Milliy markaz o‘tkazayotgan o‘quv mashg‘ulotlarida ana shu adolatli siyosatning tub mohiyati ochib berilmoqda
Yangilangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi ikkinchi bandi talabiga muvofiq, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas. Joriy yilning birinchi yarmida mamlakatimizning aksariyat hududlarida tashkil etilgan “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusidagi o‘quv kursi mashg‘ulotlarida shu haqda alohida so‘z bordi.
Ushbu mashg‘ulotlar Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda muntazam o‘tkazilmoqda. Shu maqsadda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarini o‘tkazish jadvali, o‘quv kurslari dasturi va moduli ishlab chiqildi.
Milliy markaz, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2023 yil davomida o‘quv kurslarini o‘tkazish rejasi tasdiqlandi. Rejaga asosan joriy yil 25-26 iyul kunlari – Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi majlislari zalida hamda 27-28 iyul kunlari – Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshqarmasida oflayn va onlayn tarzda o‘quv kurslari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda har bir hududdan 50 nafar ichki ishlar tizimi xodimi va 10 nafar prokuratura tizimi xodimi ishtirok etdi. Shu tariqa tinglovchi sifatida ikki viloyatda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalarining jami 120 nafar xodimi qamrab olindi.
Har ikki hududda mashg‘ulotlar boshida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yahyojon Abdulhaqovning videomurojaatlari tinglandi.
Jizzaxda o‘quv kursini Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Hamidullo Abdullayev ochib berdi. O‘z navbatida, Sirdaryoda mashg‘ulotlar Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Qahramon Shermatovning kirish so‘zi bilan boshlandi.
O‘quv kursining birinchi kunida:
- “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, asosiy tamoyillar” mavzusida – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori O‘tkir Ochilov (onlayn);
- “Qiynoqqa solish bilan bog‘liq qilmishlar sodir etilishining oldini olishga oid qonunchilikning rivojlanishi” mavzusida – O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi “Dastlabki tergov va surishtiruv” kafedrasi katta o‘qituvchisi Bahodir Xudoyberdiev;
- “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyaning mazmun-mohiyati” mavzusida – O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti direktori o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Abdumannop To‘laganov (onlayn);
- “Qiynoqqa solish jinoyati uchun javobgarlik masalalari” mavzusida – Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining kafedra mudiri, yuridik fanlar nomzodi, dotsent Mehmonali Suvonqulov;
- “Nelson Mandela qoidalarining mazmun-mohiyati” mavzusida – Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi “Jazoni ijro etish faoliyati” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Quvonch Qodirovning taqdimot-ma’ruzalari tinglandi.
Shuningdek, Milliy markaz bosh mutaxassisi Dilbar Rashidova “Qiynoqqa qarshi konvensiyaga Fakultativ protokol. Qiynoqlarning oldini olishga oid milliy preventiv mexanizmlar: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida taqdimot va interaktiv amaliy mashg‘ulot o‘tkazdi.
O‘quv kursining ikkinchi kuni “Ushlab turish, qamoqqa olishga oid xalqaro standartlar, mahbuslar huquqlarini ta’minlash kafolatlari” mavzusida – Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutining “Yuridik fanlari” kafedrasi mudiri, dotsent Mehmonali Suvonqulov hamda ushbu kafedra katta o‘qituvchisi Jahongir Yakubov so‘zga chiqdi. Tinglovchilar e’tiboriga Milliy markaz bosh mutaxassisi Dilbar Rashidovaning “Xotin-qizlarga oid xalqaro va milliy standartlar” mavzusidagi ma’ruzasi ham taqdim etildi.
Ishtirokchilarga o‘quv kurslari dasturi va moduli asosida tayyorlangan taqdimotlar, ma’ruzalar matni va boshqa ko‘plab tarqatma materiallar berildi. O‘quv kursi yakunida test sinovlari o‘tkazilib, tinlovchilarga Milliy markaz tomonidan sertifikatlar topshirildi.
Mazkur o‘quv kursida doirasidagi dars jarayonlari va boshqa tashkiliy tadbirlar tafsilotlari har ikki viloyat ommaviy axborot vositalarining e’tiborida bo‘ldi. Bundan tashqari, ayni mavzu Milliy markaz (http://www.insonhuquqlari.uz) va Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi (https://www.akadmvd.uz) rasmiy veb-saytlarida yoritildi.
Eng asosiysi, ushbu mashg‘ulotlarda insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdan iborat ekaniga jiddiy e’tibor qaratildi. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.
Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday asosda yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu haqda so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1997 yilda 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi yanada samarador ishlashini ta’minlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquqlari va erkinliklari kafolatini yanada kuchaytirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida izchil va keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 iyunda qabul qilingan “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur qaror tufayli 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni yurtimizda milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida nishonlanishi yaxshi an’anaga aylandi.
Aslida, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov faoliyatini amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha o‘quv kurslarini tashkil etish borasidagi tashabbus ham dastavval ayni shu qarorda o‘z aksini topgandi. Prezidentimizning 2023 yil 7 fevraldagi qarori qiynoqqa qarshi kurash yo‘nalishidagi o‘quv mashg‘ulotlariga yangi ruh bag‘ishladi.
Endilikda tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kursini doimiy ravishda tashkil etish ta’minlanmoqda. Shuni ham ta’kidlash joizki, mazkur mashg‘ulotlar BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda o‘tkazilmoqda.
Farhod HAYITBOYEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi
Inson huquqlari sohasida ta’lim va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i
- Qo'shildi: 01.08.2023
- Ko'rishlar: 3586
- Chop etish