Inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatiga bag‘ishlangan o‘quv kursi boshlandi

“Jurnalistlarning eng muhim funksiyalaridan biri –jamiyat manfaatlari, adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash yo‘lida davlat va jamiyat o‘rtasida ijtimoiy ko‘prik rolini bajarish.

Inson huquqlari mavzusida yozish jurnalistdan katta jasorat va mahoratni talab etadi.

Inson huquqlarini ta’minlash va hurmat qilish uchun kurash hech qachon oson kechmaydi. Qolaversa, bu mavzuni yoritadigan jurnalist uchun hech qachon oson bo‘lmaydi.

Inson huquqlarini to‘liq tushunishning eng samarali usuli – sohaga oid bilimlarni doimiy oshirib borish va o‘z ustida doimiy ishlashdir”.

27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi majlislar zalida o‘z ishini boshlagan “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari” mavzusidagi o‘quv kursida ayni fikrlarga alohida e’tibor qaratildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan ushbu mashg‘ulotlar davlat tashkilotlarida jamoatchilik bilan aloqalar va inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorlik uchun mas’ul xodimlar hamda matbuot kotiblari uchun tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjaev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Qo‘mita raislari Shuhrat Bafoev, Dilorom Fayzieva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz mas’ul xodimlari va ekspertlari, professor-o‘qituvchilar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.

Xususan, A.Saidov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2023 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida: “Biz Asosiy qonunimizda millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning tengligi, inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi prinsiplariga sadoqatimizni yana bir bor tasdiqladik. Mana shunday huquqiy asosda “O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasini qabul qildik. Bu strategiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga uyg‘un bo‘lib, biz o‘z zimmamizga olgan barcha majburiyatlarni to‘la va qat’iy bajarmoqdamiz” deb alohida ta’kidlaganiga ishtirokchilar e’tiborini qaratdi.

Binobarin, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi istiqbolimiz taqdirini hal etuvchi muhim va yangi davr bosqichini o‘zida ifodalangan milliy g‘oyamizdir. Ushbu Strategiya xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha hohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda inson huquqlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va unga rioya qilish masalalari davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bugun mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli va bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘zbek modeli shakllandi.

Hozirgi paytda O‘zbekiston inson huquqlari sohasida 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomasi va 4 ta Fakultativ protokoliga qo‘shilgan va ularning bajarilishi yuzasidan milliy ma’ruzalar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi hamda shartnomaviy qo‘mitalariga doimiy ravishda taqdim etib borilmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 2020 yil 13 oktyabrdagi majlisida O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga tarixda birinchi marta uch yillik muddatga ko‘pchilik ovoz bilan saylandi.

O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 46-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarini amalga oshirish maqsadida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida ta’lim” Global forumi tashkil etildi. Forum yakunida Markaziy Osiyoda inson huquqlari sohasida ta’limni rivojlantirish bo‘yicha Samarqand harakatlar rejasi qabul qilindi.

BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya to‘g‘risidagi deklaratsiyasi hamda 2020–2024 yillarda BMT Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan  Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Dasturni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7 ta ustuvor yo‘nalish va 30 ta banddan iborat bo‘lib, unda belgilangan chora-tadbirlar izchil bajarilmoqda.

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalar doirasida tayyorlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi mamlakatimizning inson huquqlari sohasida zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarini samarali bajarishga qaratilgan. Bu hujjat – inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Joriy yil 13-15 mart kunlari BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurkning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Oliy komissarning yurtimizga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlarining qo‘shma qarori hamda «Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Shu yil 15-16 fevral kunlari BMT Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish qo‘mitasining 81-sessiyada Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyaning bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi davriy ma’ruzasi hamda 22-24 fevral kunlari BMT Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi 71-sessiyasida Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt talablarining O‘zbekiston Respublikasida bajarilishi bo‘yicha Uchinchi davriy ma’ruza eshitildi.

O‘zbekistonning davriy hisobotlari bo‘yicha BMT Qo‘mitalarning yakuniy xulosalari va tavsiyalari qabul qilindi. Mazkur tavsiyalar yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlarining Qo‘shma qarori, unga ilova Milliy harakatlar rejalari tasdiqlandi va amalga oshirilmoqda. 

Shuni alohida ta’kidlash joizki, BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan 1995 yildan buyon har yili “Gender tengsizlik indeksi” (Gender Inequality Index)  tadqiqoti o‘tkaziladi. O‘zbekiston 2022 yil yakuniga ko‘ra “Gender tengsizlik indeksi” bo‘yicha 170 ta davlat orsida 56-o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz ushbu xalqaro mezon bo‘yicha 2021 yili 64-o‘rinni olgandi.

Inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatiga bag‘ishlangan ikki kunlik o‘quv kursi O‘zbekiston Prezidentining 2023 yil 7 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi doirasida bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech