“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning shaxsiy yordamchisi”: xalqaro tajriba tahlili

27 iyul kuni poytaxtimizda ayni shu dolzarb mavzuga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha departamenti hamda O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Seminarda davlat organlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar muammolari bilan shug‘ullanadigan jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyatining boshqa bir qator institutlari vakillari va ekspertlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar kun tartibidagi mavzuni O‘zbekiston Respublikasida Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani amalga oshirish bo‘yicha 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy harakatlar rejasida belgilangan shaxsiy yordamchi institutini milliy qonunchilikka kiritish mexanizmlarini shakllantirish nuqtai nazaridan atroflicha muhokama qildilar.

Tadbirda shaxsiy yordamchi instituti bo‘yicha xorijiy davlatlar qonunchiligi va tajribasi ko‘rib chiqildi. Ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun shaxsiy yordamchi qanday bo‘lishi kerakligi va unga qo‘yiladigan talablar, shaxsiy yordamchilarni tayyorlash masalalari to‘g‘risida fikrlar bildirildi.

Yangi O‘zbekistonda inson huquqlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarining kafolatlarini mustahkamlash, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlamlari teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda, seminarda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat hayoti barcha sohalarida ishtirok etishlari uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha davlat tomonidan tizimli ishlar izchil davom ettirilayotgani alohida ta’kidlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech