MAMLAKATNING DEMOKRATIK TARAQQIYOT DARAJASINI KO‘RSATUVCHI INDIKATOR
Gender tenglik strategiyasi qanday samara bermoqda?
Xotin-qizlar huquqlari masalasi inson huquqlarining ajralmas qismi, sivilizatsiyaning eng muhim yutuqlaridan biridir. Mamlakatimizda inson haqhuquqlari uchun dastlabki harakatlar boshlangan va ilk tarixiy hujjatlar qabul qilingan davrlardanoq ayollarning fuqarolik va siyosiy huquqlarimuhofazasini ta’minlash yo‘lida tegishli hujjatlar qabul qilinib, keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham bu borada ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, gender tenglikni ta’minlash bilan bog‘liq qator masalalar qamrab olingan.
Gender tenglik insonning asosiy huquqlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu omil eng yuqori darajadagi iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy taraqqiyotning asosiy negizidir. Zero, mutaxassislarning fikricha, gender tenglik ta’minlangan mehnat jamoalarida, ayniqsa, agar ular aqliy mehnat bilan band bo‘lsa, bir necha barobar yuqori natijaga erishilar ekan. Qolaversa, gender tenglik, bu — mamlakatning demokratik taraqqiyot darajasini ko‘rsatuvchi indikator. Demak, rivojlangan mamlakatlar qatoriga qo‘shilish, yurtimizga tobora ko‘proq investitsiyalar jalb qilish uchun ham shu indikatorga yetarlicha ahamiyat berishimiz kerak.
O‘zbekistonda gender siyosatini amalga oshirish, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Mamlakatimiz o‘tgan yillarda inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi 80 ta asosiy xalqaro hujjatga, jumladan, BMTning “Ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi konvensiyasiga qo‘shildi. Shu tariqa davlatimizning inson huquqlari sohasida xalqaro andozalarga amal qilish, xususan, xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashga tayyorligi jahon hamjamiyatiga ma’lum qilindi.
Ayollar va erkaklarning teng huquqliligi tamoyili mamlakatimizning asosiy qonuni — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan. Xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash borasida xalqaro standartlarni hisobga olgan holda izchil davlat siyosati amalga oshirilmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini tashkil etadigan opa-singillarimizning hamma sohalarda, jumladan, siyosiy boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hayotda samarali faoliyat yuritishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
Mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglikni ta’minlashga e’tibor so‘nggi yillarda yanada kuchaydi. Bu yo‘nalishda 24 ta huquqiy hujjat qabul qilindi. O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi faolligini oshirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.
O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Aynan shu ko‘rsatkich bo‘yicha yurtimiz Top-50 talikdan o‘rin olgan. Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 44 foiz, oliy ta’lim sohasida 40 foiz, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi. Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizni tashkil etmoqda. Ayollarimiz axborot-kommunikatsiya, innovatsiya, energetika, muhandislik sohalariga ham jalb etilmoqda.
Bugungi kunda turli darajadagi davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1500 dan ortiq, jumladan, vazirlik va idoralarda, mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda. Davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilmoqda.
O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qarorlar qabul qilish, ijro etishning barcha soha va darajalarida xotin-qizlar va erkaklar o‘rtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi. Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targ‘ib qilinishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimiz bugungi kunda hayotimizning barcha jabhalaridagi muhim o‘zgarishlar qatorida jamiyatda gender tenglikni ta’minlash borasidagi islohotlarni ham izchillik bilan davom ettirishda sobitqadam ekanini xalqaro hamjamiyat oldida keng namoyish etmoqda. Xususan, O‘zbekiston — 2030 strategiyasi loyihasida gender taraqqiyotga erishish borasida qator vazifalar belgilangan. Tabiiyki, bu sa’y-harakatlar yurtimizning xalqaro miqyosda nufuzini yanada oshirish, davlatimizning insonparvar siyosatini dunyo bo‘ylab keng namoyish etish, eng muhimi, ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatning barcha jabhalarida rivojlanish sari keng istiqbol yo‘llarini ochadi.
Sevara ESHMURODOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘limi boshlig‘i
«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 29 avgust kungi 175-soni
- Qo'shildi: 29.08.2023
- Ko'rishlar: 3492
- Chop etish