lord, ijtimoiy rivojlanish masalalari bo‘yicha katta mutaxassis Odri Saks hamda Jahon banki maslahatchilari Dilmurod Yusupov va Adam Auerbax olib bordi. Tadbir davomida xalqaro ekspertlar Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish bo‘yicha milliy ma’ruzalarga qo‘yiladigan talablar hamda milliy ma’ruzalar tayyorlash bo‘yicha qo‘llanmalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdilar.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolari bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarining monitoring va ilg‘or tajribalar bilan bog‘liq roli, ishtirokchi-davlat hisobotining mazmuni va BMT Qo‘mitasi ko‘rsatmalari, hisobot beruvchi davlatlar uchun yakuniy tavsiyalarni ko‘rib chiqish amaliyoti, iqlim o‘zgarishi va O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni qamrab olish holati kabi mavzular atroflicha muhokama qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech