Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi dasturining ikkinchi mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2023 yil 26-27 iyun kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi” qo‘shma dasturi Mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasi ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Dasturning ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar va kutilayotgan natijalar muhokama qilinib, hamkorlikda tashkil etiladigan tadbirlar belgilab olindi.

Yig‘ilishda Markaziy Osiyo mamlakatlari – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmanistonning davlat organlari va tashkilotlari vakillari, jumladan, Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud, tegishli vazirliklar, Ombudsman va inson huquqlari bo‘yicha boshqa milliy institutlar, huquqni muhofaza qiluvchi, korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organlar, huquqshunos kadrlarni tayyorlash bo‘yicha milliy muassasalardan jami 60 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Tadbirning ochilishida Yevropa Ittifoqining Qozog‘iston Respublikasidagi elchisi Kestutis Yankauskas, Yevropa Kengashining Dasturlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha direktori Klaus Noykirx, Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalarining rahbarlari so‘zga chiqdi. Dastur doirasida 2022 yilda Yevropa Kengashining inson huquqlari, qonun ustuvorligi va demokratiya sohalaridagi tajriba va vositalaridan foydalangan holda 56 ta ikki tomonlama va 7 ta mintaqaviy tadbir muvaffaqiyatli tashkil etilganligi ta’kidlandi.

Jumladan, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilik va huquqiy amaliyotni takomillashtirish, moslashtirilgan o‘quv materiallarini ishlab chiqish, huquqshunoslar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining salohiyatini oshirish, xabardorlikni oshirish, tajriba almashinish bo‘yicha turli forum, konferensiya va seminarlar o‘tkazildi. Bunday  hamkorlikdagi tadbirlar kelajakda izchil davom ettirilishi muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, Dastur 2024 yilning iyuniga qadar uzaytirilganligi e’lon qilindi. Istiqbolda Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikda mintaqada inson huquqlari, qonun ustuvorligi va demokratik boshqaruvni ilgari surish yo‘lidagi faoliyatni davom ettiradi.

Tadbirda “Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi” dasturi ijrosi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi. Takliflar asosan:

  • Markaziy Osiyoda yagona huquqiy makonni izchil yaratish bo‘yicha ishlarni kengaytirish va Yevropa Kengashining eng dolzarb konvensiyalarini Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ilgari surish;
  • yuridik soha mutaxassislari uchun Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa ta’lim dasturi (HELP) tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv vositalarining amaliyotchi huquqshunoslar – sudyalar, prokurorlar, advokatlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillarini tayyorlash va malakasini oshirish tizimiga inson huquqlari standartlarini samarali joriy etish bo‘yicha tadbirlarni kengaytirish;
  • korrupsiya va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda terrorizmni moliyalashtirishning oldini olish va ularga qarshi kurashish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirish;
  • konstitutsiyaviy islohotlar va qonun ustuvorligi tamoyillariga muvofiq sud mustaqilligi kabi masalalarni Venesiya komissiyasi ko‘magida ilgari surish yo‘nalishlarini qamraydi.

Ishtirokchilar e’tibor qaratganlaridek, Yevropa Kengashi 2022 yil 5–6 dekabr kunlari inson huquqlari bo‘yicha ta’limning xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada rivojlanishi yo‘nalishlarini muhokama qilish maqsadida Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumini tashkil etishda xalqaro hamkor sifatida faol ishtirok etdi. Florum natijalari O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturining qabul qilinishida hisobga olingan. O‘tgan qisqa davrda Milliy ta’lim dasturi va Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa ta’lim dasturi (HELP) doirasida qator seminar-trening va o‘quvlar amalga oshirildi.

Yig‘ilishda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakili ishtirok etdi. Mamlakatimiz vakili tomonidan 2023 yilda sudyalar, advokatlar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun qiynoqlarga qarshi kurashish, gender tenglik, oiladagi zo‘ravonlikka barham berish, bolaning eng yaxshi manfaatlariga qaratilgan odil sudlov, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan o‘quvlar, seminar-treninglarni tashkil qilish ishlarini kengaytirish taklif qilindi.

Ma’lumot uchun: Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi dasturi (2020-2024) qo‘shma mintaqaviy dastur bo‘lib, Yevropa Ittifoqi va Yevropa Kengashi tomonidan moliyalashtiriladi hamda Yevropa Kengashi tomonidan amalga oshiriladi. Dastur islohotlar jarayonlariga ko‘maklashish orqali Markaziy Osiyo mamlakatlarida Yevropa andozalari va boshqa xalqaro standartlarga muvofiq inson huquqlari, qonun ustuvorligi va demokratiyani mustahkamlashga qaratilgan.

Dastur quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:

(1) Yevropa va Markaziy Osiyo o‘rtasida umumiy huquqiy makonni yaratishga ko‘maklashish va inson huquqlari himoyasini kuchaytirish;

(2) Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi shaffoflikni ta’minlash va kurashishga ko‘maklashish;

(3) davlat muassasalari va davlat boshqaruvi organlarining samarali faoliyatiga ko‘maklashish.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

 

Powered by GSpeech