Ushbu ibora zamirida xalqimizning yuksak ishonchi, mehri, faxr-iftixor tuyg‘ulari mujassam.
Kuni kecha xalqimiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida o‘ziga munosib rahbarni tanlab oldi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev yangi muddatga saylovchilarning 87,05 foiz ovozini oldi. Bu Yurtboshimizning olib borayotgan fidokorona faoliyatiga adolatli baho, ertangi kunga yuksak ishonch ifodasidir.
Prezidentimizning o‘tgan davrdagi faoliyatini, xalqning farovon hayotini ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan islohotlar mohiyatini “Mening Prezidentim!» asarini o‘qib, teran mushohada qilasiz.
Kitob — taniqli siyosatshunos, ko‘p yillardan buyon mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib xizmat qilib kelayotgan millat fidoyilaridan biri, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi raisi Qudratilla Rafiqov qalamiga mansub.
Avvalo, asarning nomi haqida. Qariyb bir yarim asr mobaynida mustamlaka holida yashagan, o‘z milliy davlatchiligidan mahrum etilgan xalq vakili sifatida bugun: “Mening Prezidentim!» deya baralla aytish har bir O‘zbekiston fuqarosi ko‘nglida faxr-iftixor tuyg‘usini jo‘sh urdiradi.
Davlat rahbari faoliyatiga xalq baho beradi. Shu bois kitobda ko‘tarilgan masalalarga muallif xalq nomidan, uning bir vakili sifatida yondashadi. Asarning nomi ham xalq fikrini ifodalaydi.
Kitobdan o‘rin olgan maqolalar, mushohadalar, talqinlar 2017 — 2021 yillar mobaynida yozilgan va o‘z vaqtida matbuotda e’lon qilingan.
“Mard elga qayishadi” maqolasi 2017 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi ta’sirida bitilgan. Unda o‘sha paytda siyosatda yangilik bo‘lgan Murojaatnoma shaklining mazmuni ochib beriladi. Muallif ushbu yil to‘la ma’noda inqilobiy yangilanishlar, insonni e’zozlash, odamlar qalbiga yo‘l topish davri bo‘lganini qayd etadi.
“O‘zbekiston bahori” maqolasida Navro‘z talqinlari fonida O‘zbekiston hayotida ham chinakam bahor boshlangani e’tirof qilinadi. Innovatsiya bugungi siyosatning asosiy tamoyillaridan biri sifatida belgilangani ta’kidlanadi, davlat idoralari xalq bilan bevosita muloqotga kirishgani, endi odamlar banklar eshiklarini emas, banklar fuqarolar eshiklarini qoqa boshlagani, turli darajadagi rahbarlar xalq oldiga kelib, ahvol so‘rashni odat qilgani, klasterlar tizimi joriy etilayotgani va hokazo yangiliklar tahlilga tortiladi va ularning ahamiyati ko‘rsatiladi.
“Yangilanayotgan O‘zbekiston: tarixni kuchlilar yaratadi” tahliliy chiqishida avvalboshdan bir muhim masala ko‘ndalang qo‘yiladi: “...yangilanayotgan O‘zbekiston dinamikasi o‘tmish xatolarini titkilab obro‘ topishni emas, odamlarning bugungi kunini farovon qilishni nazarda tutishi bilan ham ahamiyatlidir”. Muallif Shavkat Mirziyoyevning: “Odamlar ertaga emas, uzoq kelajakda emas, bugun yaxshi yashashi kerak!» degan aqidani hayotiy prinsipga aylantirganini ta’kidlaydi. Lekin bu — aytishgagina oson gap. Uni amalga oshirish uchun esa buni davlat siyosatining mag‘iz-mag‘ziga singdirish talab etiladi. Shunday qilinyapti ham.
“Ilk va so‘nggi so‘zimiz: Vatan!» essesida milliylik masalasi qalamga olingan. Unda milliy g‘oya va mafkura bugun suv bilan havodek zarurligi uqtiriladi. Buning zamirida esa, tabiiyki, vatanparvarlik yotibdi. Chunki bugun eng qudratli deya e’tirof etiladigan AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlar siyosati ham bir milliy g‘oya ustiga qurilgan. Shu ma’noda, muallif bugungi O‘zbekistonning mavqeyi faqat mamlakatimiz taqdiri bilangina bog‘liq masala emasligini o‘rtaga qo‘yadi. Buning uchun XX asrning taniqli siyosatshunosi Zbignev Bjezinskiyning XX asr 80 yillari oxirida mintaqamiz vaziyatiga baho berib aytgan: “O‘zbekistonning mustaqilligi O‘rta Osiyodagi boshqa davlatlarning yashab ketmog‘i uchun juda katta ahamiyatga ega”, degan fikriga tayanadi.
“Markaziy Osiyo: asriy orzular ro‘yobi” maqolasida O‘zbekistonning 2017 —2019 yillarda izolyatsiyadan chiqish siyosatini amalga oshirgani haqida so‘z boradi. Muallif «1991 va 2017 yillar orasida atigi bir kishi oqlangan bo‘lsa, keyingi uch yilda 1 ming 705 nafar inson yangi hukumat siymosida adolat quyoshini ko‘rganday bo‘l”ganini, «2017 yilga qadar o‘tgan 10 yilda yurtimizga 14 million sayyoh kelgan bo‘lsa, keyingi uch yilda ular soni 15 milliondan oshiqni tashkil et”ganini yozadi. Bu ochiqlik siyosati nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqamiz aholisi hayotida, qolaversa, dunyo siyosatida muhim yangilanish yasagani bilan g‘oyatda ahamiyatli ekani ta’kidlanadi.
“Mintaqa bahori”da esa “Prezident Shavkat Mirziyoyevning ezgu tashabbuslari Markaziy Osiyo hayotiga ko‘klam nafasini olib kirdi” degan qayd bilan berilgan. Maqolada davlatimiz rahbari olib borayotgan yangicha siyosat mohiyati atroflicha tahlil qilinadi. Muallif ikki masalani o‘rtaga qo‘ygan. Birinchisi — uzoq yillardan beri behalovat hayot davom etayotgan qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik o‘rnatish, ikkinchisi — mamlakatimizda kambag‘allikni kamaytirish siyosatini izchil amalga oshirish.
Bu ikki masala yuzaki qaragandagina bir-biriga aloqasi yo‘qdek tuyulishi mumkin. Amalda esa ular bir-biriga chambarchas bog‘liq. Muallif: “Shu ikki yo‘nalish, o‘ylaymanki, nafaqat O‘zbekistonning milliy manfaatlarini o‘zida aks ettirishi bilan, balki butun bir mintaqa hayotiga doxilligi bilan ham ajralib turadi. Qolaversa, bu “milliy konsepsiya” O‘zbekistonning tashqi imijiga ham ijobiy ta’sir etadi”, deb yozadi.
Markaziy Osiyo mintaqasi xalqlarini porloq kelajak kutmoqda. Bu — Janub bilan tig‘iz iqtisodiy-ijtimoiy aloqalarni o‘rnatish orqali amalga oshadigan ezgu g‘oya. Chunki, to‘g‘ri ta’kidlanganidek, har qanday davlatning taraqqiy etishi bugun jahon bozoriga qay darajada kirib borishiga bevosita bog‘liq. Bizni Janubda juda katta bozor kutib turibdi. Axir Afg‘oniston, Eron, Pokiston va Hindistonda dunyo aholisining beshdan biri, ya’ni 1,5 milliard kishi istiqomat qiladi. Markaziy Osiyo esa Afg‘onistonni ham qo‘shganimizda 100 million kishilik mintaqa. Shu hududning markazida O‘zbekistonimiz joylashgan. U amalda mintaqadagi qolgan besh davlatning hammasini o‘zaro bog‘laydi. Bu bizga juda katta muvofiqlashtirish imkonini beradi. Biroq ana shu katta bozorga kirib borishimiz uchun Afg‘oniston yillar mobaynida o‘tib bo‘lmas changalzorday bo‘lib yotibdi. Agar shu mamlakatda tinchlik va osoyishtalik o‘rnatilsa, u yerda mo‘’tadil muhit paydo bo‘ladi, barqarorlik yuzaga keladi, zamonaviy taraqqiyot boshlanadi.
Qayd etilganidek: “Prezidentimiz boshlagan tinchlik yo‘li esa mintaqa iqtisodiyoti arteriyasini qirq yillik tiqinlardan tozalab, Markaziy Osiyo tomirlarida xuddi bir paytlardagidek “toza qon” oqishini ta’minlaydi. Bu o‘z ko‘lami hamda natijadorligiga ko‘ra juda ulkan ishdir”.
Muallif, albatta, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy-tijoriy tomonlarini nazarda tutgan. Biroq buning ulkan ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati ham bor. Avvalo, ko‘hna tariximiz Afg‘oniston bilan chambarchas kechgan. Kushon davlatini olamizmi, somoniylar yoki G‘aznaviylar davlatlarini ko‘zda tutamizmi, temuriylar, shayboniylar davlatlarini o‘rganamizmi — barchasida o‘zaro tutash taqdirga duch kelaveramiz.
Xususan, temuriylar davrida Hirotni poytaxt qilgan Xuroson davlatining ravnaqini, uning mintaqa ma’naviy-ma’rifiy hayotida tutgan o‘rnini bir tasavvurimizga keltiraylik. Hirot amalda temuriylar saltanatining Samarqanddan keyingi yirik poytaxti edi. Ehe, bu yerda Xuroson va Movarounnahr xalqlarining qanday-qanday buyuk madaniyatlari shakllandi, ravnaq topdi, olamshumul yodgorliklar bunyod etildi?! Birgina adabiyot olamida Mavlono Lutfiy, Mavlono Abdurahmon Jomiy, Husayniy (Husayn Boyqaro), hazrat Alisher Navoiy, Husayn Voiz Koshifiy, Shayxim Suhayliy, Kamoliddin Binoiy, Atoulloh Husayniy kabi zotlar maydonga chiqdi. Loaqal, buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy merosini puxta-pishiq, har taraflama ilmiy o‘rganish, ularda tilga olingan makon bilan bog‘liq nuqtalarni yoritish uchun ham mutaxassislarimiz Hirot ko‘chalarida qadam-baqadam yurishi, shu muqaddas tuproq changini yutishi, shu ulug‘ ajdodlarimiz qabrlarini ziyorat qilishi... kerak emasmi?!
Maqolada mamlakatimizda kambag‘allikni kamaytirishga qaratilgan yangicha siyosatning alohida urg‘u berib ta’kidlangani ham bejiz emas. Axir, “kambag‘al” so‘zidan shu qadar qo‘rqdikki, go‘yo buni tan olishni uyat bildik, o‘rniga “kam ta’minlangan” degan sun’iy, kitobiy bir atama ham yaratib oldik.
Siyosatshunos hatto Yaqin Sharq mamlakatlaridagi terroristik harakatlarda Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolarining ishtirok etishini ham aynan kambag‘allik omili bilan bog‘laydi. Chunki ishsiz odam arzimagan har qanday chaqa uchun yurtini, e’tiqodini, millatini sotib, yot g‘oya targ‘ibotiga qo‘shiladi, qo‘liga qurol ham oladi. Bu — juda yomon ko‘rgulik. Axir, tayinli ishi, muntazam va kafolatli daromadi bor, shunga bola-chaqasini boqayotgan, orzu-havasini ko‘rib yashayotgan kishini kim ham yo‘ldan ura oladi?!
“Koronavirus tahdidi va birdamlik simfoniyasi. Uni birgalikda ijro etishimiz shart” maqolasi o‘z vaqtida, ya’ni mamlakatimizda “tojdor” virus karantini boshlangan birinchi oyda bitilgan. Unda yuzaga kelgan murakkab vaziyat tahlil etilib, davlatning bu boradagi pozitsiyasi batafsil yoritilgan.
“Ezgulik g‘alabasi va tarixiy adolat”da esa mamlakatimizda 9 mayni nishonlash bilan bog‘liq yangi munosabat mohiyati tushuntirilgan. 2020-yil shu kuni poytaxtimizda g‘alaba bog‘i ochildi. Undan o‘zbekistonliklarning janglardagi ishtirokidan lavhalar, front ortidagi hayot aks etgan kompozitsiyalar o‘rin oldi. “Shon-sharaf” davlat muzeyida shonli tariximiz o‘z ifodasini topdi. “Mirziyoyevning fidoyiligi va vatanparvarligi bilan tarixiy adolat tiklanmoqda. O‘zbek xalqining jasorati qanchalik buyuk ekanini tarix isbotlamoqda”.
“2020 — millatni ulg‘aytirgan yil” maqolasida gap 2020 yilning og‘ir kelganidan boshlanadi: koronavirus pandemiyasi, xalqaro Olimpiada o‘yinlarining qoldirilgani, Buxoroda sodir bo‘lgan shiddatli to‘zon, Sardoba toshqini, So‘x voqealari... Muallif yuragida bor gapni ochiq aytadi: “Prezident Mirziyoyev o‘sha og‘ir damlarda, kulfat va falokat ustimizga yopirilib kelgan damda men bilgan Shavkat Miromonovichdan yuz karra kuchli, matonatli va irodali, xalqi uchun, eli uchun jonini berishga tayyor bir yovqur afsonaviy vatan o‘g‘loniday ko‘z oldimda namoyon bo‘ldi”. So‘ng bu fikrini qator fakt va dalillar bilan isbotlaydi ham.
Muallifning “Assalom, yangi O‘zbekiston! Buyuk tarixiy hodisa — Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida so‘zlagan nutqini tinglab...» tahliliy chiqishi e’tiborga molik. Materialda nutqning mazmuni chuqur tahlil etilishi bilan birga, xalqimiz va davlatimiz tarixida yuz bergan muhim bir yangilik — nufuzli jahon minbarida ona tilimiz yangragani ahamiyati ko‘rsatib beriladi.
“Vatan va millat qayg‘usi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqidan keyingi o‘ylar...” maqolasida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida amalga oshirilayotgan tub burilishlar haqida so‘z boradi. U kichik-kichik fasllardan tashkil topgan. Ulardan biri “Tarixning izmi shaxslar qo‘lidadir” deb nomlanadi. Aslida, bu — azaliy bahs: tarix shaxslarni yaratadimi yoki shaxslar tarixnimi? Sarlavha esa muallifning “Shaxslar tarixni yaratadi”, degan komil ishonchini tasdiqlaydi. U Shavkat Mirziyoyev siymosida ana shunday shaxsni ko‘radi.
“Ezgulik va bunyodkorlik xaritasi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasini o‘qib...” tahliliy chiqishida ma’lum ma’noda, biz uchun juda murakkab kechgan 2020 yilga baho beriladi. U Toshkentda qattiq zilzila yuz bergan 1966 yilga o‘xshatiladi. Muallif Prezident tashabbusi bilan mamlakatimizda yo‘lga qo‘yilgan “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” va “temir daftar” tushunchalarining hayotimizda paydo bo‘lishi, singishi, siyosiy leytmotivga aylanishi jarayonlarini ochib beradi. Qisqa fursat, ya’ni atigi to‘rt yilda O‘zbekiston erishgan eng asosiy yutuqlar bir-bir sanaladi. Jumladan, O‘zbekiston rahbarining tarixda ilk bor BMT minbarida o‘zbek tilida nutq so‘zlagani, mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti)ga to‘laqonli a’zo bo‘lgani, milliy g‘urur, o‘zlikni tanitish borasida Prezidentimiz siyosati Markaziy Osiyo mintaqasi hayotiga sezilarli ta’sir qilayotgani ko‘rsatib beriladi.
“O‘zlik sari yo‘l”da muallif mustaqillikning dastlabki 30 yilga yaqin davrida jamiyat “siyrati” o‘zgarishi ancha qiyin kechganini aytib, buni, bir tomondan, o‘tish davridagi mahdudlik bilan bog‘lasa, ikkinchi tomondan, davlatning o‘zi jamiyatning milliylashuvidan qo‘rqqanini vaj qilib ko‘rsatadi. Muallif mamlakatimizda davlat tilini jamiyatning keng qatlamlarida joriy etish bo‘yicha keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlarni tahlil qiladi.
“Dunyo bilan bo‘ylashmoq istagi” maqolasi Prezidentimizning jahon tillarini o‘rganishga bag‘ishlab o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishi ta’sirida qog‘ozga tushirilgan. Mamlakatimizda bugun kamida 10 ta til o‘qitiladi. Bular — ingliz, rus, nemis, fransuz, xitoy, koreys, yapon, turk, arab va fors tillari. Ammo “...til o‘rganish bugun qanchalik dolzarb ahamiyat kasb etishiga qaramay, milliy jamiyatlar oldiga “global ta’sir”lardan himoyalanish masalasini ham ko‘ndalang qo‘yayotir. Bu, eng avvalo, etnik xususiyatlar, jumladan, milliy tilni rivojlantirish va parvarishlashni nazarda tutadi”.
“Millatparvar”ni befarq o‘qib bo‘lmaydi. Unda avval mustabid tuzum, keyin o‘tish davrining murakkab kechgan yillarida xalqimizning ijtimoiy ahvoli qanday bo‘lgani birrov ko‘z oldimizda gavdalantiriladi-da, so‘nggi yillarda bu borada amalga oshirilgan islohotlar mohiyati ochib beriladi. Chunki unda muallif mamlakatimizda odamlar turmushini boshqa qutbga keskin burib yuborgan favqulodda islohotlar to‘g‘risida yozishni maqsad qilgan. Maqolada O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy tizimida “ohang” — aksent o‘zgargani hayotiy misollar asosida ko‘rsatiladi. Shu asosda Prezidentning “Millat lideri” sifatidagi faoliyati yoritiladi.
“Mening Prezidentim!» falsafiy-publitsistik essesi, uzukka ko‘z qo‘ygandek, kitobning xulosasi yanglig‘ o‘qiladi. U 2000 yillarda AQSH Davlat departamenti axborot bo‘limi tomonidan tayyorlangan hisobotdagi mana bu qimmatli fikrlar bilan boshlanadi: “Xalq demokratik davlatning avom raiyati emas, balki fuqarosidir. Qachonki davlat o‘z fuqarolarining huquqlarini himoya qilsa, bunga javoban fuqarolar ham davlatga nisbatan sadoqatli bo‘ladi...»
Endi mana bu mulohazaga ham e’tibor qarataylik: “Odamlarning davlat tushunchasidan qo‘rqishi, taysallashi, bir huquqshunos do‘stimiz ko‘p takrorlaganidek, xalqning huquqiy savodi pastligida emas, balki xalqning davlat haqidagi tasavvurlari dahshatli xotiralar bilan to‘lib-toshib ketganida edi”. Shavkat Mirziyoyev zimmasida shu tasavvurni o‘zgartirish vazifasi turardi. “Prezident yaxshi tushunar ediki, baxtsizlikka duchor etilgan jamiyat bilan kuchli va qudratli davlat qurib bo‘lmaydi. Qolaversa, davlatning asosini tashkil etuvchi xalqsiz “buyuk kelajak” haqida o‘ylashning o‘zi mantiqsizlik edi”.
Esse, demak, ushbu kitob ham mana bunday adolatli so‘zlar bilan yakun topadi: “Bu qariyb yuz yil davomida xalq tomonidan davlatga berilayotgan ilk xolis baho, mafkuralashmagan, oddiy va samimiy “Mening Prezidentim!» degan kalomdir!»
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan saylov natijalari bu yorqin ibora o‘z mazmun-mohiyati bilan odamlarimiz qalbidan chuqur joy olganini yana bir bor isbotladi. Xalqimizning tanlovi zamirida o‘z yo‘lboshchisiga — davlat rahbariga ham ishonch, ham mehr, ham faxr-iftixor tuyg‘ulari mujassam. Shuning uchun kitob o‘quvchi qalbini yanada yoritib yuboradi, uning hamrohiga, hamroziga aylanadi.
Muslihiddin MUHIDDINOV,
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti professori,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi,
“El-yurt hurmati” ordeni sohibi.
Manba: Xalq so‘zi
O'zA
- Qo'shildi: 11.07.2023
- Ko'rishlar: 5350
- Chop etish