Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!
Poytaxtimizdagi Kinochilar uyida Vatanimiz mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab suratga olingan “Abdulla Oripov” badiiy filmining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi va tashabbusi asosida ishlangan ushbu kartina O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning yorqin va ayni paytda zahmatga to‘la hayot yo‘li haqida hikoya qiladi.
Mazkur filmda xalqimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripovning hayot yo‘li aks ettirilishi bilan birga, o‘tgan asrning ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, adabiy muhit yaqqol gavdalantirilgan. Shoirning Vatan hurligi yo‘lidagi iztirobli kechmishlari, olovli satrlari, turli tazyiqlarga ro‘baro‘ kelishi g‘oyat ta’sirchan tarzda ochib berilgan.
Shu bilan birga sho‘rolar davridagi milliy qadriyatlarimiz, jumladan Navro‘z bayrami, ona tilimizga bo‘lgan zug‘umlar, jonajon Vatanimizning mustaqillikka erishishi, O‘zbekiston Davlat madhiyasining yaratilishidek tarixiy jarayonlar tomoshabinni befarq qoldirmaydi. Yurtimizdagi yangilanishlar, milliy adabiyotimizga, ijodkor ziyolilarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ham katta mahorat bilan kartina voqeliklariga singdirilgan.
Filmda Abdulla Oripov bilan birga Abdulla Qahhor, Sharof Rashidov, Ozod Sharafiddinov, Shukur Xolmirzayev, Erkin Vohidov, Baxtiyor Nazarov kabi milliy adabiyotimiz darg‘alarining siymosi gavdalantirilgan. Ushbu ulug‘ zotlarning adabiyotimiz rivoji yo‘lidagi ezgu ishlari munosib aks ettirilgan.
Kartinada Abdulla Oripov shon-shuhrat, zahmatu mehnat, mashaqqat ichra ijod qilgan inson ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Tomoshabin uning Yaratgan tomonidan ato etilgan iste’dod sohibi bo‘lganiga yana bir karra ishonch hosil qiladi.
Abdulla Oripovning bolalik davri Qashqadaryo viloyati Koson tumani Neko‘z qishlog‘ida tasvirga olingan. Shuningdek, talabalik davri, mashhurlikka erishishi, xalq manfaati yo‘lidagi jonbozligi Toshkentda, umrining so‘nggi kunlari o‘tgan davr esa AQShda suratga olingan.
Abdulla akaning bolaligini Jasurbek Abdumannopov, yigitlik va o‘rta yosh siymosini uning shogirdi, “Do‘stlik” ordeni sohibi, atoqli shoir Shodmonqul Salomov, keksalik davrini O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Qudratilla Burxonov gavdalantirgan. Kartinada, shuningdek, Gulchehra Jamilova, Muhammadali Abduqunduzov, Tesha Mo‘minov, Olimjon Salimov, Alisher Sharafiddinov, Farhod Abdullayev, Rayhon Asadova, Hamza Hasanov va boshqa ijrochilar ishtirok etgan.
Ssenariy mualliflari – Abduqayum Yo‘ldoshev, Muqaddas Usmonova, Minhojiddin Mirzo, Furqat Usmonov. Filmga Muzaffarxon Erkinov bosh rejissyorlik qilgan. Bosh operator – Ravshan Mirzakamolov. Bosh muharrir – Erkin A’zam. Kartina badiiy rahbari – Shuhrat Rizayev. Bosh prodyuser – Firdavs Abduxoliqov. Badiiy filmga Hanifa Mustafoyeva, Abdurahim Erkayev maslahatchilik qilgan.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan badiiy film taqdimoti aynan Mustaqillik bayrami arafasida bo‘lib o‘tgani bejiz emas. Chunki tom ma’noda Istiqlol kuychisi bo‘lgan atoqli shoirimizning betakror ijodiy merosi mamlakatimizda nihoyatda qadrlanadi.
Ardoqli shoirimizning Vatanga muhabbat, vafo va sadoqat tuyg‘usini, olijanob insoniy fazilatlarni madh etgan yetuk badiiy asarlari, sermazmun hayoti va ijtimoiy faoliyatining xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yosh avlod tarbiyasidagi o‘rni beqiyosdir.
Xalqimizning suyukli shoiri Abdulla Oripov haqidagi yangi badiiy film taqdimotiga yurtimiz adabiyoti va she’riyati peshqadam muxlislari qatorida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillari ham taklif etildi va ishtirok etdi. Zero, ulug‘ shoir hayotligi davrida Milliy markazning doimiy ijodiy hamkori va mo‘tabar mehmoni bo‘lgan.
Milliy markaz vakillari tomonidan Abdulla Oripov hayoti, she’riyati va tarjimonlik faoliyati haqida kitob va maqolalar muntazam e’lon qilingan. Ustoz shoirimizning vafotidan so‘ng 2019 yilda Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov va shoir G‘ulom Mirzo muallifligida “Sen bahorni sog‘inmadingmi?..” xotira kitobi chop etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 2 dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida yurtimizda ushbu qutlug‘ sanani munosib nishonlash va hassos shoir xotirasini abadiylashtirish borasida ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirildi. Qutlug‘ to‘yga «Akademnashr» nashriyoti tomonidan ham munosib to‘yona hozirlandi, ya’ni Ustoz Abdulla Oripov haqidagi xotiralarni o‘zida jamlagan «O‘zbekiston – dilbar Vatanim» deb nomlangan kitob nashr etildi.
Mazkur kitob O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, yuridik fanlar doktori, professor Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, taniqli olim, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, badiiy adabiyot va she’riyat muxlisi Qalandar Abdurahmonov hamda taniqli ijodkor – shoir, tarjimon va jurnalist G‘ulom Mirzo muallifligida chop etilgan.
Ma’lumki, 2021 yili italiyalik daho ijodkor Dante Aligeri qalamiga mansub “Ilohiy komediya” bitilganiga 700 yil, bu buyuk asarni o‘zbek tiliga o‘girgan ardoqli shoirimiz Abdulla Oripov tug‘ilganiga esa 80 yil to‘ldi. Akademik Akmal Saidov qalamiga mansub “Dante: Renessanslar chorrahasida” nomli kitob ana shu qutlug‘ sanalarga bag‘ishlangan.
Asarda Birinchi Sharq Uyg‘onish davri bilan Yevropa Renessansi davri oralig‘ida yashab o‘tgan ulug‘ ijodkor Dante Aligeri (1265-1321) hayoti va ijodi haqida so‘z boradi. Binobarin, muallif e’tirof etganidek, G‘arbning ushbu daho shoiri Sharq Renessansi qaynar buloqlaridan suv ichib, G‘arb Uyg‘onish davri bog‘larini yashnatgan.
Dantening ijodi Ikkinchi Sharq Uyg‘onish davrida ham jahon afkor ommasi, ayniqsa, madaniyat, adabiyot va san’at muxlislari e’tiboridan chetda qolmagan. Shu ma’noda, bugun biz poydevorini barpo etayotgan Uchinchi Renessans uchun ham G‘arb daho shoiri va uning o‘zbek tili bo‘yicha buyuk tarjimoni Abdulla Oripov ijodining o‘z o‘rni va ahamiyati bor.
Muxtasar aytganda, Ustoz Abdulla Oripov nafaqat atoqli shoir va tarjimon, ayni chog‘da O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi, taniqli davlat va jamoat arbobi, dilkash va oqibatli inson sifatida ham xalqimiz xotirasida abadiy saqlanib qolajak. Zotan, atoqli shorimiz butun umr Vatanimiz tabiati va insonlarini, el-yurtimiz tarixi, bugungi kuni hamda kelajagini, buyuk Istiqlolimizni hassos ruh hamda yuksak daholik bilan tarannum etgan.
Madina NURULLAYEVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 31.08.2023
- Ko'rishlar: 3901
- Chop etish