Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar ijrosi – Parlament komissiyasi nazoratida

21 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ham ishtirok etdi.

Yig‘ilishda xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi borasida tegishli davlat organlarining hisobotlari atroflicha o‘rganildi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 8 mayda qabul qilingan “Yangi  tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni ijrosi yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan tayyorlangan ma’lumot ko‘rib chiqildi.

Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borilayotgani alohida ta’kidlandi. Farmon ijrosiga mas’ul etib belgilangan Milliy markaz bilan davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida yaqin amaliy hamkorlik o‘rnatilgani e’tirof etildi.

 Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning bajarilishi holati haqida so‘z yuritildi. Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekiston Respublikasining to‘rtinchi milliy hisoboti yuzasidan Milliy markaz tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tayyorlagan Inson huquqlari bo‘yicha milliy hisobotning loyihasi tasdiqlandi. 

O‘zbekiston Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi ham muhokama etildi. Mazkur hujjat ijrosini ta’minlash borasida bir qator ijobiy natijalarga erishilgani alohida qayd etildi.

Shu bilan birga, Milliy strategiyaning bajarilmay qolgan bandlariga ham e’tibor qaratildi. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan tegishli davlat organlari rahbarlarining hisobotlari Parlament komissiyasi yig‘ilishida bevosita muhokama qilinadigan bo‘ldi.

O‘z navbatida, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari ijrosini ta’minlash borasida Milliy markaz tomonidan tayyorlangan “2022-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)”ning birlamchi loyihasi ko‘rib chiqildi. Komissiya qarori bilan mazkur loyiha ham tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning
2023 yil birinchi yarmida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan tahliliy axboroti eshitildi. Inson huquqlari bo‘yicha vakil va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan hisobot davrida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 348 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilganiga e’tibor qaratildi.

Mazkur tashriflar davomida harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni saqlash sharoitlari o‘rganilgan. Xususan, yashash va ovqatlanish, mehnat qilish, tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar uchun olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar, sanitariya-gigiena talablariga rioya etilayotganiga oid sharoitlar shular sirasiga kiradi.

Parlament komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida 2023 yil birinchi yarmida harakatalanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga amalga oshirilgan monitoring yakunlari yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha vakil tayyorlagan ma’lumotnoma ham muhokama etildi. Bu borada muayyan ijobiy ishlar amalga oshirilgani va qaror ijrosi doimiy nazoratga olingani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarorlari bilan tasdiqlangan bir qator Milliy harakatlar rejalarining ijrosi ham o‘rganildi.

Jumladan, BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalari doirasida O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha “Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan milliy harakatlar rejasi”ning tegishli bandlari ijrosini ta’minlash holati ko‘rib chiqildi. Ayni masala bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi axboroti eshitildi.

Shuningdek, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ijrosi muhokama etildi. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bu borada tayyorlagan ma’lumotnoma ko‘rib chiqildi.

Ayni chog‘da, Parlament palatalari Kengashlarining qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlariga oid BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasi ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tayyorlagan ma’lumotnoma ham muhokama etildi.

Tadbir ishtirokchilari kun tartibidagi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha Parlament komissiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech