20 IYUL – BUTUNJAHON SHAXMAT KUNI

Shaxmat – shaklan o‘yin, mazmunan san’at va o‘yinni o‘zlashtirish nuqtai nazaridan fandir.

        Tigran Petrosyan

 

Yangi O‘zbekistonimizda har sohada islohotlar jarayoni qizg‘in kechmoqda. Bu yangilanishlar yurt va millat kelajagi, istiqboli bo‘lgan yosh avlodning nafaqat hayot darajasi, eng avvalo, intellektual salohiyatini oshishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston va boshqa 22 ta mamlakat tashabbusi bilan 2019 yil 2 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining shaxmatni rivojlantirish bo‘yicha maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi va unga muvofiq 20 iyul Butunjahon shaxmat kuni deb e’lon qilindi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon shaxmat kunining e’lon qilinishi nafaqat xalqaro shaxmat Federatsiyasining shaxmat sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va dunyoning barcha xalqlari o‘rtasida do‘stona totuvlikni kengaytirishga intilishdagi muhim rolini e’tirof etadi.

So‘nggi yillarda xalqimizning salomatligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish, ma’naviy va jismoniy barkamol avlodni shakllantirish, intellektual salohiyatni rivojlantirishga xizmat qiladigan sport turi bo‘lgan va mamlakatimizda alohida o‘rin tutadigan sportning shaxmat turiga aholini, ayniqsa yoshlarni keng jalb etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021 yil 14 yanvardagi “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4954-son qarori ana shu yo‘lda navbatdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Buning natijasi o‘laroq, O‘zbekistonlik shaxmatchilarning so‘nggi bir yil davomida xalqaro arenalardagi sensatsion g‘alabalari ortidan O‘zbekiston – 2022 yilning eng yaxshi shaxmat mamlakati deb e’tirof etildi va eng yaxshi shaxmat mamlakatiga topshiriladigan «Tour Dʼor» – «Oltin minora» sovrinini O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga Yevropaning shaxmat sovrinini Fransiyalik mashhur grossmeyster Bashar Kuatli topshirdi.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi – FIDE tomonidan tuzilgan jahon shaxmat reytingida O‘zbekiston ilk bor kuchli yigirmatalikka kirishga muvaffaq bo‘ldi. 2022 yil iyul oyidagi reytingga ko‘ra, O‘zbekiston shaxmat bo‘yicha jahon reytingida 19-o‘rinni egalladi.

2022 yil Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Niderlandiya jamoasi ustidan g‘alaba qozonib, O‘zbekistonga olamshumil g‘alaba – “Butunjahon shaxmat olimpiadasi chempioni” ligini qo‘lga kiritishgan edi. Bu tarixdagi birinchi chempionlik hisoblanadi.

“Fantastik beshlik” yoxud “Oltin avlod” chempionlari: Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yakubboyev, Javohir Sindarov, Jahongir Vahidov va Shamsiddin Vohidovlardir.

O‘zbekiston ayollar terma jamoasi esa so‘nggi turda Kosta-Rika terma jamoasini mag‘lub etishgan. O‘zbekiston sharafini Umida Omonova, Afruza Hamdamova, Maftuna Bobomurodova, Marjona Malikova va Nilufar Yakubboyeva himoya qilishgan.

Joriy yil natijalariga ko‘ra, Xalqaro shaxmat federatsiyasi rasmiy saytida 2023 yil iyul oyining 100 ta eng yaxshi o‘yinchilar reyting natijalarida O‘zbekistonning faxri bo‘lgan Nodirbek Abdusattorov 24, Rustam Qasimjanov 67, Javohir Sindorov 82 o‘rinlarni kuchli 100 likda egallab turishibdi.

G‘alabalar davom etmoqda, joriy yilning mart oyida, Ilk marta o‘tkazilgan “XVII jahon chempioni Rustam Qosimjonov” xalqaro turnirida “Masters” guruhidagi murosasiz janglarda yosh grossmeyster Javohir Sindorov chempion bo‘ldi.

Nodirbek Abdusattorov joriy yiling may oyida o‘tkazilgan ChessKid Cup-2023 turniring mutloq g‘olibi bo‘lgan edi. Ayni damda o‘tkazilayotgan The Aimchess Rapid-2023 turnirida chorak finalni Nodirbek Abdusattorov raqibini mot orqali mag‘lub etdi va turning finaliga chiqdi. Nodirbek Abdusattorovga finalda va grand finalda g‘alaba qozonishini va yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarishini tilaymiz.

Donishmand bobolardan meros bebaho salohiyat! Salohiyat esa teran tomirlardan kuch oladi. Bilimning poydevori hisoblangan ma’naviy ildizlar qanchalik chuqur ketgan bo‘lsa, uning moddiy-shakliy qiyofasi shunchalik yorqin namoyon bo‘ladi. Yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlar va ularga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar! Yangi O‘zbekistonda mashhur ajdodlar-la faxrlanish bilan cheklanmasdan, ularga munosib bo‘lish uchun azmu shijoat ko‘rsatib harakat qilishga keng imkoniyatlar yaratilgani navqiron avlodga kuchli motivatsiya vazifasini bajarayapti. Aql bilan olamni mot qilgan o‘smirlar tom ma’noda muqaddas Vatanning, ota makonning iftixorlari. Shuning uchun ham ularga “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlari berildi. XVII jahon chempioni Rustam Qosimjonovga o‘z davrida “Amir Temur” ordeni qanchalik yarashgan bo‘lsa, Nodirbek Abdusattorov, Jahongir Vohidov, Shamsiddin Vohidov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yakubboyev faxriy unvonlarga shunchalik loyiqdir.

Shotlandiyalik xalqaro grossmeyster Jonatan Rouson ijtimoiy tarmoqlarga yozgan post esa yanada ulkan g‘urur bag‘ishlaydi: “Shaxmat Hindistonda paydo bo‘lgan esa-da, uning hind zaminiga O‘zbekistondan kelgani haqida qarashlar mavjud. Davrimizgacha yaxshi saqlangan eng qadimiy shaxmat donalari aynan O‘zbekistonda, hozirgi Samarqanddagi Afrosiyob xarobalaridan topilgani bejiz emas”.

Tarixga nazar solsak, XIV asrning oxiri va XV asrning boshlarida Movarounnahrda, ayniqsa Samarqandda ko‘pgina yirik olim, fozillar, mashhur san’atkorlar, mohir hattotlar, shatranj ustalari yashab ijod qilganlar.

Ular hayoti va faoliyatini o‘rganib, o‘sha davrdagi madaniy turmushni to‘laroq tasavvur qilishda tarixchi Ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” kitobida keltirgan ma’lumotlar ham g‘oyat qimmatlidir. Chunonchi, muallif aksar hollarda o‘zi yaxshi xabardor bo‘lgan, yoinki shaxsan shohidi bo‘lgan faktlarga tayanib yozganligi tufayli u keltirgan ma’lumotlar alohida ilmiy ahamiyat kasb etadi.

Ibn Arabshoh asarida o‘sha paytda qo‘llanilgan shaxmat va mashhur shaxmatchilar haqida keltirilgan ma’lumotlar ayniqsa dikqatga sazovordir. Mashhur shaxmatchilardan Muhammad ibn Uqayl al-Haymiy va Zayn al-Yazdiylar zikr qilinib, lekin muallif ta’kidlashicha shatranj o‘yinining allomasi faqih va hadis olimi Alouddin at-Tabriziy bo‘lgan. Ibn Arabshoh, o‘sha davrning birinchi shaxmatchisi degan ulug‘ nomga sazovor bo‘lgan bu benazir mohir o‘yinchining shaxmat o‘yiniyu, uning mansuba (kombinatsiya)lariga oid sharhi borligini qayd qiladi. Ibn Arabshoh Alouddin bilan shaxsan tanish bo‘lib, uning o‘yin paytidagi fazilatlariga to‘xtalarkan sohibqiron Amir Temur bilan katta shaxmatda o‘ynaganlarini, uning huzurida doirasimon va uzunchoq shaxmat ko‘rganini hikoya qiladi. Shuningdek, boshqa tarixnavislardan farqli o‘laroq, Ibn Arabshoh o‘sha zamonda keng tarqalgan 120 xonalik katta shaxmat taxtasining shaklini va undagi donalarning joylashish tartiblarini keltiradiki, shubhasiz, bu xildagi ma’lumotlar O‘rta Osiyo shaxmat tarixini o‘rganishda ilmiy ahamiyatga molikdir.

Sohibqiron Amir Temur hayotda  ham o‘z zamonining tengi yo‘q yirik shaxmat ustalaridan biri bo‘lgan. Tarixchi Ibn Arabshoh “Amir Temur tarixi” kitobida Sohibqiron Amir Temur katta shaxmat o‘ynaganini yozgan.

Jahon tarixidagi buyuk sarkarda Sohibqiron Amir Temur o‘zbek davlatchiligi qurulishi, ilm-fan, ma’rifat va madaniyat taraqqiyotiga ulkan xissa qo‘shgan. Amir Temur harbiy yurishlari chog‘ida, jang jarayonini to‘laqonli va aniq idrok eta olish, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Sohibqiron ko‘pchilik muhim masalalarni shaxmat taxtasi atrofida hal etgan. Shaxmat o‘yiniga shunchaki ermak yoki vaqtini xush o‘tkazish uchungina emas, balki hozirgi zamon tili bilan aytganda, taktik nazariy bilimlarni mustahkamlash vositasi sifatida ham qaragani manbalarda keltirilgan. Sarkarda shaxmat o‘ynashni zinhor kanda qilmagan, atrofidagilarni ham shunga undagan, o‘rgatgan. Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha, buyuk sarkarda haddan ziyod band bo‘lishiga qaramay, doimo shaxmat uchun vaqt ajrata olgan. Misol uchun, davlat ishlari, oila tashvishlari bilan band bo‘lganida ham yoki olis mamlakatlarga safarlari, ayovsiz janglar oralig‘ida ham shaxmat bilan hamnafas bo‘lgan. Chunki shaxmat bilan mashg‘ul bo‘lgan vaqtlari o‘zida ruhiy xotirjamlik va ishonchni his qilgan, qolaversa, bo‘lajak taktik yurishlari reja hamda g‘oyasi ayni shu onlarda tug‘ilgan ekan. Manbalarda aytilishicha, Sohibqiron umrining so‘nggi kunlariga qadar deyarli har kuni shaxmatga vaqt ajratgan.

O‘zbekistonlik yigitlar buyuk Amir Temur lashkarlaridek mohirona ot o‘ynatyapti tarzidagi samimiy e’tiroflar bejizga emas. Zotan siyosiy kurashlar shaxmat taxtasidagi jangga har jihatdan o‘xshaydi. Sport turi sifatidagi o‘yindan maqsad raqib shohini mot qilish. Oq va qora rangdagi 64 ta katakli sathda ikki tomon 16 tadan iborat “qo‘shin” i bilan dona suradi. Muzaffarlik tug‘ini baland ko‘tarish uchun uzoqni ko‘ra bilish joiz. Buning uchun esa zehnu zakovat darkor.

Sohibqironning toji o‘z vaqtida yer yuzining uchdan bir qismiga nur sochgan bo‘lsa, 2004 yil Rustam Qosimjonovning, 2022 yil “Fantastik beshlik” yoxud “Oltin avlod”ning g‘alabasi sayyoramiz sarhadlariga yoyilganining ramziy ifodasidir.

Xulosa o‘rnida, shaxmat uchinchi renessans poydevorini qurish baxtiga muyassar bo‘layotgan yoshlarning shaxsiyati va intilishlarida muhim o‘rin tutadi. U intellektual rivojlanish, raqobatbardoshlikni rivojlantirish va intizomni tarbiyalash vositasi sifatida qadrlanadi. Shaxmat bo‘yicha tizimli ta’lim, jamoatchilikning kuchli qo‘llab-quvvatlashi va muvaffaqiyat hikoyalarining uyg‘unligi O‘zbekistonda yoshlar orasida shaxmatga bo‘lgan mashhurlik va ishtiyoqni oshirdi.

 

 

Malika Talipova,

 Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimi

«Ishonch» gazetasining 2023 yil 20 iyul kungi 88-soni

Powered by GSpeech