30 iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni

Chegara bilmas jinoyatga qarshi O‘zbekiston “taktika”si...

BMT tomonidan 30 iyul Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni sifatida e’lon qilingan. Har yili ushbu sana munosabati bilan targ‘ibot-tashviqot ishlari, profilaktik tadbirlar, shuningdek, bedarak yo‘qolgan fuqarolar xotirasiga bag‘ishlab marosimlar o‘tkaziladi.

Sayyoramizda ko‘pgina global muammolar borki, bular sirasiga bevosita odam savdosi transmilliy jinoyatini ham kiritish mumkin. Yildan-yilga bu illatdan jabr chekayotganlar, shu yo‘lda qurboni bo‘layotganlar soni ortmoqda.

Hudud va chegara bilmaydigan bu ofatning har biri jamiyat taraqqiyoti, davlat rivojiga jiddiy xavf tug‘diradi. Odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyog‘osti qiladi.

Naqadar jirkanch manzara!

O‘zA muxbiri odam savdosi avj olishiga, ya’ni insondan qandaydir bir buyum sifatida, ta’bir joiz bo‘lsa, oldi-sotdi ob’ekti sifatida foydalanilishi, kishilarning huquqi va erkinligi poymol etilishiga sabab bo‘layotgan omillar xususida fikrlashish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Tahlil va tadqiqot bo‘limi yetakchi mutaxassisi Adham Muhrimboyev fikrlarini yozib oldi.

– Global inqiroz, mojaro va iqlim o‘zgarishi kabi favqulodda vaziyatlar odam savdosi xavfini oshiradi. Migratsiya va ijtimoiy-iqtisodiy tengsizlik butun dunyo bo‘ylab millionlab odamga ta’sir ko‘rsatib, savdogarlar tomonidan ekspluatatsiya qilinishi jarayonida insonni himoyasiz qoldiradi.

Yuridik maqomga ega bo‘lmagan, qashshoqlikda yashovchi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va munosib mehnatdan foydalanish imkoniyati cheklangan, kamsitilish, zo‘ravonlikka uchragan odamlar, ko‘pincha, odam savdogarlarining asosiy nishonigaaylanadi.

Bugungi kunda bu muammoni butun dunyoda globallashuv, aholi harakati va xalqaro munosabatlar rivojlanishi asnosida kuzatish mumkin. Jumladan, O‘zbekiston fuqarolari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketish holatlarikam emasligi ham ayon. Bilib qo‘ying! Chet elda yaxshi ish topish doim ham oson emas. Qolaversa, oiladan, yaqinlardan, ulg‘aygan muhitdan ajralish, uyga qaytgandan so‘ng kishiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi.

Migratsiya falokatga aylanmasligi uchun har bir shaxsga, ayniqsa, odam savdosi qurboniga huquqiy jihatdan malakali ko‘mak, ehtiyotkorona munosabat zarur. Shuni yodda tutish kerakki, har bir mamlakat va jamiyatning o‘ziga xos qonuni, urf-odati bor. Demak, boshqa yurtning qonuni, ijtimoiy qadriyati biznikidan keskin farq qilishi mumkin. Odam savdosi esa insoniyat sivilizatsiyasiga yaqqol to‘siq, jamiyat va davlat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekanini hamma yaxshi biladi.

Fursatdan foydalanib, eslatib o‘tamiz:“Odam savdosi va qullikni boshqalar tomonidan ekspluatatsiya qilish to‘g‘risida”gi konvensiya, “Qullik va qul savdosini, qullikka o‘xshash muassasalar va amaliyotlarni bekor qilish to‘g‘risida”gi qonun – Qo‘shimcha konvensiya, “Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida”gi konvensiya ushbu turkumdagi xalqaro huquqiy hujjatlar hisoblanadi.

Har yili 30 iyul– Jahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Mazkur sana qullik qurboni bo‘lganlarning ahvoliga e’tibor qaratish, huquqini himoya qilishga ko‘maklashishni nazarda tutadi. Joriy yil Jahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni kampaniyasi voqea va tendensiyalarga e’tibor qaratish hamda hukumat, huquqni muhofaza qilish idoralari, davlat xizmatlari va fuqarolik jamiyatini qurbonliklar oldini olish, ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash va aybdorlar jazosiz qolishiga barham berish bo‘yicha sa’y-harakatni baholash va faollashtirishga chaqirishni maqsad qilgan.

Milliy qonunchiligimizga odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha muhim o‘zgarishlar kiritilmoqda. Xususan, 2019-2020yillarda mazkur sohadagi faoliyatni tartibga soluvchi 20 dan ziyod me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilindi. Bundan tashqari, Xalqaro mehnat tashkiloti va Xalqaro migratsiya tashkiloti tomonidan 6 ta konvensiya va bayonnoma ratifikatsiya qilindi. Bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodeksiga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritildi.

Eng muhimi, xalqaro tajribani hisobga olgan holda, “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.2008 yil 17 aprelda mazkur hujjat o‘zgarish va qo‘shimchalar bilan yangidan kuchga kirdi, 2020 yil 17 avgustda esa qonunni yanada takomillashtirish va zamon talabiga muvofiqlashtirishga qaratilgan yangi qo‘shimchalar hayotga tatbiq etildi.

Shu paytgacha odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam ko‘rsatish bo‘yicha aniq qoidalar mavjud emasligi, voyaga yetmaganlar savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar xususiyati belgilanmaganisababli qonunni yangi o‘zgarishlar bilan ishlab chiqish zarurati yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o‘z yechimini topdi.

Xususan, sohaning asosiy tushuncha va tamoyili davlat me’yoriy hujjatlari, vakolatli davlat idoralari, milliy va hududiy komissiyalar, milliy ma’ruzachilar tomonidananiq belgilab berilgan. Amaldagi qonundan farqli o‘laroq, yangi tahrirda odam savdosi jabrdiydalari reintegratsiyasi va moslashuvini, jabrlanuvchi haqidagi ma’lumotlar maxfiyligini va jabrlanuvchiga taqdim etiladigan kafolatni ta’minlash tartib-taomili belgilagan.

Bundan tashqari, avvallari milliy qonunchiligimizda mavjud bo‘lmagan odam savdosi qurbonlarini aniqlash va hujjatni ularga yuborish tushunchasi alohida bobda yoritilgan. Ta’kidlanganidek, Konstitutsiya va Mehnat kodeksining yangi tahririda mehnat munosabatlarini tartibga solishning yangi normalari, xususan, majburiy mehnatni taqiqlash, sog‘liq, xavfsizlik, mehnat xavfsizligiga tahdid soladigan bolalar mehnatining har qanday shakli, jumladan tarbiyaviy mehnatning oldini olish, axloqiy, jismoniy va aqliy rivojlanish masalalari o‘z aksini topgan.

Bir so‘z bilan aytganda, 2023 yilga kelib, O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish borasida salmoqli natijalarga erishildi: o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan ko‘plab taqiqlar bekor qilindi.

Afsuski, ommaviy axborot vositalarida ko‘rib, eshitayotganimizdek, odam savdosi qurbonlari kamaymayapti. Shunday ekan, fuqarolarimizni himoya qilish uchun bu illatga qarshi qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur. Diyorimizda qonun ustuvorligini, inson huquqini ta’minlovchi tashkilotlar kecha-kunduz faoliyat yuritib, manfur illatlarni fosh qilmoqda. Zero, odam savdosi kechirilmas va og‘ir jinoyatdir.

Umid qilamizki, hukumatimiz ishlab chiqarish munosabatlarini xalqaro standartga mos ravishda yanada rivojlantirish, norasmiy bandlikni qisqartirish, mehnatkashlar, aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirishsiyosatini muvaffaqiyatlidavom ettiradi.

O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev yozib oldi.

Powered by GSpeech