2020 yil Navoiy viloyati hokimligi tashabbusi bilan “Yuksalish” umummilliy harakati va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hamkorligida "101 vatandosh izidan" ekspeditsiyasi Niderlandiya – Germaniya – Polsha – Rossiya bo‘ylab tashkil etilgan edi.
Ekspeditsiya davomida ikkinchi jahon urushida olis yurtlarda bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonlik askarlar shaxsi va dafn etilgan mangu oromgohlari, Osvensim konslageridagi 22 o‘zbek mahbusi taqdiri, dunyoni larzaga solgan Amersfort konslageridagi 101 o‘zbek mahbusi jasoratiga oid Amsterdamdagi Milliy arxiv hujjatlari o‘rganildi. Bu jarayonda o‘zbekistonliklar bilan bog‘liq Ikkinchi jahon urushi yillariga oid hali o‘rganilmagan tarixiy ma’lumotlar qo‘lga kiritildi.

101 o‘zbek mahbusidan birortasining shaxsi aniqlansa, xotirasi sharafiga ramziy qabr o‘rnatish ilinjida bobolarimiz dafn etilgan Niderlandiyaning Amersfort shahri Rusxoff qabristonidan tuproq olib kelindi.
101 askar g‘oyasi nimani anglatadi?
Globallashuv olamida yashayapmiz, kecha yuz bergan hayratli voqea bugun qiziq bo‘lmay qolyapti. Balki qalblar qotayotgandir. Fashistni ko‘rgan, uni asir olgan, yer tishlatgan, yurtni dushmandan saqlash uchun Atlantika okeani qirg‘og‘igacha piyoda borgan ota-bobolarimiz jasorati ertakka aylanyapti.

Tan olish kerak, “Sen yetim emassan” filmidan so‘ng boshqa biror kino qalblarni uning darajasida o‘rtamasdi. Yillar o‘tib, "Ilhaq" filmidagi mushtipar o‘zbek onasi Zulfiya momo "Hech bo‘lmasa, beshta o‘g‘limdan birortasi qaytmadi-ya!" deb ohistagina aytgan so‘zlari matonat madhiyasiga aylandi.

So‘ng esa O‘zbekiston Prezidentining qaroriga ko‘ra, 9 may – Xotira va qadrlash kunida Amersfort konslagerida jasorat va matonat ko‘rsatgan 101 o‘zbek mahbusi sharafiga "101" filmi namoyish etildi. Poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i”da esa Amersfort konslagerida qatl etilgan 101 o‘zbek askari sharafiga o‘rnatilgan monument "Sen yurt bilan bo‘l, yurt unutmaydi», deyayotgandek.
Remko Reyding O‘zbekistonda
2021 yilda nederlandiyalik jurnalist Remko Reyding jonbozligida Amersfortdagi 101 nafar noma’lum o‘zbek askarining biri haqida ma’lumot topildi. Bu askar 1940 yilda Navoiy viloyatining Xatirchi tumani Bog‘ishamol mahallasidan urushga ketgan oddiy o‘qituvchi Rayim Salomov ekanligi isbotlandi.

Ma’lumot uchun: Remko Reyding – niderlandiyalik tadqiqotchi jurnalist, 1976 yilda tug‘ilgan. Niderlandiyadagi “Shon-shuhrat maydoni farzandlari” nodavlat-notijorat tashkiloti rahbari. Bundan 25 yil yil oldin Remko Reyding Moskvada tahsil olgan paytlari do‘stlari unga Amersfortdagi hovlisi yaqinidagi o‘rmon ichida bir qabriston borligi haqida xabar berishadi. Yosh tadqiqotchi talaba bu tarixiy joy va qabristonni o‘rganishni boshlaydi. Keyinchalik uning izlanish va o‘rganishlari natijasida bu qabristonda Amersfort konslageri mahbuslari, aynan 101 ta “Noma’lum askar” toshi ostida o‘sha mashhur 101 nafar o‘zbek mahbus askarlari dafn etilgani aniqlandi. Shunday qilib, butun dunyo 101 o‘zbek mahbusi tarixi haqida xabardor bo‘ladi.
Shu tariqa oddiy askar Rayim Salomov uchun Xatirchi tumanidagi “Dakkan ota” qabristoniga ramziy qabr toshi qo‘yildi. Askar ota rafiqasining 3 oylik homiladorligini ham bilmasdan urushga yo‘l olgan edi. Uning qabri mushtipar rafiqasi Musharram momo va qizi Xursand bibi yonida qad rostladi. Yurtimizda 101 o‘zbek mahbus askarining biri sharafiga ramziy qabr toshi qo‘yildi.

Remko Reyding O‘zbekistonning Navoiy viloyatiga yetib keldi. Mehmon “101 vatandosh izidan” ekspeditsiyasi rahbari Nazirjon Jo‘rayev, xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Jamoliddin Hamroyev hamrohligida Xatirchi tumanidagi “Dakkan ota” qabristoniga oshiqdi, o‘rnatilgan qabrtoshdan hayratini yashirmadi. Bu ramziy qabr toshi aynan Amersfort o‘rmonidagi 1942 yil 9 aprelda 101 o‘zbek askar otilgan joydagi tosh bilan bir xil edi.
Qariyb 25 yil oldin 101 o‘zbek askari bo‘yicha izlanishni boshlagan, bugun 50 yoshga yaqinlashganida tarix sirlari kalavasining bir uchini topgan olim tadqiqotchi uchun bu baxt ekanini yashirmadi. Qariyb 80 yil oldin Rayim Salomovning faqat urushga ketganidan boshqa hech narsadan bexabar jigarlari quvonchiga sherik bo‘ldi.

Xatirchi tumani "Bog‘ishamol" ko‘chasi 132-uyning yog‘och darchasidan ostona hatlagan Remko Reyding 101 o‘zbek mahbusi nega och-nahor qolgan bo‘lsa-da, fashistlarni qurolsiz, qalban yengganining sababini anglab yetdi. Balki uning anglab yetishiga askarning hovlisiga kirganida ishkomlardagi kirsillagan uzumlar boshiga tekkani sabab bo‘lgandir...
Balki hovli o‘rtasidagi boqqa kirib, “It is a peach?”, deb shirasi oqib turgan shaftolini paqqos tushirgani sabab bo‘lgandir...
Balki mehmon uchun qo‘yilgan dasturxondagi kulcha patir, tandirdan uzilgan nonni qo‘liga olgani, “Bu xonadon nonini Rayim rizq bilib totgan”, deya ma’yus tortishi sabab bo‘lgandir.

U hovlidagi uzumzor, shaftoli-yu olmazorga qarab: “Askarlar och qolsa ham, o‘rtaga tashlangan nonni fashistlar kutgandek talashib yemagani, tortishishmagani sababini ko‘p o‘yladim. Ularning ko‘zi to‘q bo‘lgan ekan. Bu aniq”, deya hayratini yashirmadi.
Bag‘rikeng va mehmondo‘st xonadon egalari qo‘lidan mahkam tutib, u yana shunday dedi: “Sizlarga rahmat, shunday mard, irodali askar uchun, bir paytlar mening ota-bobom asirlarga non bergan, bugun men sizlarning tuzingizni totdim. To‘kin dasturxon mehmoni bo‘ldim. Bugun men o‘tirgan joyda qarilik gashtini surib Rayim Salomov o‘tirishi kerak edi. Uning yonida umrining oxirigacha yori hajrida o‘tgan ayoli Musharram momo choy uzatishi kerak edi. Dasturxon atrofida otasiga mushtoq bo‘lgan, 2020 yilda qazo qilgan qizi Xursand momo bo‘lishi mumkin edi. Ammo, bu – taqdir. Barchamizni yer ustida non, yer ostida tuproq birlashtiradi. Biz niderland xalqi, 101 o‘zbek askari bilan faxrlanamiz!” deya ko‘ziga yosh oldi.

O‘sha kun u darvozaxonada ilingan qizil belbog‘ni ko‘rib, bir lahza tik turdi va Rayim Salomovning qarindoshlariga shunday so‘zlarni aytdi: “Men endi O‘zbekistonga, Navoiyga har doim kelaman. Bu xonadon farzandiman. Chunki bu darvozaxonada mening yurtimdan tuproq olib kelingan belbog‘ turibdi. Yurtim Niderlandiyaning bir siqim tuprog‘i endi O‘zbekistonda, Navoiydan borgan delegatsiya 101 o‘zbek askaridan biri navoiylik bo‘lsa ajabmas, nasib etsa, ramziy qabr toshi qo‘yamiz, degan niyati samimiy ekan. Taqdirni qarang, bu Navoiy viloyatidan urushga ketgan askar bo‘lib chiqdi. Biz omonat tuproqni topshirdik, omonatga xiyonat qilmay, ramziy qabr toshi qo‘yganlarga rahmat!”
Jonibek SHUHRATOV,
Navoiy viloyati “Jasorat va matonat”
targ‘ibot markazi rahbari.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA
Ma’lumot uchun: Gollandiyalik jurnalist, yozuvchi va tarixnavis Remko Reyding nomi yurtdoshlarimizga yaxshi tanish hamda juda qadrlidir. Chunki u Ikkinchi jahon urushi davrida Smolenskdagi qaqshatqich janglarda mardlarcha kurashgan va asirga olinib, fashistlarning Gollandiyadagi “Amersfort” konslageriga tashlangan 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida birinchilardan bo‘lib bong urgan fidoyi ijodkor hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 2022 yil yanvarida Bryusselda taniqli jurnalist va adib Remko Reyding bilan uchrashuvi chog‘ida qattol urushning o‘zbekistonlik 101 nafar qahramoni va qurboni taqdirini chuqur o‘rgangani hamda ana shu qayg‘uli va ibratli voqea tafsilotlari haqida alohida kitob yozgani uchun unga chuqur minnatdorchilik izhor etgandi.
Ushbu muloqot asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2020 yili Toshkent shahrida ochilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibida 101 nafar o‘zbek jangchisi xotirasiga bag‘ishlab “Konslager” yodgorligi bunyod etilgani ta’kidlandi. Shuningdek, “Shon-sharaf” davlat muzeyida, R.Reyding to‘plagan tarixiy dalil va hujjatlardan foydalangan holda, ayni mavzuni yoritishga qaratilgan maxsus pavilon ishlab turibdi.
2021 yilda gollandiyalik madaniyat arbobi B.Charlakning “O‘zbekiston – Buyuk Ipak yo‘lining gavhari” nomli kitobi nashr etildi. Ushbu kitobda ham 101 nafar o‘zbek askarining achchiq qismati haqida R.Reyding taqdim etgan tarixiy ma’lumotlar qayd etilgan.
G‘alabaning 75 yilligi arafasida o‘zbek kinoijodkorlari tomonidan millatimizning go‘zal siyratini, azaliy odobi va insonparvarlik fazilatlarini teran ochib beradigan ushbu hayotiy qissa asosida “101” nomli badiiy film tasvirga olingan. Bu haqda kitoblar chop etilmoqda, ommaviy axborot vositalarida atroflicha ma’lumotlar e’lon qilinmoqda.
Remko Reyding hozirgi vaqtda Gollandiyaning “Sovet jangchilari shon-shuhrati maydoni” jamg‘armasi boshqaruvi raisi lavozimida ishlaydi. Mazkur yodgorlik majmuasi Amersfort shahrining “Rastxof” qabristoniga tutash hududda joylashgan bo‘lib, bu yerda 865 nafar sovet askari, jumladan, 101 nafar o‘zbek jangchisi dafn etilgan.
R.Reyding ana shu qurbonlarning shaxsini aniqlashtirish uchun 20 yildan buyon izchil izlanishlar olib bormoqda. Xususan, R.Reyding 2021 yilda o‘zbekistonlik jangchilarga taalluqli ekani taxmin qilinayotgan bir qancha tarixiy hujjatlarni topishga muvaffaq bo‘lgan. Uning aytishicha, bu yerda xoklari ko‘milgan 101 nafar o‘zbek jangchisi 1941 yilda asirga olingan va 1942 yil 8 aprelda qatl etilgan. R.Reyding rahbarlik qilayotgan Jamg‘arma har yili shu qayg‘uli sanada sobiq “Amersfort” konslagerining yurtdoshlarimiz otib tashlangan maydonida xotira tadbiri o‘tkazib keladi.
R.Reyding urush qurbonlari xotirasini tiklash, ularning shaxsini aniqlash, qarindoshlarini topish borasida amalga oshirayotgan ezgu faoliyat Gollandiya va Rossiya davlatlari tomonidan yuqori baholangan. Xususan, u 2014 yilda Oran-Nassau Ordeni ritsari (Gollandiya) unvoni bilan taqdirlangan. 2015 yilda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putin unga minnatdorchilik bildirgan. 2019 yilda Lyosden shahri (Gollandiya) meriyasi R.Reydingni jamiyat oldidagi xizmatlari uchun Anni de Boforspeld ko‘krak nishoni bilan mukofotlagan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.08.2023
- Ko'rishlar: 3626
- Chop etish