Ma’rifat – tinchlik va taraqqiyot garovi

“Qashqadaryo zaminida buyuk alloma, moturidiya ta’limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy bobomiz yashab o‘tganlar. U kishi uzoq muddat Buxoro va Samarqandda tahsil olib, kalom ilmi, ya’ni islomiy e’tiqod pokligi masalasida 15 ga yaqin kitob yozganlar. Ana shu kitoblarida, bundan ming yil oldin din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlar”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning ushbu fikrlari 15 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy majmuasida akademik Akmal Saidovning “Hazrat Zangi ota” kitobi ikkinchi nashrining taqdimotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdimot marosimida yana bir bor ta’kidlandi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondining Qashqadaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Taqdimot avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov o‘zi muallifi bo‘lgan ushbu kitobning mazmun-mohiyati haqida muxtasar so‘zlab berdi. Asarning yangi nashrini tayyorlash va chop etishni taqozo etgan muhim omillar haqida to‘xtaldi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi»  mavzusidagi  anjumanda bildirgan  takliflariga ko‘ra, 2017 yil 8 noyabrda Samarqand viloyatida  Kalom  ilmi  maktabi, 10 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida Aqida  ilmi  maktabi va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmi maktabi hamda 13 noyabr kuni Islom huquqi maktabi ish boshladi. Ushbu ma’rifat markazlari endilikda boy ilmiy-tarixiy merosimizni tizimli o‘rganish  va targ‘ib etishga xizmat qilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining ma’rifatli islom g‘oyalarini targ‘ib qilish borasidagi tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan qizg‘in kutib olinmoqda. Xususan, 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyusiyasi qabul  qilindi.

Ushbu rezolyusiya O‘zbekiston  Respublikasi Prezidenti 2017 yil 19 sentyabrda BMTning 72-sessiyasi minbaridan ilgari surgan xalqaro tashabbuslardan biridir. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat.

Hozirgi vaqtda butun bashariyat globallashuv zamonida, turli g‘oyalar kurashi o‘ta faollashgan, ba’zi ekstremistik kuchlar islom dinini o‘zlariga niqob qilib olib, g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan davrda yashamoqda. Bu qaltis va murakkab vaziyatda birinchi navbatdagi vazifa shuki, musulmonlarning o‘zi aqidaparastlikdan xalos bo‘lmoqliklari shart. Aks holda, dunyo miqyosida tinchlik va barqarorlikka erishish nihoyatda mushkuldir .

Shu nuqtai nazardan, inson ongi va qalbi uchun kurash keskin tus olayotgan bir paytda, dindan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan turli oqimlar faoliyatiga munosib baho berish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik yillarida biz farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda, Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiya ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy va Zangi ota hikmatlari, Imom Moturidiy va Imom Abu Muin Nasafiy aqoidlari asosida tarbiya qilayotganimiz bejiz emas. Binobarin,  ma’naviy  hayotimizni,  shu  jumladan,  ma’rifiy  islom, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’rifiy tasavvufni mana shu ulug‘ allomalarimiz, piri komil ajdodlarimizning nomlari bilan bog‘laymiz.

«Hazrat  Zangi  ota» kitobi muallifi o‘z asarining to‘ldirilgan va qayta ishlangan yangi nashrini kitobxonlar e’tiboriga taqdim etar ekan, bir qator omillarni inobatga olgani juda muhim. Bu omillar, jumladan, quyidagilardan iborat:

birinchidan, kitob nashr etilganidan keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi;

ikkinchidan, «Hazrat Zangi ota» kitobining dastlabki nashrini kitobxon xalqimiz qizg‘in kutib oldi. Hatto, 2017 yili «Hazrat Zangi  ota» kitobi tarjimon Sherigul Payzullayeva tomonidan qoraqalpoq tiliga tarjima qilindi;

uchinchidan, ayni mavzudagi tadqiqot yakunlari salmoqli kitob shaklida e’lon qilinganiga qaramay, muallifning bu yo‘nalishdagi izlanishlari to‘xtab qolmadi, aksincha. ushbu ilmiy-ijodiy jarayon keyin ham davom etdi;

to‘rtinchidan, «Hazrat Zangi ota» kitobiga bir qator olimlarimiz o‘z taqrizlari orqali ijobiy munosabatlarini bildirdilar. Zangi otamiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan to‘rtta hujjatli film ishlandi. Qolaversa, 2016 yili Zangi ota ziyoratgohi yodgorlik majmuasi rasmiy veb-sayti – zangi-ota.uz saytiga asos solindi;

beshinchidan,  «Hazrat  Zangi  ota» kitobining ilk nashrini tayyorlashda juda ko‘plab manbalardan foydalanilgan.  Bu jarayonda kitobxonni qiziqarli va qimmatli yozma ma’lumotlar bilan batafsilroq tanishtirish maqsadidan kelib chiqib, kitobni ko‘rkam suratlar bilan bezatishda bir qadar cheklanilgan. Xususan, Zangi ota me’moriy yodgorligining tarixiy qiyofasi va ziyoratgohning ta’mirdan keyingi go‘zal manzaralari atigi 16 betlik zarvaraqlarda aks ettirilgandi, xolos.

Shu ma’noda, kitobning to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashrida kitobxonda to‘liq tasavvur bo‘lishi uchun rasm va bezaklardan keng foydalanildi. Zangi ota me’moriy majmuasi obidalarining arab imlosidagi bitiklarining o‘zbekcha tarjimalari, ushbu tarixiy yozuvlar tarjimalari taqdim etildi.

Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, imom-xatib Rahmatillo qori Usmonov, Qarshi tumani hokimi Bekzod Suyunov, Abu Muin Nasafiy majmuasi direktori Muzaffar Bozorov,  Hoji Xizr jome masjidi imom-xatibi Sadriddin Abrayev, fermer va ijodkor Ibrohim Xolyorov va boshqalar e’tirof etganlaridek, ushbu kitob Mustaqilligimizning 32 yilligi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi bayramlariga mo‘jaz tuhfadir.

Taqdimot yakunida tadbir ishtirokchilari Abu Muin Nasafiy majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakiliga akademik Akmal Saidov tomonidan “Hazrat Zangi ota” kitobi sovg‘a qilindi.

Ma’lumot uchun: Qarshi tumanidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan Abul Muin an-Nasafiy ziyoratgohining tarixi ming yillar bilan bo‘ylashadi. Bu yerdagi binolardan tortib, o‘ramlari asrlardan darak beruvchi tut daraxtlari, qadim bitiklar bilan bezatilgan qabr toshlari bunga yaqqol misol. Qadamjoda ulug‘ alloma, hazrat Abul Muin an-Nasafiyning maqbarasi hamda shu nom bilan ataluvchi masjid saqlanib qolgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2021 yili ziyoratgoh negizida Abu Muin Nasafiy majmuasi tashkil etildi. Majmua ziyorat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bir qatorda  Abun Muin Nasafiy va Imom Moturudiy kabi ulug‘ allomalarimiz ma’rifati va ta’limotini targ‘ib qilish, asrab avaylash hamda kelajak avlodga yetkazish bilan shug‘ullanadi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech