“O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi: o‘zbek yuridik fanining rivojlanishi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Barqaror rivojlanish markazi tomonidan tashkil etilgan ushbu anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti, Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqot olib borayotgan yosh olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash raisi, akademik Akmal Saidov va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, siyosiy fanlar doktori, professor Bahrom Abduhalimov kirish so‘zi bilan ochib berdilar.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bosh ilmiy xodimi, professor Omonboy Oqyulov “O‘zbekistonda ilm-fan sohasi rivojining iqtisodiy, huquqiy asoslari”, Termiz davlat universiteti yuridik fakulteti dekani, professor Jumanazar Xolmo‘minov “Yangi O‘zbekistonda insonning ekologik huquqlarini ta’minlashning ilmiy-huquqiy asoslarini takomillashtirish”, Toshkent davlat yuridik universiteti professori, professor Firuza Muhitdinova “Yangi O‘zbekistonda yuridik fanni rivojlantirishda xotin-qizlarning tutgan o‘rni”, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti bo‘lim boshlig‘i, professor Mirodiljon Baratov “O‘zbekistonda davlat mustaqilligining iqtisodiy-huquqiy asoslariga doir” mavzularda ma’ruza qildilar.
Anjumanda so‘z olganlar mustaqillik yillarida erishilgan barcha yutuq va natijalar zamirida ilm-fan sohasida amalga oshirilgan tadqiqotlar muhim o‘rin tutganligini aytib, istiqlolning ilmiy asoslarini yanada mustahkamlash borasida tizimli fundamental tadqiqotlar o‘tkazish muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladilar.
Milliy o‘zligimiz, qadim tariximiz, boy madaniyatimiz, ezgu qadriyat va an’analarimizni yanada chuqur tahlil qilish, ular haqida keng jamoatchilik, ayniqsa, yosh avlodga zarur ilmiy tushuntirishlar berish borasidagi sa’y-harakatlarni yanada jadallashtirishga urg‘u berildi.
- Qo'shildi: 08.09.2023
- Ko'rishlar: 3554
- Chop etish