Uchinchi Renessans va ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosi

15 avgust kuni Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazida akademik Akmal Saidovning “Hazrat Zangi ota” kitobi ikkinchi nashrining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondining Qashqadaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Taqdimot avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov o‘zi muallifi bo‘lgan ushbu kitobning mazmun-mohiyati haqida muxtasar so‘zlab berdi. Asarning yangi nashrini tayyorlash va chop etishni taqozo etgan muhim omillar haqida to‘xtaldi.

 “Hazrat Zangi ota” kitobi ulug‘ avliyo, shayx, tasavvufning yirik namoyandalaridan biri  Hazrat Zangi ota – Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja hayoti va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan. Movarounnahrning buyuk valiylaridan biri bo‘lgan bu mo‘tabar zot Xoja Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonbobning evarasidir. Kitobda Zangi otaning tarjimai  holi, xususan, ism va nasablari, ahli ayollari, sulolaci, tavallud va vafot vaqtlari, Vatani, sayohat va izlanishlari, ustoz va shogirdlari, Yassaviya tariqatidagi darajalari, maqbara va ziyoratgohlari to‘g‘risida ma’lumotlar bayon etilgan.

Zangi ota majmuasi – nafaqat O‘zbekiston, ayni chog‘da, Markaziy Osiyo mintaqasidagi noyob tarixiy-me’moriy va madaniy-ma’rifiy majmua va tabarruk ziyoratgohlardan hisoblanadi. Shu ma’noda, kitobda majmuaning Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilishi, Temuriyzoda – olim va shoh Mirzo Ulug‘bek tomonidan ta’mirlanishi, keyingi davrlarda, ayniqsa, mustaqillik yillarida bu mo‘tabar maskanda amalga oshirilgan obodlik va bunyodkorlik ishlari haqida ham muhim ma’lumotlar berilgan.

Asarda Hazrat Zangi otaning ma’naviyati va faoliyati misolida tasavvufga doir qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Zangi otaning karomat va fazilatlari, ul zot haqidagi she’r va rivoyatlar, shuningdek,  ulug‘ avliyo merosining Sharqda va G‘arbda o‘rganilishi masalalari talqin etilgan.

Ushbu kitob 2015 yilda nashr etilgan bo‘lib, o‘tgan davrda muallif mavzu doirasida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib bordi, o‘z fikr-mulohazalarini risola, jurnal va gazetalarda e’lon qildi. Shu nuqtai nazardan, to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashrda Hazrat Zangi ota hayoti va faoliyatiga doir yangi ma’lumotlar, kitobning birinchi nashri xususida yurtimiz ziyolilari, olimu adiblari tomonidan bildirilgan fikrlar ham o‘z aksini topgan.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasida ushbu Asosiy qonunni qabul qilishda “davlatchiligimiz  rivojining  uch  ming  yildan  ziyod  tarixiy tajribasiga, shuningdek  jahon  sivilizatsiyasiga  beqiyos  hissa  qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga” tayanilgani alohida ta’kidlangani bejiz emas. Bunda, jumladan, Hazrat Zangi otaning ma’naviy merosi ham o‘ziga xos o‘rin tutadi.

Moziy shohidki, IX-XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan va avstriyalik atoqli sharqshunos olim Adam Mes tomonidan ilk bor “Musulmon Renessansi” deb ta’riflangan Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham, butun dunyoda mashhur fransuz olimi Vensan Furniyo iborasi bilan “Temuriylar davri Renessansi” deya e’tirof etilgan XIV-XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jamiyatda e’tiqod  mustahkam, ma’naviyat  kuchli, insonlar dunyoqarashida ma’naviyat  ustuvor, davlatchilik tuzumida ma’naviyat va ma’rifat  yetakchi bo‘lgan.

Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, Yangi O‘zbekistonda alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda. 

Taqdimot ishtirokchilari shu kunlarda jamoatchilik muhokamasi yakuniga yetayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasida buyuk ajdodlarimizga bag‘ishlangan yuqori sifatli filmlarni suratga olishi tashabbusi ham ilgari surilganiga e’tibor qaratdilar. Kelgusida Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn  Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy,  Bobur Mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimiz qatori Zangi otadek aziz-avliyolarimiz haqida ham dunyo  kino  bozorlarida  raqobat qila oladigan yangi badiiy filmlar yaratilishi o‘zbek madaniyatini butun dunyoga yanada keng targ‘ib etish imkonini berishi qayd etildi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sharofiddin Nazarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Jamshid Qosimov, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyat muassasasi boshqaruvi raisi, yozuvchi Sharofat Ashurova, Qarshi Muhandislik-iqtisodiyot universiteti professori Iskandar Bo‘riyev, Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Gulnora Tursunova va boshqalar “Hazrat Zangi ota” kitobining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, xususan, yoshlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashda tutadigan o‘rni muhimligini e’tirof etdilar. Kitob Mustaqilligimizning 32 yilligi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi bayramlariga tuhfa ekanligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir yakunida yozuvchi Sharofat Ashurova, marhum tarixchi olim Poyon Ravshanovning oilasi vakili va viloyat kutubxonasiga muallif tomonidan “Hazrat Zangi ota” kitobi sovg‘a qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazining telegram kanali

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi rasmiy kanali

Powered by GSpeech