“Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat ta’biri bilan aytganda, “xotin-qizlar – bu millat onalaridir”. Ular millatning yangi nasli – farzandlarini tarbiyalash uchun o‘zlari ham yuksak bilimli bo‘lishlari zarur. Shunday ekan, oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir”.
Ushbu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlangan. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida 6 sentyabr kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Ayollar huquqlarini himoya qilishda xalqaro va milliy mexanizmlar” mavzusidagi o‘quv kursi ochilishida davlatimiz rahbarining mazkur nutqi mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov tinglovchilarga o‘quv kursidan ko‘zlangan asosiy maqsad va vazifalar haqida atroflicha tushuncha berdi. Mamlakatimizda ayollar huquqlarini himoya qilishning milliy tizimi yaratilganini qayd etdi.
Bu milliy tizim oltita yo‘nalishdan iborat. Xususan, birinchidan, zarur huquqiy baza yaratilgan; ikkinchidan, tegishli institutsional tizimga asos solingan; uchinchidan, bu borada muayyan o‘quv-tarbiya ishlari yo‘lga qo‘yilgan; to‘rtinchidan, sohaga oid qonunlar ijrosining monitoringi ta’minlanmoqda; beshinchidan, fuqarolik jamiyati institutlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanilmoqda; oltinchidan, ayollar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlik izchil amalga oshirilmoqda.
O‘quv kursi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi doirasida o‘tkazilmoqda. Bunda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi xodimlarining inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalari yuzasidan bilimlarini oshirish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarni bartaraf etishga taalluqli chora-tadbirlar samaradorligini tahlil qilish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.
Oflayn va onlayn tarzdagi mashg‘ulotlarda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi, uning hududiy bo‘limlari va namunali tumanlararo markazlari direktorlari hamda huquqshunoslari – jami 50 nafar tinglovchi ishtirok etmoqda. O‘quv kursining birinchi kuni Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi direktori Muqaddam Rasulova so‘zga chiqdi.
Dastur doirasida, shuningdek, “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va himoya qilish mexanizmlari”, “Ayollar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari: xalqaro va milliy mexanizmlar”, “Xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar bilan o‘tkazilayotgan profilaktika ishlari haqida”, “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga yordam berish va jinoyatchilarni javobgarlikka tortish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzalar Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi ekspertlari tomonidan taqdim qilinmoqda. Tinglovchilar huzurida so‘zga chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Fanlar akademiyasining Davlat va huquq instituti hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi mutaxassislari ham taklif etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 06.09.2023
- Ko'rishlar: 3793
- Chop etish