XECH BIR BOLA E’TIBORDAN CHETDA QOLMAYDI
bu tamoyil Konstitutsiyada kafolatlangan
1948 yil 10 dekabrda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganidan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklariga ustuvor e’tibor bera boshladi. Mazkur deklaratsiya matnida ilk bor barcha odamlar ega bo‘lgan huquqlarning global ta’rifi bayon etildi. Ya’ni ushbu hujjat har bir insonning shaxsiy daxlsizligi, mulk, e’tiqod va so‘z erkinligi, fuqarolik, davlat boshqaruvida qatnashish, saylash va saylanish, oila, mehnat va dam olish, ta’lim, tibbiy, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish, madaniyat, san’at asarlaridan bahra olish huquqlarini himoya qiladi.
Deklaratsiya matni ustida dunyoning barcha mintaqalaridan huquqiy va madaniy kelib chiqishi turlicha bo‘lgan vakillar ishladi. Shu bois, deklaratsiya inson huquqlarini himoya qilish va dolzarb global muammolarni hal etish bo‘yicha aniq harakatlar uchun asos yaratuvchi hujjat hisoblanadi. Deklaratsiyani qabul qilgan davlatlar ushbu hujjat va xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Davlat institutlari butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etilishini ta’minlashga harakat qiladi.
Deklaratsiya O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlarini himoya qilish borasida jahon andozalariga mos huquqiy tizim ishlab chiqish uchun tamal toshi vazifasini bajardi. Shu kungacha mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishga oid 100 dan ortiq qonun qabul qilingan va ular xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
2023 yil 10 dekabrda insoniyat uchun eng muhim hujjatlardan biri bo‘lgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganiga 75 yil to‘ladi. Butun dunyoda, jumladan, O‘zbekistonda ham bu sanani nishonlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 75 yilligi kampaniyasi inson huquqlari universalligi va ajralmasligi haqidagi bilimlarni chuqurlashtirish, shuningdek, bu huquqlarni himoya qilish imkoniyatlarini, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kengaytirishga qaratilgan. Ushbu tashabbus deklaratsiyada aks ettirilgan inson huquqlari infratuzilmasini tiklash, mustahkamlash va yanada rivojlantirishga yordam beradi.
Jahon miqyosidagi bunday tadbirlarga 2022 yil 56 dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan global forum keng yo‘l ochdi. Shu forumda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan global kampaniyaga start berildi. Forum doirasida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida Prezidentimiz 2023 yil 12 mayda “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Mazkur farmon bilan 30 banddan iborat tadbirlar dasturi tasdiqlanib, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish va ularni milliy qonunchilikka moslashtirish, normativ-huquqiy hujjatlarni, inson huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish hamda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘rin olgan.
Mazkur tadbirlar qatorida BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalari bajarilishi bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va qabul qilish yuzasidan tadbirni alohida ta’kidlab o‘tish muhim.
2022 yil 29 avgust 23 sentyabr kunlari BMT Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarishi yuzasidan Beshinchi davriy hisoboti ham ko‘rib chiqildi.
Sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari konvensiya qoidalarining moddama-modda amalga oshirilishi, milliy qonunchiligimizga kiritilgan o‘zgartishlar, jamiyatda bolalar mavqeini yuksaltirish borasida erishilgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Bundan tashqari, sessiya doirasida bola huquqlariga oid kitoblar, risolalar, jurnallar, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Bunda ishtirokchilar O‘zbekiston hukumatining bola huquqlarini ta’minlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Ular mamlakatimizda bolalarni himoya qilishning milliy mexanizmi yaratilganini olqishladi hamda bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish jarayonini ijobiy baholadi.
Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarishi yuzasidan Beshinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan taklif va tavsiyalarini taqdim etdi.
Qo‘mitaning yakuniy mulohazalarida jami 52 tavsiya keltirilgan. Xususan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, bolalarning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni yanada takomillashtirish hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan qo‘mitaning yakuniy mulohaza va tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi.
Umuman, bola huquqlarini ta’minlash masalasi O‘zbekiston uchun doim ustuvor maqsadlardan biri bo‘lgan. Mamlakatimizning 1992 yil 9 dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishi buning yaqqol namunasidir. O‘zbekiston bolalar manfaatlariga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirar ekan, “Hech bir bola e’tibordan chetda qolmaydi” degan tamoyilga amal qilmoqda.
Qolaversa, “Inson qadri uchun” tamoyiliga muvofiq o‘tkazilgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida mamlakatimiz Asosiy qonuniga bolalar huquq va manfaatlarini ta’minlash kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan yangi ilg‘or normalar kiritildi. Shu tariqa, milliy qonunchiligimiz bolalar huquqlariga doir xalqaro normalarga to‘la-to‘kis muvofiqlashtirildi.
Yangilangan Konstitutsiyamizda bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, ularning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha kafolatlar kuchaytirildi, bu borada davlat majburiyatlari kengaytirildi.
Mamlakatimizda bolalar huquqlarini ta’minlashga doir 40 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan bo‘lib, mazkur normativ-huquqiy hujjatlar “Bolaning eng yaxshi manfaatlari” tamoyilini hayotga joriy qilishga qaratilmoqda.
Endilikda bolalarni 13 yoshdan jinoiy javobgarlikka tortish bekor qilinib, bu 14 yosh etib belgilandi. Voyaga yetmagan guvoh yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishda pedagog bilan bir qatorda psixolog ham qatnashishi ko‘rsatildi.
2023 yil 11 aprelda qonunchilikka o‘zgartishlar kiritilib, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirildi.
Bir so‘z bilan aytganda, bola huquqlari kafolatlarini yanada takomillashtirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan global kampaniyaga start berilishi hamda bu borada normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, bir qancha tadbirlar amalga oshirilayotgani mamlakatimizning xalqaro shartnomalardagi maqsad va prinsiplarga sodiqligini namoyon qiladi.
Xusniddin XOLMAMATOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Inson huquqlari sohg‘asidagi tahlil va tadqiqotlar bo‘limi bosh mutaxassisi
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 21 iyul kungi 144-soni
- Qo'shildi: 21.07.2023
- Ko'rishlar: 3978
- Chop etish