PARLAMENTLARARO HAMKORLIK
Sayyoramizda demokratiya, taraqqiyot va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan
30 iyun – Xalqaro parlamentarizm kuni. Ushbu xalqaro sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2018 yilda ta’sis etilgan. Dunyo parlamentlarining inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barqaror taraqqiyot, tinchlik va farovonlikni ta’minlashdagi rolini e’tirof etish uchun aynan shu kun tanlangani bejiz emas.
Chunki 1889 yil 30 iyunda global parlament muloqoti va hamkorligining kashshofiga aylangan nufuzli va “eng yoshi ulug‘” xalqaro tashkilot – Parlamentlararo Ittifoq tashkil topgan. Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoqqa 179 ta davlatning milliy parlamentlari va 14 ta parlamentlararo mintaqaviy tashkilot a’zo hisoblanadi.
Hozirgi davrda har bir mamlakatda davlat hokimiyatining muayyan shakllardagi vakillik organlari mavjud. Parlamentlar – jamiyatning davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish imkoniyatini beruvchi asosiy vakillik hokimiyati organlaridir. Ular qonun ustuvorligi, tenglik, adolat va inson huquqlari hurmat qilinishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Ayni vaqtda dunyoning 27 mamlakatida milliy parlament kuni ham nishonlanadi. Ammo, parlamentarizm milliy voqelik darajasidan chiqib, transchegaraviy xususiyat kasb etganiga ancha vaqt bo‘ldi. Binobarin, bundan besh yil ilgari BMT tomonidan Xalqaro parlamentarizm kunini ta’sis etish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingani bugungi dunyoda parlamentlarning roli tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Bu xalqaro sana – sayyoramizda demokratiya, taraqqiyot va barqarorlikni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilishda parlamentlarning ahamiyatini ta’kidlash uchun qulay imkoniyatdir.
Bu xalqaro sana – yer yuzida parlamentarizmni mustahkamlash va uning ijtimoiy adolat va barqaror rivojlanish borasidagi samaradorligini oshirish uchun qat’iy sa’y-harakatlar zarurligiga butun insoniyat e’tiborini qaratish uchun juda muhim fursat.
Joriy yilda Parlamentlararo Ittifoq tashkil etilganiga 134 yil to‘ldi. Bu shunchaki sana emas, balki demokratiya, qonun ustuvorligi, tinchlik va farovonlik yo‘lida bosib o‘tilgan ulkan bir davrning raqamlardagi muxtasar ifodasidir.
Parlamentlararo Ittifoqni yaratishga bel bog‘lar ekan, uning asoschilari Uilyam Rendal Kremer va Frederik Passi davlatlararo muloqot hamda o‘zaro hamkorlik negizida tinch-totuv yashayotgan dunyoni tasavvur qilganlar. Eng muhimi, ular o‘zaro muloqotning kuch-qudrati va demokratiyaning zarurligiga ishonganlar. Oradan 134 yil o‘tib, Parlamentlararo Ittifoq a’zolari mazkur tashkilot asoschilari yoqqan ezgulik mash’alasini baland ko‘tarib, demokratiya, muloqot va taraqqiyot yo‘lidan dadil odimlamoqda.
O‘tgan davr Parlamentlararo Ittifoq davlatlar o‘rtasidagi tafovutlarni bartaraf etish, o‘zaro muloqot va hamkorlik uchun qulay maydon yaratish va butun dunyoda demokratik boshqaruvni rivojlantirish borasida tubdan yangi qadam, muhim kashfiyot bo‘lganini amalda namoyon etish pallasi bo‘ldi. Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoq tinchlik, demokratiya va barqaror taraqqiyot borasida dunyo mamlakatlariga ko‘maklashishdek ezgu amalni sobitlik bilan davom ettirmoqda.
Parlamentlararo Ittifoqning “Demokratiya uchun. Hamma uchun” degan shiori zamirida uning demokratik institutlarni qo‘llab-quvvatlash va inson huquqlarini himoya qilish matlabiga bo‘lgan qat’iy sadoqati mujassamdir. Bu shiorning xalq ongu shuuriga tez singishi va teran aks-sado berishi bejiz emas, chunki u barchamizni birlashtirib turguvchi orzu-umidlar va xayrli intilishlarga o‘ziga xos chorlovdir.
Demokratiya shunchaki boshqaruv tizimi emas, bu – erkinlik, tenglik va adolatga sodiqlik, degani. Bu – irqi, dini, jinsi va ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning ovozi eshitiladi, xohish-istaklariga quloq solinadi, degan ishonch va inonchdir.
Parlamentlararo Ittifoq doirasidagi hamkorlik nafaqat dunyo mamlakatlari qonunlari asoslarini o‘zaro boyitishga xizmat qiladi, balki birgalikda dunyoni yaxshi tomonga o‘zgartirishga ham imkon beradi.
Xalqaro parlamentarizm kuni – demokratiya va vakillik hokimiyatining ahamiyatini ta’kidlash uchun g‘oyat muhim sana. Bu kunda har birimiz o‘zimiz yashab turgan jamiyat asos solgan qadriyatu tamoyillarni hurmat qilish va himoya etishga xizmat qilayotgan milliy parlament institutlarini muttasil mustahkamlash va rivojlantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratamiz.
Xalqaro parlamentarizm kuni – parlamentlarning demokratiya va fuqarolar erkinliklarini ilgari surish, tinchlik va barqaror rivojlanishni global darajada qo‘llab-quvvatlashdagi muhim roliga hurmat bajo keltirish imkoniyatidir.
Joriy yilda ushbu xalqaro sana “Parlamentlar – sayyoramiz uchun” shiori ostida nishonlanmoqda. Binobarin, Parlamentlararo Ittifoq milliy parlamentlarga ekologiyani asrab-avaylash, barqaror rivojlanish madaniyatini joriy etish, Parij bitimini amalga oshirish va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish sohalarida qonunlar qabul qilishni tavsiya etadi.
Bu yo‘ldagi dastlabki qadam sifatida Parlamentlararo Ittifoq milliy parlamentlarda ekologiyaga e’tibor kuchaytirilishini ko‘zda tutadigan 10 ta muhim chora-tadbirni amalda qo‘llashni taklif etmoqda. Bu chora-tadbirlar majmui uch toifadan iborat bo‘lib, parlamentlarni ekologiyalashtirishni tashkillashtirish, parlamentlar ish uslublarini ekologiyalashtirish va barqaror o‘zgarishlar madaniyatini rivojlantirish istiqbollarini ko‘zda tutadi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, BMT Bosh Assambleyasi 2022 yil 14 dekabrda O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilgan rezolyusiyasida Barqaror rivojlanish maqsadlarini ham milliy, ham global miqyosda amalga oshirishda milliy parlamentlarning rolini e’tirof etdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Oliy Majlisi parlamentlararo hamjamiyatning Parlamentlararo Ittifoq, YeXHT Parlament Assambleyasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Yevropa Parlamenti, TurkPA kabi nufuzli organlari bilan samarali hamkorlik qilib kelmoqda.
O‘zbekiston parlamenti Parlamentlararo Ittifoq qarorlari va rasmiy hujjatlarini ishlab chiqish hamda qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Shu asosda tinchlik, xavfsizlik, barqaror taraqqiyot va hamkorlik masalalari bo‘yicha parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Oliy Majlis palatalarining Parlamentlararo Ittifoq faoliyatidagi ishtiroki asosan mazkur tashkilot Assambleyasi doirasida, Ijroiya qo‘mita va doimiy qo‘mitalarga a’zolik, birgalikda xalqaro forum va seminarlar o‘tkazish, shuningdek, tashkilotning asosiy hujjatlarida belgilangan prinsip va mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish orqali amalga oshirilmoqda.
Parlamentlararo Ittifoq tavsiyasi asosida Oliy Majlis palatalari tomonidan muayyan hujjatlarni tasdiqlash amaliyoti joriy etilgani parlamentimiz a’zolari uchun muhim yangilik bo‘ldi. Bu o‘rinda inson huquqlari bo‘yicha milliy ma’ruzalar, inson huquqlarini amalga oshirishni ta’minlash, inson huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy mexanizmlar bilan hamkorlikni rivojlantirishga taalluqli “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlash haqida so‘z bormoqda.
Parlamentlararo Ittifoq bilan o‘zaro hamkorlikda ko‘plab yirik forumlar o‘tkazilganini qayd etish o‘rinlidir. Keng jamoatchilik va ma’naviyat sohasi arboblari ishtirokida, xususan, Toshkentda – parlament spiker ayollarining 14-sammiti, shuningdek, Buxoroda – “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik”, Samarqandda – “Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda parlamentning o‘rni” mavzularida xalqaro anjumanlar tashkil etildi.
Parlamentlararo Ittifoq milliy parlamentimizning ikkita komissiyasi faoliyatiga yuqori baho berdi. Bulardan biri – Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalar ijrosini nazorat qilish bo‘yicha komissiya bo‘lsa, ikkinchisi – Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga rioya etilishini monitoring qilish bo‘yicha komissiyadir.
Eng asosiysi, O‘zbekiston demokratik institutlarni mustahkamlash va qarorlar qabul qilishda fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlashga katta ahamiyat berib, parlamentarizmni rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Yurtimizdagi parlamentarizm taraqqiyoti fuqarolarning huquq va erkinliklarini mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va mamlakatda barqarorlikni qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi tarmog‘ining vakolatlari va majburiyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. O‘zbekiston parlamenti qonun ijodkorligi bilan bir qatorda nazorat-tahlil faoliyati, xususan, parlament eshituvlari, byudjet nazorati, hukumat soati, deputatlik so‘rovlarini tashkil etish, saylovchilar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Xalq tomonidan saylangan hokimiyat organlari – parlament va mahalliy Kengashlarning o‘rni va ahamiyati tubdan o‘zgardi. Parlamentlararo Ittifoq tavsiyalariga muvofiq Oliy Majlis, siyosiy partiyalar vakolatlari kengaytirildi, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hisobot va axborot taqdim qilinishi tartibi joriy etildi.
Shunday qilib, Xalqaro parlamentarizm kuni ta’sis etilgani, shubhasiz, dunyo parlamentlari sayyoramizda tinchlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror taraqqiyotni ta’minlash va inson huquqlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutib kelayotganiga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratishda ulkan ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ushbu xalqaro sana parlamentarizmning asosiy demokratik qadriyat va an’ana maqomidagi ijobiy imijini oshirishga xizmat qiladi.
Akmal SAIDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari
- Qo'shildi: 04.07.2023
- Ko'rishlar: 3858
- Chop etish