Inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha elektron o‘quv kursiga bag‘ishlangan milliy brifing

27 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida BMTning Markaziy Osiyoda inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha elektron o‘quv kursiga bag‘ishlangan milliy brifing bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish organlari akademiyalari xodimlari va kursantlari uchun mo‘ljallangan o‘quv kursiga oid ushbu tadbir Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlandi.

Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi tomonidan tashkil etildi.

Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha Mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze (vedeomurojaat orqali), BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasining Terrorizmga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Ulrik Axnfeldt-Mollerup, BMT O‘quv va ilmiy tadqiqot instituti (YuNITAR) namoyandasi, Tinchlik bo‘yicha ofis rahbari Frank Borxer, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i Rustam Hotamov so‘zga chiqdi.

Milliy brifingda O‘zbekiston hukumati tomonidan terrorizmga qarshi kurash borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar milliy qonunchilikka ham, davlatning xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlariga ham mos kelishi alohida qayd etildi. O‘zbekistonning terrorizmga qarshi kurashish va inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati ushbu sohalar bir-biriga zid bo‘lmagan sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashishning fundamental asosi, bu – inson huquqlari va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta’minlashdir. Ishonchimiz komilki, terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlarini himoya qilish bir-birini inkor etuvchi emas, balki to‘ldiruvchi va mustahkamlovchi maqsadlardir”.

Xususan, A.Saidov bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani haqida so‘z yuritar ekan, BMTning Global aksilterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini e’tirof etdi. BMTning 2006 yil 8 sentyabrda qabul qilingan Global aksilterror strategiyasining to‘rtta asosiy qismidan bittasi inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlanganiga e’tiborni qaratdi.

Tadbirda Markaziy Osiyoda inson huquqlari va terrorizmga qarshi kurash mavzusidagi elektron o‘quv kursining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida atroflicha so‘z yuritildi. Bunda, avvalo, 2022 yil 9 may kuni Ispaniyaning Malaga shahrida Inson huquqlari, fuqarolik jamiyati va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi konferensiya oldidan BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi BMT Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan hamkorlikda maxsus onlayn o‘quv kursini ishga tushirgani qayd etildi.

O‘quv kursining asosiy maqsadi Markaziy Osiyodagi aksilterror faoliyat asnosida inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash borasidagi, shuningdek,  ayni sohada mavjud xalqaro, mintaqaviy va milliy qonunchilik hamda normativ-huquqiy asoslardan xabardorlikni oshirishdir.

BMT Global aksilterror strategiyasining to‘rtinchi yo‘nalishi doirasida ishlab chiqilgan ushbu o‘quv dasturida, bir tomondan, terrorizmga qarshi kurash sohasidagi eng maqbul xalqaro amaliyot mujassam etilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Markaziy Osiyoning o‘ziga xos xususiyatlari va mintaqamiz mamlakatlarining bu boradagi alohida yondashuvlari hisobga olingan.

Ushbu elektron kurs Markaziy Osiyoda xavfsizlik va terrorizmga qarshi kurash masalalari bilan shug‘ullanuvchi huquqni muhofaza qiluvchi organlar, terrorizmga qarshi kurash, razvedka xizmatlari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar vakillari va ekspertlari uchun mo‘ljallangan.

Milliy va xalqaro ekspertlarning e’tirof etishlaricha, ushbu elektron o‘quv kursining tatbiq etilishi, birinchi navbatda,  Markaziy Osiyo mintaqasida, shu jumladan, O‘zbekistonda davlatning terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatida inson huquqlarining hisobga olinishini ta’minlaydi. Bunday amaliy qadam davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va xususiy sektorning BMT Global aksilterror strategiyasining barcha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyatini uyg‘unlashtirish hamda o‘zaro muvofiqlashtirish imkonini ham beradi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech