INSON HUQUQLARI BO‘YICHA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY MARKAZINING 2023 YIL BIRINCHI YARMIDAGI FAOLIYATI YUZASIDAN HISOBOT

 

2023 yilda O‘zbekistonda inson huquq va manfaatlarini har tomonlama ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirildi. Tariximizda birinchi marta umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb e’lon qilinib, inson qadrini yanada ulug‘lash va “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida aholini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha davlatning konstitutsiyaviy majburiyatlari alohida muhrlab qo‘yildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlari kafolatlariga oid normalar 3 barobar ko‘paytirildi.

Mamlakatimizda majburiy mehnatga barham berish, ayniqsa, ta’lim tizimi xodimlarini o‘z xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etish hollariga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun hujjatlarini hamda ularni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlar pedagog xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, ularning kasbiy faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, shuningdek, xizmat vazifalarini bajarayotgan tibbiyot xodimlariga nisbatan qonunga xilof ravishda turli shakllarda ta’sir o‘tkazganlik, tibbiyot xodimlarining tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilovchi yangi modda bilan to‘ldirildi.

2023 yil 11 aprelda «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi. Qonun bilan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini tazyiq va zo‘ravonlikdan ishonchli himoya qilishning institutsional hamda huquqiy asoslari tubdan takomillashtirildi. Bundan buyon jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoni muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish mumkin emas.

Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, 2023 yil 16 iyunda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, unda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi. Davlat hisobidan yuridik yordam kam ta’minlanganlarga, teng huquqliligi buzilgan xotin-qizlar va erkaklarga hamda psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga ko‘rsatilishi belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi PQ-4056-sonli qarori va 2020 yil 22 iyundagi “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” PF-6012-sonli farmoni talablari doirasida Milliy markaz ushbu jarayonlarda faol qatnashdi.

  

Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishi

 

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini tayyorlash va BMTning shartnomaviy qo‘mitalarida ko‘rib chiqish natijalarini deputatlar va senatorlar tomonidan muntazam eshitib borish, shartnomaviy qo‘mitalarning tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejalarini Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlanishi amaliyotlari takomillashmoqda.

  1. Joriy yil 3 mart kuni Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari bo‘yicha halqaro majburiyatlarga rioya qilinishining holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Axborotda 2022 yilda O‘zbekistonning inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishi hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar qamrab olingan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha tadbirlar davom etmoqda. Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 67 bandi (85%) bo‘yicha ijro muddati yakunlangan, shundan 6 band bo‘yicha ijro muddati uzaytirilgan, 62 band (79%) bo‘yicha ishlar bajarilgan, 16 bandni (21%) amalga oshirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

2023 yil birinchi yarmida Milliy strategiya doirasida 7 ta qonun, Prezidentning 8 ta farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori qabul qilindi, 1 ta xalqaro shartnoma ratifikatsiya qilindi.

  1. O‘zbekiston Respublikasining inson huquq va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini amalga oshirish doirasida inson huquqlari bo‘yicha hisobotlarning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Umumiy asosiy ma’ruzasi ma’lumotlari yangilandi hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasiga taqdim qilindi.
  2. BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Beshinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlariga oid BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda tayyorlanib, keng muhokama qilindi. Jumladan, 2023 yil 18-20 may kunlari “O‘zbekiston Respublikasining BMT bola huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro majburiyatlari hamda milliy harakat rejalarini tayyorlash va amaldagi milliy mexanizmlarni ko‘rib chiqish” mavzusidagi seminar-treningda mazkur loyiha takomillashtirildi. Hozirda Milliy harakatlar rejasi loyihasi Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasiga taqdim etildi.

  1. Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha qonunchilik tahlili hamda 30 dan ortiq davlat organlari va 10ta nodavlat notijorat tashkilotining ma’lumotlari asosida  O‘zbekiston Respublikasining Dastlabki milliy ma’ruzasi tayyorlandi. Milliy ma’ruzani tayyorlash jarayonida Milliy markaz tomonidan xalqaro va milliy hamkorlar ko‘magida 6 ta tadbir o‘tkazildi. Jumladan, BMTning Nogironlar bo‘yicha ko‘mitasi a’zosi D. Gerel ishtirokida seminar-trening tashkil qilindi.
  2. Milliy markaz BMTning Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi F.Ni Aolayn tavsiyalarini bajarish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqdi. Milliy harakatlar rejasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023 yil
    6 iyundagi qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.
  3. Hisobot davrida Oliy Majlis palatalari tomonidan tasdiqlangan 3 ta Milliy harakatlar rejasi ijrosini monitoring qilishga alohida e’tibor qaratildi. Bu boradagi axborotlar har chorakda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha parlament komissiyasiga taqdim etilmoqda. Jumladan:
  • Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasining tegishli bandlarini amalga oshirish bo‘yicha doimiy monitoring olib borilmoqda. Milliy harakatlar rejasida jami 43 ta bandda belgilangan vazifalardan 1-yarim yillikda 8 ta band bo‘yicha ishlar bajarilgan.
  • Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarishga oid O‘zbekistonning Oltinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022 – 2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasini amalga oshirish borasida  monitoring olib borilmoqda. Monitoring natijasiga ko‘ra, hisobot davrida Milliy harakatlar rejasining 69 ta bandidan 14 ta bandi bajarilgan.
  • Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini bajarishga oid O‘zbekiston Respublikasining Uchinchi davriy ma’ruzasini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi yakuniy tavsiyalarini amalga oshirish yuzasidan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakat rejasining bajarilishi ham monitoring qilinmoqda. Hisobot davrida ushbu hujjatning 34 ta bandida belgilangan vazifalarning ta  bandi bo‘yicha ishlar bajarilgan.

Shuningdek, 2023 yil 28 fevral kuni BMT shartnomalarining mamlakatimizda bajarilishini monitoring qilish va muvofiqlashtirish yuzasidan xalqaro jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy bo‘linmasi, Xalqaro yuristlar komissiyasi hamda «Yuksalish» umummilliy harakati hamkorligida tashkil etildi.

Milliy va xalqaro ekspertlar tomonidan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya implementatsiyasi masalalari muhokama qilindi. BMT shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarining O‘zbekiston tomonidan bajarilishi holatini samarali monitoring qilish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.

 

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim

 

Inson huquqlari sohasidagi ta’lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o‘z hayotiga daxldor bo‘lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to‘laqonli ishtirokini ta’minlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhimdir.

BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2020–2024 yillarda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi.

Dastur loyihasi BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi vakillari hamda milliy ekspertlar ishtirokida keng muhokama qilindi. Qaror bilan 7 ta ustuvor yo‘nalish va 30 ta banddan iborat O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Qaror ijrosi doirasida 2023 yil 20-28 fevral kunlari «Inson huquqlari haftaligi» davlat organlari, ta’lim tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda butun mamlakat miqyosida o‘tkazildi.

20 fevral kuni Milliy markazda Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida videokonferensiya tashkil etildi. Videokonferensiyada 2 ming nafardan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan mamlakat bo‘ylab yoshlar o‘rtasida #Inson_huquqlari_oliy_qadriyat xeshtegi tashkil etildi va hududlardagi rasmiy kanallarda targ‘ibot sifatida yoritib borildi, unda 4 mingga yaqin yoshlar ishtirok etdi.

Mamlakatimizning tuman, shahar va mahallalarida “Inson huquqlari – oliy qadriyat” mavzusida “Prokuror va yoshlar”, “Sudya va yoshlar”, “Adliya rahbari va yoshlar”, “IIB rahbari va yoshlar”, “DXX rahbari va yoshlar” kabi turli uchrashuvlar tashkil etildi. Mamlakat miqyosida tashkil etilgan uchrashuvlarda 8 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi.

Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy test savollarini o‘z ichiga olgan “Inson huquqlari bilimdoni” viktorinasi tashkil etildi. Shuningdek, “Tong yulduzi”, “Klass” gazetalari tahririyatlari bilan hamkorlikda “Inson huquqlari bolalar nigohida” tanlovi o‘tkazildi.

Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazish jadvali, o‘quv kurslari dasturi va moduli ishlab chiqildi.

Joriy yilning birinchi yarmida Farg‘ona (22-23 fevral), Buxoro (29-30 mart), Toshkent (18-19 aprel), Surxondaryo (17-18 may), Andijon (20-21 iyun), Namangan (22-23 iyun) viloyatlarida, milliy va xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kurslari onlayn va oflayn formatda tashkil etildi. O‘quv kurslarida har bir hududdan ichki ishlar (50 nafar) va prokuratura (10 nafar) tizimidagi tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 350 nafar xodimi ishtirok etdi.

Shuningdek, 2023 yil 19-21 iyun kunlari Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, 23 iyun kuni Buxoro shahrida “Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlar, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish” mavzusidagi treninglar o‘tkazildi. O‘quv mashg‘ulotlarida Toshkent shahri va Toshkent, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalari vakillari ishtirok etdi.

2023 yil 11-12 may kunlari Xiva shahrida prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlari uchun “Terrorizmga qarshi samarali kurashish sharoitida inson huquqlarini himoya qilish” mavzusidagi amaliy o‘quv seminari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi vakillari bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

2023 yil 6-9 iyun kunlari YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda “Ayollarning rolini kuchaytirish, tinchlik va xavfsizlik” mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlar sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari uchun tashkil etildi.

  

Inson huquqlari sohasida qonunchilikni

takomillashtirish

 

Inson huquqlari sohasidagi xalqaro shartnomalarni milliy qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ekspertizadan o‘tkazilmoqda. 2023 yilning birinchi yarmi holatiga ko‘ra, Milliy markazga turli vazirlik va idoralardan kelgan 35 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ekspertizadan o‘tkazilgan.

Shulardan 24 tasi – qonun loyihasi, 3 tasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni, 1 tasi – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori, 6 tasi – Vazirlar Mahkamasi Qarori, 1 tasi – Vazirlar Mahkamasi Farmoyishi loyihalaridir. Huquqiy ekspertiza doirasida ushbu loyihalarni takomillashtirish bo‘yicha jami 50 dan ortiq taklif bildirilgan.

Xususan, “Bolalarni zo‘ravonliklarning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”, “Sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini ta’minlash to‘g‘risida”, “Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashganlik uchun javobgarlik belgilanayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish jarayonida shunday takliflar berilgan.

Hisobot davrida Milliy markaz tashabbusi va hamijrochiligi doirasida quyidagi 3 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqildi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-46-son qarori;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 24 fevraldagi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-74-son qarori;
  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi PF-70-son Farmoni loyihalari.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan ishlab chiqilgan Oliy sud Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”, “Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida” hamda “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorlari loyihalari o‘rganib chiqildi. Ushbu hujjatlar loyihalari yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar kiritildi.

  

Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlik

 

2023 yilda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligi hamda inson huquqlari sohasidagi Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi qabul qilinganligining
30 yilligi
xalqaro hamjamiyat tomonidan keng nishonlanadi. Bu sanalarni nishonlash doirasida xalqaro, mintaqaviy va milliy tadbirlar o‘tkazish, inson huquqlari bo‘yicha axborot-ma’rifiy hamda ta’lim-tarbiyaviy ishlarni takomillashtirish, shuningdek, aholi, yoshlar va bolalar uchun darslik, qo‘llanma va boshqa adabiyotlarni tayyorlash muhim hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi farmoni bilan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi Tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dastur 30 ta banddan iborat bo‘lib, 1-yarim yillikda ta band bo‘yicha  ishlar to‘liq bajarilgan.

2023 yil 13-15 mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. BMT Oliy komissari tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Senat raisi, Oliy sud raisi, Bosh prokuror, Tashqi ishlar, Ichki ishlar va Adliya vazirliklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi rahbarlari bilan uchrashdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi rahbariyati, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), shuningdek, fuqarolik jamiyati faollari, aholi vakillari, talabalar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan yuzma-yuz muloqot qildi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senat Kengashining 2023 yil 10 iyundagi  Qo‘shma qarori bilan tasdiqlandi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligini nishonlash bo‘yicha xalqaro tadbirlarda Milliy    markaz vakillari ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2023 yil 13-16 iyun kunlari Milliy markaz direktori Pekin shahrida “Tenglik, hamkorlik va taraqqiyot: Inson huquqlari bo‘yicha global boshqaruv hamda Harakatlar dasturi va Vena deklaratsiyasining 30 yilligi” mavzusida bo‘lib o‘tgan inson huquqlari bo‘yicha Global boshqaruv forumida asosiy ma’ruza bilan ishtirok etdi.

2023 yil 21-25 may kunlari Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan Islom Hamkorlik Tashkiloti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha mustaqil doimiy komissiyaning 21-sessiyasida Milliy markaz vakili ma’ruza qildi. Sessiyada “Tadbirkorlik va inson huquqlari: IHT mamlakatlari uchun normativ-huquqiy baza va yo‘riqnomalar” mavzusida muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

2023 yil 5-6 iyun kunlari Vena shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi va Avstriya hukumati tomonidan tashkil etilgan “Vena butunjahon konferensiyasi 30 yilligi: Bizning huquqlar – bizning kelajak” mavzusidagi yuqori darajadagi Butunjahon konferensiyasida O‘zbekiston vakili ishtirok etdi.

2023 yil 17-19 aprel kunlari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo va inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakillari T.Xakala va I.Gilmor boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,  Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi rahbariyati, Bosh prokuror, Ichki ishlar va Adliya vazirlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Shuningdek, 2023 yil 23-25 aprel kunlari “O‘zbekiston Respublikasi – Yevropa Ittifoqi” Hamkorlik kengashi (Lyuksemburg) hamda 19-21 iyun kunlari “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha kichik qo‘mitasining (Bryussel) 19-majlisi ishlarida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Milliy markaz vakili ishtirok etdi.

Hisobot davrida Milliy markazda 20 ga yaqin xalqaro tashkilot va horijiy davlatlar delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Jumladan, BMT Qochoqlar ishlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtimruvchisi, AQSh, Germaniya, Yaponiya, Qatar, Mo‘g‘iliston, Tojikiston, Qozog‘iston davlatlari delegatsiyalari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

2023 yil 11-13 may kunlari Milliy markaz direktori Sankt-Peterburg shahrida bo‘lib o‘tgan “XI Peterburg xalqaro yuridik forumi”da asosiy ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. 

Bundan tashqari, Markaz vakillari AQSh, Qozog‘iston, Shimoliy Makedoniyada bo‘lib o‘tgan bir qancha xalqaro konferensiya va davra suhbatlarida ishtirok etdi. AQSh Davlat departamentining “E’tiqod erkinligiga ko‘mak” mavzusidagi o‘quv tashrifi, Qochoqlar to‘g‘risidagi “Global forum-2023” doirasida sub-mintaqaviy tayyorgarlik davra suhbati (Almati shahri), Markaziy Osiyoda fuqarosizlikka barham berish bo‘yicha davra suhbati (Almati shahri), Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar akademiyasining “Inson huquqlari sohasida konun usturovligi” mavzusida o‘quv seminari (Skope shahri), Yevropa Kengashi va Yevropa Ittifoqining “Markaziy Osiyoda qonun ustuvorligi” qo‘shma dasturi Mintaqaviy boshqaruv qo‘mitasi ikkinchi yig‘ilishi (Astana shahri) shular jumlasidandir..

  

Inson huquqlari monitoringi

 

Milliy markazga 2023 yil birinchi yarmida 682 ta (2022 y. – 694 ta) murojaat kelib tushgan bo‘lib, barchasi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga binoan ko‘rib chiqilgan. Shundan 24 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi hamda 116 tasi Milliy markazning Virtual qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlardir.

Hisobot davrida kelib tushgan murojaatlarning 96,3 foizi  ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, 25 ta murojaat “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga mos kelmasligi sababli ko‘rmasdan qoldirildi.

Shaxsiy qabul jarayonida 168 ta murojaat qabul qilindi. Bu jarayonda 110 nafar fuqaroga og‘zaki huquqiy tushuntirish va yuridik maslahatlar berildi.

Telefon orqali 1ming  200 nafardan ortiq jismoniy va yuridik shaxsga og‘zaki huquqiy tushuntirishlar berilishi ta’minlandi.

Milliy markaz tomonidan 250 dan ortiq murojaat bo‘yicha xulosalar tayyorlanib, qonunchilik hujjatlari asosida ko‘rib chiqish uchun taalluqli davlat organlariga yuborilgan. O‘tgan davr mobaynida kiritilgan taklif va tavsiyalar asosida 52 nafar fuqaroning huquqlari tiklandi, huquqlari amalga oshirilishiga ko‘mak berildi.

Joriy yilda inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqiy amaliyotga implementatsiya qilish doirasida qabul qilingan qonunlarning hududlardagi ijrosi monitoring qilindi.

Milliy markaz tomonidan, Sog‘liqni saqlash, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirliklari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, Barqaror rivojlanish markazi hamda “Madad” NNT vakillari jalb qilingan holda, joriy yilning 10-13 aprel kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va ichki ishlar idoralarida joylashgan vaqtinchalik saqlash hibsxonalarida inson huquqlariga rioya etilishi ahvoli yuzasidan monitoring tadbirlari tashkil etildi.

Monitoring tashrifi davomida mahkumlar uchun yaratilgan sharoitlar, jumladan, ularning davolanishi, dam olishi, oziq-ovqatining sifati, mehnat sharoitlari, muassasa xodimlarining ularga nisbatan muomalasi, tazyiq va zo‘ravonliklar sodir etilishi bilan bog‘liq masalalar o‘rganilgan.

  

Inson huquqlari sohasida axboriy-ma’rifiy va noshirlik faoliyati

 

2023 yilning yanvar-iyul oylari davomida Milliy markaz tomonidan 15 ta kitob tayyorlandi va chop etildi. Shundan 3 tasi – inson huquqlari sohasidagi milliy qonun hujjatlari va xorijiy qonunchilik bo‘yicha, 5 tasi – xalqaro shartnomalar bo‘yicha, 3 tasi – o‘quv qo‘llanma, 2 tasi – axborot materiallari, yana 2 tasi – qonun hujjatlari va maqolalar to‘plamlarini tashkil etadi. 

Jumladan, “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari” va “Bola huquqlari: xalqaro va milliy darajada himoya qilinishi” o‘quv qo‘llanmalari, Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid xalqaro shartnomalar va milliy qonunchilik to‘plami, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi o‘zbek (kiril va lotin imlosida), qoraqalpoq (kiril va lotin) va rus tillarida chop etilib, davlat organlari, ta’lim muassasalari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilikka tarqatildi.

O‘zbekiston Mlliy kutubxnasi va uning hududlarda joylashgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar axborot-kutubxona markazlarida “Inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar” yo‘nalishi tashkil qilindi. Ushbu kutubxonalarning har biriga 110 dan ortiq kitob, jami 2 ming 150 dona inson huquqlariga oid adabiyot va 600 dan ortiq ilmiy-huquqiy jurnal beg‘araz taqdim etildi.

Milliy markaz faoliyati to‘g‘risida 2023 yilning 6 oyida xorijiy va milliy ommaviy axborot vositalarida 324 ta axborot e’lon qilingan. Shuningdek, Milliy markazning rasmiy saytida 426 ta va ijtimoiy tarmoqlarida (Facebook, Telegramm,  Youtube, Twitter va boshq.) 1 ming 809 ta material e’lon qilingan.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi muassisligidagi “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining birinchi va ikkinchi sonlari nashr etildi. Jurnalning 1-soni – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”ga bag‘ishlanib, unda o‘zbek tilida 9 ta, ingliz tilida 6 ta va rus tilida 4 ta maqola e’lon qilindi. Jurnalning yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan 2-sonida o‘zbek tilida 10 ta, ingliz tilida 8 ta va rus tilida 6 ta maqola e’lon qilindi.

Jurnal tahririyati tomonidan “Eng dolzarb ilmiy maqolalar” tanlovi o‘tkazildi. Tanlov mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini ilmiy asosda yorituvchi tahliliy maqolalarni keng jamoatchilikka yetkazish, inson huquqlari sohasida mavjud muammolarni ilmiy asosda o‘rganish va ularga nazariy hamda amaliy yechimlar taklif etilishini qo‘llab-quvvatlash, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, inson huquqlari sohasida ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilarni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etildi.

 

Powered by GSpeech