Qochoqlar bo‘yicha Global forumga tayyogarlik ishlari ko‘rib chiqildi

11 iyul kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida Markaz hamda BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi o‘rtasidagi 2023 yilga mo‘ljallangan qo‘shma ish rejasida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Ishchi guruhning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Tashqi ishlar, Ichki ishlar vazirliklari, Ombudsman ofisi, Yuristlar malakasini oshirish markazi va Milliy markaz vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari qo‘shma ish rejasida nazarda tutilgan “Qochoqlar bo‘yicha Global forum uchun ixtiyoriy majburiyatlar loyihasi ishlab chiqish”  va “Qochoqlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligini o‘rganish” mavzularini muhokama qildilar.  

Tadbirning dastlabki qismida BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi huquqiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchisi R.Saidumarova qochoqlar masalalari bo‘yicha xalqaro forum – “Global forum-2023” borasida umumiy ma’lumotlarni taqdim etdi.

Xususan, tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlarining 2019 yilda bo‘lib o‘tgan dastlabki Forum doirasida olgan ixtiyoriy majburiyatlarini amalga oshirish bo‘yicha statistik ma’lumotlar va navbatdagi yirik xalqaro Forumga rejalashtirilayotgan ixtiyoriy majburiyatlar loyihalari bilan tanishtirildi. Markaziy Osiyo davlatlari ixtiyoriy majburiyatlarni amalga oshirish orqali qochoqlarni boshpana bilan ta’minlash sohasida muhim huquqiy va institutsional asoslar yaratgani ta’kidlandi.

Shuningdek, BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi fuqarosizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi S.Gayn O‘zbekistonning mazkur Forumga tayyorgarlik ko‘rishi doirasida bir nechta ixtiyoriy majburiyatlar bo‘yicha takliflar kiritdi.

Tadbirning ikkinchi qismida R. Saidumarova MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi qochoqlar bo‘yicha qonunchilikdagi maqbul amaliyotlar, mazkur sohadagi qonunchilikning xalqaro standartlarga ko‘ra talab etiladigan asosiy elementlari va tamoyillari, xususan, 1951 yildagi Qochoqlar maqomi to‘g‘risidagi konvensiya qoidalari borasida batafsil ma’lumot berdi.

Tadbir yakunida Ishchi guruh a’zolari, xalqaro standartlar va amaliyotda mavjud qoidalarni tizimli o‘rgangan holda, Qochoqlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini taqdim etishga kelishib oldilar.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech