XALQIMIZ — DAVLATXOH, PREZIDENTIMIZ — XALQSEVAR VA ADOLATPARVAR

XALQIMIZ — DAVLATXOH, PREZIDENTIMIZ — XALQSEVAR VA ADOLATPARVAR

(O‘zbekiston Respublikasi saylangan Prezidenti Shavkat Mirziyoevning lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisi ilk taassurotlari)

 

 

Joriy yil 14 iyul kuni Senatning muhtasham majlislar zalida muddatidan ilgari o‘tkazilgan saylovda ishonchli g‘alaba qozongan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining lavozimga kirishish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Saylovda xalqimiz Shavkat Mirziyoev nomzodi uchun
eng ko‘p — 87,05 foiz ovoz berdi.

O‘zbekistonliklarning bu ulkan ishonchi zamirida, albatta, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi doirasida yangi ­O‘zbekistonni barpo etish hamda ­Uchinchi Renessans poydevorini qo‘yish ­yo‘lida Millat Sardori amalga oshirayotgan ulug‘vor va ezgu ishlari bilan xalqimiz qalbining to‘ridan mustahkam joy egallaganidek asl haqiqat mujassam.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilingan dastlabki haftadayoq, ya’ni 2023 yil 8 mayda davlatimiz rahbari “Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash to‘g‘risida”gi farmonga imzo chekdi. Bu ham Prezidentimiz yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasiga so‘zsiz amal qilishni shaxsan boshlab berganidan yaqqol dalolatdir.

Chunki Konstitutsiyaning 128-moddasi uchinchi bandiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respub­likasi Prezidenti muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli”.

Shuningdek, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning 108-moddasida saylovdan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z lavozimiga kirishishi uchun Oliy Majlis yig‘ilishida qasamyod qabul qilishi bilan bog‘liq norma mus­tahkamlangan.

Jahon tajribasida bunday tantanali marosim — “Inauguratsiya”, deb ataladi. Bu atamaning mazmun-mohiyati, sodda aytganda, qasamyod qilib o‘z lavozimiga kirishish, deganidir.

 

Inauguratsiya: xorijiy tajriba

 

Inauguratsiya, asosan Yevropa mamlakatlarining davlatchilik amaliyotiga ko‘ra, davlat boshlig‘ining lavozimga kirishish tantanali marosimi hisoblanadi. Tarixda ushbu marosim markazida Qirolga toj kiydirish an’anasi turgan bo‘lib, ke­yinchalik bu odat faqat Buyuk Britaniyadagina saqlanib qoldi.

Hozirgi kunda aksariyat rivojlangan davlatlarda inauguratsiya dabdabali tantanalardan xoli, zamonaviy rasmiy kons­titutsiyaviy marosim tarzida o‘tkaziladi.

Masalan, AQSh Konstitutsiyasiga muvofiq, Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi saylangan Prezidenti lavozimga kirishish uchun Vashingtondagi Kapitoliy binosi oldida an’anaviy tarzda ochiq tashkil etiladigan marosimda tantanali qasamyod qabul qiladi.

Inauguratsiyaning amerikacha tartib-­taomili dunyoning ko‘plab mamlakatlari tomonidan qabul qilingan. Shu bilan birga, AQShda inauguratsiya dastlab doimiy ravishda 4 mart kuni o‘tkazib kelingan bo‘lsa, 1933 yili AQSh Konstitutsiya­siga 20-tuzatish kiritilgani munosabati bilan mazkur tantanali marosimni o‘tkazish sanasi 20 yanvarga ko‘chirilgan.

Boshqa bir qator davlatlarda ham inauguratsiya aniq belgilangan sanada o‘tkaziladi. Jumladan, bu tantanali marosimni Meksikada — 1 dekabr, Brazi­liyada — 1 yanvar, Kolumbiyada — 7 avgust, Germaniyada — 1 iyul kunlari o‘tkazish qonunchilikda belgilab qo‘yilgan.

Dunyoning aksariyat davlatlarida esa inauguratsiya o‘tkazish sanasi aniq belgilanmagan. Bu boradagi milliy amaliyotimiz O‘zbekiston aynan keyingi guruhdagi davlatlar sirasiga mansubligini ko‘rsatadi. Ya’ni qonunchiligimizda inauguratsiya aniq qaysi sanada o‘tkazilishi belgilanmagan.

Yevropaning davlat dini amal qiladigan ayrim mamlakatlarida davlat bosh­lig‘ining lavozimga kirishish tantanali marosimida xochni o‘pish yoki “Injil” kitobiga kaftni bosish amallari qo‘shimcha majburiy taomil sifatida kiritilgan. Irlandiya, Italiya va Gresiyada shunday amaliyot mavjud.

Turli mamlakatlarda inauguratsiya tadbiri faqat davlat boshlig‘ining qasamyod qabul qilishi timsolidagi tantanali marosim bilan cheklanib qolmaydi, balki boshqa bir qancha tantanalarga ulanib ketadi. Jumladan:

 AQShda — inauguratsiyaga bag‘ishlangan tantanali parad va bal;

 Braziliyada — usti ochiq avtomobilda poytaxt ko‘chalari bo‘ylab tantanali sayr, harbiy parad va jamoatchilik oldida ayrim yuqori mansabdor shaxslarni, jumladan, hukumat a’zolarini lavozimlarga tayinlash amaliyoti o‘tkaziladi;

 Fransiyada — inauguratsiya marosimi mushakbozlik bilan yakunlanadi, bunda to‘p­lardan 21 marta o‘t ochiladi.

Janubiy Koreyada Prezident inauguratsiyasi mamlakatning bir palatali parlamenti — Milliy majlis binosi oldida, ko‘p sonli mehmonlar ishtirokida ochiq osmon ostida o‘tkaziladi. Mehmonlar yangi saylangan davlat boshlig‘i so‘zga chiqadigan minbar ro‘parasidagi yig‘ma o‘rindiqlarga joylashtiriladi. Yomg‘ir yog‘ib qolishi ehtimoli hisobga olinib, har bir ishtirokchiga yomg‘irpo‘sh beriladi.

Inauguratsiya marosimida lavozimga kirishishi munosabati bilan yangi saylangan davlat rahbariga muayyan davlat timsollarini topshirish an’anasi ham mavjud. Xususan:

 Rossiyada yangi saylangan Prezidentga Rossiya Federatsiyasi Prezidenti shtandarti, Konstitutsiyaning maxsus nusxasi va yadro jomadonchasi, ya’ni Rossiyaning jami yadro salohiyatini boshqarish kaliti taqdim etiladi;

 Fransiyada yangi saylangan Prezidentga “Faxriy legion” ordenining buyuk magistri sifatida Prezident belgisi va “yadroviy kod” beriladi;

 Finlyandiyada yangi saylangan Prezident Birinchi darajali “Oq Atirgul” ordeni bilan taqdirlanadi. Ushbu yuksak davlat mukofoti 1919 yilda Finlyandiya regenti general Karl Gustav Mannergeym tomonidan ta’sis etilgan.

Ba’zi bir mamlakatlar tajribasida yangi saylangan davlat rahbarining lavozimga kirishish tantanali marosimida qasamyod qabul qilish amaliyoti ko‘zda tutilmagan. Xususan, Fransiyada inauguratsiya marosimida yangi saylangan Prezident faqat qisqacha nutq so‘zlaydi.

 

Prezident qasamyodi — konstitutsiyaviy odat va tarixiy an’ana

 

O‘zbekistonda yangi saylangan davlat rahbarining lavozimga kirishish tantanali marosimida qasamyod qabul qilish amaliyo­ti konstitutsiyaviy an’ana ekanini aytdik. Binobarin, bizda “qasamyod” tushunchasi ham konstitutsiyaviy atamalar qatoriga kiradi.

Milliy davlatchiligimizning bir necha ming yillik tarixini o‘rganish maqsadida qadimiy shahristonlarda qazishma ishlari olib borgan arxeologlarimiz o‘sha uzoq zamonlarda ham hukmdorlar o‘z lavozimiga kirishish uchun qasamyod qabul qilganini tasdiqlovchi muhim ashyoviy dalillarni topgan. Xususan, hukmdorning qasamyod qabul qilishi jarayoni aks etgan mo‘jaz haykalchalar bugun tarix muzeylarida ko‘rgazmaga qo‘yilgan.

Olis va shonli tariximizda qasam bilan bog‘liq ibratli hikoyatlar ham ko‘p. Shunday tarixiy voqealardan biriga ko‘ra, Temuriylar davrida Mirzo Ulug‘bekning otasi Shohrux Mirzo Misr sultoniga maktub yo‘llab, o‘zi maxsus tayyorlatgan Ka’ba kisvasini, ya’ni yopinchig‘ini yuborishga ijozat so‘raydi.

Shohrux Mirzoning elchisi 1430 yili sulton Beybars qabulida bo‘lganida, Shohrux Mirzo Ka’baga albatta kisva yopishi haqida qasam ichganini ma’lum qiladi. Shunga qaramay, Misr sultonlari Ka’baga kisva yopish ishiga boshqa hech kimning qatnashishini istamagani uchun, uzoq yillar davomida har gal rad javobini berib keladi.

Ammo baribir, 1445 yili Shohrux ­Mirzo o‘zi tomonidan Qohiraga yuborilgan kisvaning Ka’ba ustiga Misr sultoni ka’bapo‘shi ostidan bo‘lsa ham yopilishiga erishadi. Ya’ni o‘n besh yil deganda Temuriyzoda hukmdor o‘z qasamining ustidan chiqadi.

O‘zbek tilidagi “qasam”, “ont”, “va’da” kabi sinonim so‘zlar orasidan aynan “qasamyod” atamasi tanlab olingani va Kons­titutsiyamizga muhrlab qo‘yilgani bejiz emas. Chunki ma’naviy-lisoniy jihatdan yondashganda, qasamyod — sodiqlik haqida rasmiy ravishda beriladigan tantanali va qat’iy va’dadir.

Siyosiy-huquqiy nuqtai nazardan qaraganda esa, yangi tahrirdagi Konstitutsiya­mizning 108-moddasi birinchi bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi. Ushbu kons­titutsiyaviy moddaning ikkinchi bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qasamyodi matni berilgan.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 105-moddasiga asosan, “O‘zbekiston Res­publikasining Prezidenti davlat bosh­lig‘idir va davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini ta’minlaydi”.

Konstitutsiyaning 109-moddasidagi 25 ta bandda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazifalari batafsil belgilab berilgan. Yangi saylangan Prezidentning lavozimga kirishish tantanali marosimi ana shu juda muhim, sharafli va mas’­uliyatli vazifalarning bajarilishi uchun rasman yo‘l ochadi. Konstitutsiyamizning talabi xuddi shunday.

 

Inauguratsiya: mazmuni va milliy tarixi

 

“Inauguratsiya” — lotincha so‘z bo‘lib, uning lug‘aviy ma’nosi “qushning parvoziga qarab, ezgu niyat qilish”, deganidir.

Ko‘rinib turibdiki, talaffuzi tilni “sindiradigan” darajada qiyin bo‘lgan ushbu kalomning tub ma’no-mohiyati bizga begona emas. Aksincha, juda-juda yaqin, o‘ta qadrdon.

Birinchidan, bu so‘zning mazmunida xalqimiz tiynatiga xos fazilat — ezgu niyat qilish yo‘rig‘i jo bo‘lgan. Niyat — bu xohish-iroda, murod-maqsad, orzu-umid, demak.

Hamma narsa niyatga bog‘liq. Niyat — amallar poydevori. Hadisda marhamat qilinganidek, “Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi”.

Alisher Navoiy hazratlari yaxshi niyatli, oliy maqsadli, azmu irodali insonlarga nisbatan “niyatlig‘” degan so‘zni g‘azal va dostonlarida ko‘p qo‘llaganlar. 

Navoiy bobomizning “Xazoyin ul-maoniy” kitobida Temuriyzoda podshoh va bolalik do‘sti bo‘lmish ­Husayn Boyqaro hazratlariga bag‘ishlangan shunday bayt bor:

Mumkin ermas shahlar ichra

bo‘yla niyatlig‘, magar

Shohi G‘oziykim muyassar bo‘ldi

bu davlat anga.

Ya’ni Shohi G‘oziy — “niyatlig‘”, demakki yaxshi niyatli, oliy maqsadli, azmu irodali inson bo‘lgani uchun ham, davlatni boshqarishdek sharafli va mas’uliyatli amalni ado etish vakolatiga muyassar bo‘ldi.

Ikkinchidan, “Inauguratsiya” so‘zi ma’nosidagi “qushning parvozi”ga oid talqin ham Sharq xalqlari, xususan, o‘zbek xalqi uchun nihoyatda tanish. Tarixiy an’analarimizni bir eslaylik.

Odatda, davlat boshlig‘i martabasiga yuksalgan insonga nisbatan xalqimiz “boshiga davlat qushi qo‘nibdi” degan iborani ishlatadi.

Sohibqiron Amir Temur hazratlari 1370 yili bo‘lib o‘tgan qurultoyda Movarounnahrning ulug‘ amiri deb e’lon qilingani bilan bog‘liq ko‘plab tarixiy hikoyatlardan birida aytilishicha, ul zotning pirlari Sayyid Baraka ulug‘ Sohibqiron faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, katta nog‘ora va tug‘ (bayroq) tortiq qilgan. Binobarin, o‘sha davrda saltanat sohibiga topshirilgan nog‘ora bilan bayroq oliy hokimiyatning ramzi hisoblangan.

Boshqa bir hikoyatga ko‘ra, Sohibqiron bobomiz Movarounnahr hukmdori sifatida taxtga o‘tirganidan so‘ng “Amir ­Temur ­Tarag‘ay” so‘zlari bitilgan muhrga ega bo‘lgan. Shuningdek, Amir Temurning ­“Rosti-rusti” kalimasi va uchta doira shakli naqshlangan muhri buyuk saltanat bunyodkori va hukmdorining jahongirlik siyosatini o‘zida aks ettirgan.

Albatta, O‘rta asrlarga mansub hukmdor toj-taxtining mahobatiyu ulug‘vorligini ko‘rsatish hamda Amir Temur saltanatining shukuhi va dabdabasini namoyon etishga xizmat qilgan bunday tartib-taomillardan ba’zilari ayni vaqtda tarixda qolgan va bu tabiiy hol.

Shu bilan birga, agar sinchiklab qaralsa, Amir Temur saltanatidan meros tartib-taomillarning ba’zilari Sharq va G‘arb mamlakatlarida o‘tkaziladigan ­inauguratsiya marosimlarida u yoki va bu ko‘rinishda hali ham qo‘llanib kelayotganini ko‘rish mumkin.

Xalqimiz tilidagi “davlatxohlik” kalomi ham tantanali marosim ruhiyatiga uyg‘un va hamohangdir. Bu so‘z xayrixoh, ­do‘stona, degan ma’nolarni beradi.

O‘zbekiston xalqi yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoevni qo‘llab-quvvatladi, yurtdoshlarimiz ovoz berish asnosida o‘z davlatxohligini — xayrixoh va do‘stona munosabatini ochiq namoyon etdi.

 

Yangi O‘zbekiston Prezidentining saylanishi: ishonchli g‘alaba omillari

 

Tantanali tadbirda hozir bo‘lganlarning aksariyati — deputatlar va senatorlar, bir oddiy haqiqatni o‘z taqdiri misolida sinab ko‘rgan. Bu ham bo‘lsa, bugungi saylovchi — kechagi saylovchi emas, degan haqiqat.

Bugungi saylovchilarning talabi — qat’iy, maqsadlari — aniq, orzu-niyatlari — yuksak.

Bugungi saylovchi ertaga emas, shu bugun baxtli, to‘kis va farovon hayot kechirishni istaydi.

Bugungi saylovchi o‘zi ovozini beradigan nomzoddan bu borada taklif etiladigan aniq-ravshan Saylovoldi dasturini kutadi. Taqdim etilgan dasturni esa obdon o‘rganadi, sinchiklab va tanqidiy tahlil qiladi.

Shu ma’noda, Shavkat Miromonovichga mutlaq ko‘pchilik saylovchilar yoqlab ovoz bergani quyidagi uchta muhim omil bilan chambarchas bog‘liq.

Birinchi omil: bugungi saylovchilarning aksariyati Prezident Shavkat ­Mirziyoevning 2017-2021 yillarda amalga oshirilgan Harakatlar strategiyasi samaralaridan mamnun va manfaatdor bo‘lgan. Xalqimiz bilan hamnafaslikda ishlab chiqilgan ushbu dasturiy hujjat asosida mamlakatimiz hayotining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha qanchadan-qancha salmoqli chora-tadbirlar belgilab olingani va izchillik bilan amalga oshirilganini bir eslaylik.

Ikkinchi omil: Prezident Shavkat ­Mirziyoevning Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasi 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, ushbu dasturulamal hujjat doirasida 2022-2023 yillarning o‘zidayoq yettita ustuvor yo‘nalishda bajarilgan ishlar ko‘lami va miqyosi tahsinga loyiq.

Uchinchi omil: saylov kampaniyasi doi­rasida bo‘lib o‘tgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining o‘n birinchi s’ezdida ushbu siyosiy partiyadan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoev o‘z Saylovoldi dasturini saylovchilar ­e’tiboriga taqdim etdi.

O‘zbekiston Respublikasi ­Prezidenti Shavkat Mirziyoevning uchala strategik ­dasturi ham yurtdoshlarimiz va xalqaro hamkorlarimiz taklif-tavsiyalari asosida ishlab chiqilgani uchun nihoyatda xalqchildir.

Shavkat Miromonovichning bu galgi Saylovoldi dasturida hayotimizning eng ustuvor yo‘nalishlarini qamragan beshta maqsad haqida so‘z boradi. Ya’ni:

birinchi maqsad — ta’lim yo‘nalishi; ikkinchi maqsad — barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash; uchinchi maqsad — suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish; to‘rtinchi maqsad — qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish; beshinchi maqsad — Qurolli Kuchlarimizning harbiy salohiyatini yanada oshirishdan iborat.

Har bir maqsad muayyan chora-tadbirlar va qat’iy vazifalarni ko‘zda tutadi. Bu vazifalarning ko‘lami va miqyosi qanchalik qamrovdor bo‘lsa, ijrosini ta’minlash mexanizmlari shunchalik aniq.

Birgina misol: ta’lim yo‘nalishida — dunyodagi “Top-500”ga kiradigan chet el oliygohlari bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma o‘quv dasturi va “ikki diplomli tizim” joriy etiladi. Bundan tashqari, biotexnologiya, sun’iy intellekt va boshqa yuqori texnologik yo‘nalishlarda yiliga  iste’dodli 500 yigit-qiz eng nufuzli xorijiy oliygohlarga davlat hisobidan o‘qishga yuboriladi.

O‘zbekiston Prezidentining strategik dasturlari davlatimiz va jamiyatimiz hayotining barcha sohalarini tugal qamrab olgan. Shu bilan birga, ayni das­turlardagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishidan yurtimizdagi har bir insonga — qulay imkoniyat, muayyan yengilliklar, moddiy va ma’naviy manfaat yetsa, o‘z navbatida, har qaysi oila va xonadon obodlik, to‘kinlik, fayz va baraka topadi.

Nazarimda, bu hayotiy haqiqatlar “Nima uchun xalqimiz bu galgi saylovda ham aynan Shavkat Mirziyoev nomzodi uchun ovoz berdi?”, degan dolzarb va tabiiy savolga munosib javob bo‘la oladi.

Shu kunlarda dunyoning yetakchi davlatlari timsolidagi ishonchli hamkorlarimiz ham yangi O‘zbekiston Prezidentining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini e’lon qilmoqda.

Jumladan, “Prezident Mirziyoev o‘zining yangi mandatini qabul qilayotgan bir paytda, AQSh uning islohot va boshqaruv dasturini amalga oshirishda, jumladan, qonun ustuvorligi, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro nazorat va muvozanatni ta’minlash, shaxs huquqlarini himoya qilish sohalarida yordam berishga tayyor”, deyiladi AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi Bayonotida.

Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi, baronessa Manzila Uddinning fikricha, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilar ishtiroki yuqori darajada bo‘lgan. Bu, shubhasiz, O‘zbekistonda saylovoldi kampaniyasi yaxshi tashkil etilganidan dalolat beradi”.

Xitoydagi Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Sun Si “Saylov demokratik tamoyillar, xalqaro huquqiy-normativ talablar doirasida ochiq va shaffof o‘tgani”ni e’tirof etdi.

Shuningdek, “Hindiston — Janubiy Koreya” do‘stlik jamiyati raisi, Hindis­tonning mamlakatimizdagi sobiq elchisi, “Vivekananda xalqaro fondi” tadqiqot markazi eksperti Skand Tayalning ta’kidlashicha, “Fuqarolarning saylov jarayonida o‘z konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanishga bo‘lgan faolligi diqqatga sazovor. Muhimi, mamlakatda amalga oshirilayotgan izchil islohot va yangilanishlar, ularning huquqiy asos­lari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan”.

Muxtasar aytganda, davlatxoh — ya’ni xayrixoh xalqimiz o‘zi bilgan, tanigan va tan olgan Shavkat Mirziyoevga ovoz berdi. Donishmand o‘zbekistonliklar bu gal ham o‘zining xalqsevar va adolatparvar Prezidentini sayladi.

Xalqimizning erkin xohish-irodasi, maqsad-muddaosi va orzu-niyatlariga tayangan ushbu saylov natijalari xalqimiz farovonligi va baxtiyorligini ta’minlash, mamlakatimiz obodligi, tinchligi va taraqqiyotini kafolatlash hamda ­Vatanimiz obro‘-e’tibori va imijini dunyo miqyosida yuksaltirish yo‘lida ­xizmat qilishi muqarrar.

Akmal Saidov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi kutubxonasi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech