«Yaratganning mehri, nazari tushgan bu zamindan Shayx Umar Bog‘istoniy, Xo‘ja Ahror Valiy, Abu Bakr Shoshiy, Abu Sulaymon Banokatiy kabi aziz avliyo va allomalar yetishib chiqqanini tarixdan yaxshi bilamiz. Ayniqsa, buyuk alloma Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja – Zangi otaning nomi, bu muborak zotning Toshkent viloyatidagi ziyoratgohi musulmon olamida ma’lumu mashhurdir».
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu e’tirofi akademik Akmal Saidov qalamiga mansub “Hazrat Zangi ota” kitobi ikkinchi nashrining dastlabki varag‘iga muhrlangan.
Joriy yilning 15-16 avgust kunlari yaqinda nashrdan chiqqan ushbu kitobning taqdimotlari Qashqadaryo zaminida o‘tkazildi. Taqdimot doirasidagi barcha ma’rifiy tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligiga bag‘ishlanadi.
Viloyat kutubxonasida Konstitutsiya va inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar yo‘nalishi ochildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 15 avgust kuni Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “Konstitutsiya va inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar” yo‘nalishi ochilishida ishtirok etdi.
Shu munosabat bilan Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Gulnora Tursunovaga Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining maxsus diplomi topshirildi.
Viloyat kutubxonasi 1943 yilda tashkil etilgan. Uning jamg‘armasida 221 ming 651 ta kitob, 6 ming 30 ta gazeta va 5 ming 360 ta jurnal mavjud. Bu yerda, shuningdek, 153 ta nodir va noyob nashrlar saqlanmoqda.
Endilikda mazkur kutubxona Milliy markaz tomonidan beg‘araz taqdim etilgan 150 dan ortiq inson huquqlariga oid kitob va ilmiy-huquqiy jurnallar hisobiga yanada boyidi.
Ma’lumki, joriy yilning birinchi yarmida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va boshqa bir qator viloyatlardagi axborot-kutubxona markazlarida ham “Konstitutsiya va inson huquqlari bo‘yicha adabiyotlar” yo‘nalishi tashkil qilindi. Ushbu kutubxonalarga jami 2 ming 150 dona kitob va 600 dan ortiq ilmiy-huquqiy jurnal yetkazib berildi. Bu ishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Uchinchi Renessans va ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosi
15 avgust kuni Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazida akademik Akmal Saidovning “Hazrat Zangi ota” kitobi ikkinchi nashrining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondining Qashqadaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimot avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov o‘zi muallifi bo‘lgan ushbu kitobning mazmun-mohiyati haqida muxtasar so‘zlab berdi. Asarning yangi nashrini tayyorlash va chop etishni taqozo etgan muhim omillar haqida to‘xtaldi.
“Hazrat Zangi ota” kitobi ulug‘ avliyo, shayx, tasavvufning yirik namoyandalaridan biri Hazrat Zangi ota – Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja hayoti va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan. Movarounnahrning buyuk valiylaridan biri bo‘lgan bu mo‘tabar zot Xoja Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonbobning evarasidir. Kitobda Zangi otaning tarjimai holi, xususan, ism va nasablari, ahli ayollari, sulolaci, tavallud va vafot vaqtlari, Vatani, sayohat va izlanishlari, ustoz va shogirdlari, Yassaviya tariqatidagi darajalari, maqbara va ziyoratgohlari to‘g‘risida ma’lumotlar bayon etilgan.
Zangi ota majmuasi – nafaqat O‘zbekiston, ayni chog‘da, Markaziy Osiyo mintaqasidagi noyob tarixiy-me’moriy va madaniy-ma’rifiy majmua va tabarruk ziyoratgohlardan hisoblanadi. Shu ma’noda, kitobda majmuaning Sohibqiron Amir Temur tomonidan bunyod etilishi, Temuriyzoda – olim va shoh Mirzo Ulug‘bek tomonidan ta’mirlanishi, keyingi davrlarda, ayniqsa, mustaqillik yillarida bu mo‘tabar maskanda amalga oshirilgan obodlik va bunyodkorlik ishlari haqida ham muhim ma’lumotlar berilgan.
Asarda Hazrat Zangi otaning ma’naviyati va faoliyati misolida tasavvufga doir qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan. Zangi otaning karomat va fazilatlari, ul zot haqidagi she’r va rivoyatlar, shuningdek, ulug‘ avliyo merosining Sharqda va G‘arbda o‘rganilishi masalalari talqin etilgan.
Ushbu kitob 2015 yilda nashr etilgan bo‘lib, o‘tgan davrda muallif mavzu doirasida ko‘plab ilmiy izlanishlar olib bordi, o‘z fikr-mulohazalarini risola, jurnal va gazetalarda e’lon qildi. Shu nuqtai nazardan, to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashrda Hazrat Zangi ota hayoti va faoliyatiga doir yangi ma’lumotlar, kitobning birinchi nashri xususida yurtimiz ziyolilari, olimu adiblari tomonidan bildirilgan fikrlar ham o‘z aksini topgan.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Muqaddimasida ushbu Asosiy qonunni qabul qilishda “davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va ma’naviy merosiga” tayanilgani alohida ta’kidlangani bejiz emas. Bunda, jumladan, Hazrat Zangi otaning ma’naviy merosi ham o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Moziy shohidki, IX-XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan va avstriyalik atoqli sharqshunos olim Adam Mes tomonidan ilk bor “Musulmon Renessansi” deb ta’riflangan Birinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham, butun dunyoda mashhur fransuz olimi Vensan Furniyo iborasi bilan “Temuriylar davri Renessansi” deya e’tirof etilgan XIV-XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jamiyatda e’tiqod mustahkam, ma’naviyat kuchli, insonlar dunyoqarashida ma’naviyat ustuvor, davlatchilik tuzumida ma’naviyat va ma’rifat yetakchi bo‘lgan.
Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa bo‘lgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-ma’rifat va kuchli e’tiqod, diniy bag‘rikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan edi. Bu g‘oyalar bizning davrimizda, Yangi O‘zbekistonda alohida, yanada teran ma’no-mazmun kasb etib bormoqda.
Taqdimot ishtirokchilari shu kunlarda jamoatchilik muhokamasi yakuniga yetayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi loyihasida buyuk ajdodlarimizga bag‘ishlangan yuqori sifatli filmlarni suratga olishi tashabbusi ham ilgari surilganiga e’tibor qaratdilar. Kelgusida Muhammad Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi ulug‘ ajdodlarimiz qatori Zangi otadek aziz-avliyolarimiz haqida ham dunyo kino bozorlarida raqobat qila oladigan yangi badiiy filmlar yaratilishi o‘zbek madaniyatini butun dunyoga yanada keng targ‘ib etish imkonini berishi qayd etildi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Sharofiddin Nazarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Jamshid Qosimov, “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyat muassasasi boshqaruvi raisi, yozuvchi Sharofat Ashurova, Qarshi Muhandislik-iqtisodiyot universiteti professori Iskandar Bo‘riyev, Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Gulnora Tursunova va boshqalar “Hazrat Zangi ota” kitobining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati, xususan, yoshlarimizni barkamol insonlar etib tarbiyalashda tutadigan o‘rni muhimligini e’tirof etdilar. Kitob Mustaqilligimizning 32 yilligi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi bayramlariga tuhfa ekanligi alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida yozuvchi va tarixshunos Sharofat Ashurova, marhum tarixchi olim Poyon Ravshanovning oilasi vakili va viloyat kutubxonasiga muallif tomonidan “Hazrat Zangi ota” kitobi sovg‘a qilindi.
Ma’rifat – tinchlik va taraqqiyot garovi
“Qashqadaryo zaminida buyuk alloma, moturidiya ta’limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy bobomiz yashab o‘tganlar. U kishi uzoq muddat Buxoro va Samarqandda tahsil olib, kalom ilmi, ya’ni islomiy e’tiqod pokligi masalasida 15 ga yaqin kitob yozganlar. Ana shu kitoblarida, bundan ming yil oldin din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlar”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning ushbu fikrlari 15 avgust kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi Abu Muin Nasafiy majmuasida akademik Akmal Saidovning “Hazrat Zangi ota” kitobi ikkinchi nashrining taqdimotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdimot marosimida yana bir bor ta’kidlandi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Qashqadaryo viloyati hokimligi va “Oltin meros” xalqaro xayriya jamoat fondining Qashqadaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimot avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov o‘zi muallifi bo‘lgan ushbu kitobning mazmun-mohiyati haqida muxtasar so‘zlab berdi. Asarning yangi nashrini tayyorlash va chop etishni taqozo etgan muhim omillar haqida to‘xtaldi.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi anjumanda bildirgan takliflariga ko‘ra, 2017 yil 8 noyabrda Samarqand viloyatida Kalom ilmi maktabi, 10 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida Aqida ilmi maktabi va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmi maktabi hamda 13 noyabr kuni Islom huquqi maktabi ish boshladi. Ushbu ma’rifat markazlari endilikda boy ilmiy-tarixiy merosimizni tizimli o‘rganish va targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining ma’rifatli islom g‘oyalarini targ‘ib qilish borasidagi tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan qizg‘in kutib olinmoqda. Xususan, 2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi qabul qilindi.
Ushbu rezolyutsiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yil 19 sentyabrda BMTning 72-sessiyasi minbaridan ilgari surgan xalqaro tashabbuslardan biridir. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta’lim olish huquqini ta’minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko‘maklashishdan iborat.
Hozirgi vaqtda butun bashariyat globallashuv zamonida, turli g‘oyalar kurashi o‘ta faollashgan, ba’zi ekstremistik kuchlar islom dinini o‘zlariga niqob qilib olib, g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan davrda yashamoqda. Bu qaltis va murakkab vaziyatda birinchi navbatdagi vazifa shuki, musulmonlarning o‘zi aqidaparastlikdan xalos bo‘lmoqliklari shart. Aks holda, dunyo miqyosida tinchlik va barqarorlikka erishish nihoyatda mushkuldir .
Shu nuqtai nazardan, inson ongi va qalbi uchun kurash keskin tus olayotgan bir paytda, dindan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan turli oqimlar faoliyatiga munosib baho berish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik yillarida biz farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda, Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiya ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy va Zangi ota hikmatlari, Imom Moturidiy va Imom Abu Muin Nasafiy aqoidlari asosida tarbiya qilayotganimiz bejiz emas. Binobarin, ma’naviy hayotimizni, shu jumladan, ma’rifiy islom, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’rifiy tasavvufni mana shu ulug‘ allomalarimiz, piri komil ajdodlarimizning nomlari bilan bog‘laymiz.
«Hazrat Zangi ota» kitobi muallifi o‘z asarining to‘ldirilgan va qayta ishlangan yangi nashrini kitobxonlar e’tiboriga taqdim etar ekan, bir qator omillarni inobatga olgani juda muhim. Bu omillar, jumladan, quyidagilardan iborat:
birinchidan, kitob nashr etilganidan keyingi yillarda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ulkan o‘zgarishlar amalga oshirildi;
ikkinchidan, «Hazrat Zangi ota» kitobining dastlabki nashrini kitobxon xalqimiz qizg‘in kutib oldi. Hatto, 2017 yili «Hazrat Zangi ota» kitobi tarjimon Sherigul Payzullayeva tomonidan qoraqalpoq tiliga tarjima qilindi;
uchinchidan, ayni mavzudagi tadqiqot yakunlari salmoqli kitob shaklida e’lon qilinganiga qaramay, muallifning bu yo‘nalishdagi izlanishlari to‘xtab qolmadi, aksincha. ushbu ilmiy-ijodiy jarayon keyin ham davom etdi;
to‘rtinchidan, «Hazrat Zangi ota» kitobiga bir qator olimlarimiz o‘z taqrizlari orqali ijobiy munosabatlarini bildirdilar. Zangi otamiz hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan to‘rtta hujjatli film ishlandi. Qolaversa, 2016 yili Zangi ota ziyoratgohi yodgorlik majmuasi rasmiy veb-sayti – zangi-ota.uz saytiga asos solindi;
beshinchidan, «Hazrat Zangi ota» kitobining ilk nashrini tayyorlashda juda ko‘plab manbalardan foydalanilgan. Bu jarayonda kitobxonni qiziqarli va qimmatli yozma ma’lumotlar bilan batafsilroq tanishtirish maqsadidan kelib chiqib, kitobni ko‘rkam suratlar bilan bezatishda bir qadar cheklanilgan. Xususan, Zangi ota me’moriy yodgorligining tarixiy qiyofasi va ziyoratgohning ta’mirdan keyingi go‘zal manzaralari atigi 16 betlik zarvaraqlarda aks ettirilgandi, xolos.
Shu ma’noda, kitobning to‘ldirilgan va qayta ishlangan ikkinchi nashrida kitobxonda to‘liq tasavvur bo‘lishi uchun rasm va bezaklardan keng foydalanildi. Zangi ota me’moriy majmuasi obidalarining arab imlosidagi bitiklarining o‘zbekcha tarjimalari, ushbu tarixiy yozuvlar tarjimalari taqdim etildi.
Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakili, imom-xatib Rahmatillo qori Usmonov, Qarshi tumani hokimi Bekzod Suyunov, Abu Muin Nasafiy majmuasi direktori Muzaffar Bozorov, Hoji Xizr jome masjidi imom-xatibi Sadriddin Abrayev, fermer va ijodkor Ibrohim Xolyorov va boshqalar e’tirof etganlaridek, ushbu kitob Mustaqilligimizning 32 yilligi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi bayramlariga mo‘jaz tuhfadir.
Tadbir ishtirokchilari Abu Muin Nasafiy majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ma’lumki, ushbu ziyoratgoh tarixi ming yillar bilan bo‘ylashadi. Bu yerdagi binolardan tortib, o‘ramlari asrlardan darak beruvchi tut daraxtlari, qadim bitiklar bilan bezatilgan qabr toshlari bunga yaqqol misol. Qadamjoda ulug‘ alloma, hazrat Abul Muin an-Nasafiyning maqbarasi hamda shu nom bilan ataluvchi masjid saqlanib qolgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2021 yili ziyoratgoh negizida Abu Muin Nasafiy majmuasi tashkil etildi. Majmua ziyorat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bir qatorda Abun Muin Nasafiy va Imom Moturudiy kabi ulug‘ allomalarimiz ma’rifati va ta’limotini targ‘ib qilish, asrab avaylash hamda kelajak avlodga yetkazish bilan shug‘ullanadi.
Taqdimot yakunida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyatidagi vakiliga akademik Akmal Saidov tomonidan “Hazrat Zangi ota” kitobi sovg‘a qilindi.
Qashqadaryolik yosh ijodkorlar bilan uchrashuv
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov 15 avgust kuni Qarshi shahrida joylashgan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabiga tashrif buyurdi. Bu yerda ijod maktabi rahbariyati, o‘qituvchilari va bir guruh ijodkor yoshlar bilan jonli muloqot bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda ishtirok etgan Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat Kengashi kotibiyati mudiri Nilufar O‘taganova, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Sultonov, "Milliy tiklanish" demokratik partiyasining viloyat Kengashi raisi Sayfulla Mahmatmo‘minov, ijod maktabi direktori v.v.b. Yoqutoy Jamolova va boshqalar tomonidan so‘nggi yillarda O‘zbekiston Prezidentining mamlakatimizda ta’lim, ma’rifat va ijod sohalariga qaratayotgan yuksak e’tibori hamda doimiy g‘amxo‘rliklari alohida e’tirof etildi.
Yosh ijodkorlar O‘zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov she’rlaridan va o‘z ijodlaridan namunalar o‘qib berdilar. Ustoz shoirimizning mashhur she’rlari ingliz va rus tillarida ham yangradi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Akmal Saidov shundan so‘ng Abdulla Oripov muzeyidagi yangi eksponatlar bilan tanishdi. Muzey ko‘rgazmalarini yanada boyitish, xalqimizning atoqli shoiri ijodini bugungi yangi davr talablari negizida keng va faol targ‘ib etish yuzasidan bir qator amaliy takliflar bildirdi. Bu boradagi milliy amaliyot va xorijiy tajriba haqida atroflicha so‘z yuritildi.
Tashrif yakunida akademik A.Saidov muzeyning faxriy mehmonlari kitobiga dastxat bitdi. Ijod maktabi kutubxonasiga o‘z muallifligidagi “Hazrat Zangi ota” kitobini taqdim etdi.
Shu kunlarda Vatanimizning ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida butunlay yangi davrni boshlab bergan unutilmas tarixiy voqea — Mustaqilligimizning o‘ttiz ikki yillik sanasini baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlash uchun qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Joylarda o‘tkazilayotgan «Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!» degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, “Hazrat Zangi ota” kitobi taqdimoti doirasida ham mustaqil taraqqiyot yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarimizni izchil davom ettirish, barcha soha va tarmoqlar rivojini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bugungi kunda yurtimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaro erkin va farovon yashaydigan yangi jamiyat va davlat barpo etilayotgani ko‘p bora e’tirof etildi.
Xulosa qilib aytganda, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasida qayd etilganidek, “Har bir inson jamiyatning madaniy hayotida erkin ishtirok etishga, san’atdan bahramand bo‘lishga, ilmiy taraqqiyotda ishtirok etish va uning samaralaridan foydalanish huquqiga ega”. Shu ma’noda, “Hazrat Zangi ota” kitobining tayyorlanishi, nashr etilishi va taqdimotlari o‘tkazilishi jarayonlari ayni shu huquq yurtimizda nechog‘lik keng amal qilishining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
- Qo'shildi: 18.08.2023
- Ko'rishlar: 3695
- Chop etish