4 iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi tomonidan “Milliy qonunchilikni Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga moslashtirish” mavzusida seminar o‘tkazildi. Tadbir BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Seminarda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qiluvchi davlat organlari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, ekspertlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish yo‘nalishlari va istiqbollarini muhokama qildilar.
Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayoti barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha davlat tomonidan tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy asoslari kuchaytirilmoqda.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 57-moddasida “davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalar ob’ektlari va xizmatlaridan to‘laqonli foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi, ularning ishga joylashishiga, ta’lim olishiga ko‘maklashadi, ularga zarur bo‘lgan axborotni to‘sqinliksiz olish imkoniyatini ta’minlaydi” degan norma mustahkamlandi.
Milliy parlament 2020 yilda yangi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, mazkur qonun bilan bir qatorda, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunlar, Mehnat kodeksi, Saylov kodeksi kabi qonun hujjatlari bilan tartibga solinmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash mexanizmini takomillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari ham muhim rol o‘ynamoqda. Jumladan, Prezidentning 2022 yil 25 iyuldagi Farmoni bilan tasdiqlangan aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasida nogironligi bo‘lgan shasxslarni ijtimoiy himoya qilish, nogironlikni belgilashning ijtimoiy modeliga o‘tish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash masalalari o‘z ifodasini topdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2022 yil 17 fevraldagi Farmoni bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi.
O‘zbekiston tomonidan 2021 yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilindi. Joriy yil Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining birlamchi milliy ma’ruzasini topshirish rejalashtirilgan. Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz tomonidan birinchi milliy ma’ruzaning asosiy jihatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shuningdek, 2022 yil 19 dekabr kuni Oliy Majlisi palatalari kengashlari qo‘shma qarori bilan “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi” tasdiqlandi. Milliy harakatlar rejasining birinchi bandida milliy qonunchilik va amaliyotni Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari va tamoyillariga muvofiqlashtirish vazifasi belgilangan.
Tadbirda O‘zbekiston milliy qonunchiligini Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya normalariga to‘la muvofiqlashtirish, qonunlar va idoraviy hujjatlar o‘rtasidagi ixtiloflarni bartaraf etish, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq amaliyotda yuzaga kelayotgan ayrim salbiy holatlarning oldini olish, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar, bolalar huquqlari himoyasini yanada kuchaytirish, inklyuziv ta’limni takomillashtirish masalalari atroflicha tahlil qilindi. Bu borada amaliy yechimlar tavsiya etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 05.07.2023
- Ko'rishlar: 4422
- Chop etish