1 oktyabr — Xalqaro keksalar kuni
Har yili 1 oktyabrda dunyo bo‘ylab keksalar kuni nishonlanadi. Bu muhim sana o‘zining alohida rasmiy timsoli – logotipiga ega bo‘lib, unda mehribonlik va yordam ramzi, ya’ni ochiq kaftlar ifodalangan.
Xalqaro keksalar kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 45-sessiyasi tomonidan 1990 yil 14 dekabrda qabul qilingan A/RES/45/106-sonli rezolyusiyaga asosan ta’sis etilgan. O‘shanda kuz fasli ikkinchi oyining birinchi kunini “Xalqaro keksalar kuni” sifatida nishonlashga qaror qilingan.
Oradan bir yil o‘tib, BMTning keksalarga nisbatan tamoyillari belgilangan bo‘lsa (46/91-rezolyusiya), yana bir yildan so‘ng Qarish muammolari bo‘yicha deklaratsiya tasdiqlandi (47/5-rezolyusiya). Ushbu xalqaro hujjatlarda keksalarning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligi masalalariga e’tibor qaratilgan.
Bbugungi kunda BMTning qarish muammolari bo‘yicha maqsadli jamg‘armasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Mazkur tuzilma dunyo miqyosida keksalar hayotini yaxshilash ishiga izchil hissa qo‘shib kelmoqda.
Keksalar – dunyodagi eng tez ortib borayotgan yosh guruhidir. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2015–2030 yillar oralig‘ida 60 yoshdan oshganlar soni 901 million nafardan – 1,4 milliard kishiga oshishi mumkin.
Hisob-kitoblarga qaraganda, 2050 yilga kelib 60 yoshdan oshganlar soni ikki milliard nafarga yetishi ehtimoli mavjud. Bu – 27 yildan keyin dunyo aholisining 22 foizini nuroniy insonlar tashkil etadi, deganidir.
O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini oshirish keksalar va ularning oilalari uchun ham, jamiyat uchun ham muhim hisoblanadi. Jahon banki ma’lumotiga qaraganda, 2020 yilda dunyoda hayot davomiyligi o‘rtacha 73 yosh bo‘lgan. Bu borada eng yuqori ko‘rsatkich – 85 yosh Gonkong davlatiga, eng past ko‘rsatkich – 54 yosh Markaziy Afrika Respublikasiga tegishli.
Ushbu ko‘rsatkich O‘zbekistonda, 2022 yil 1 yanvar holatiga, o‘rtacha 73,8 yosh bo‘lgan. 2021 yil boshida esa 73,4 yoshni tashkil etgan.
Keksalarni e’zozlash, ularga e’tiborli bo‘lish xalqimizga xos azaliy fazilatdir. Bugungi farovon va osoyishta hayotimizda keksa avlod vakillarining o‘rni katta. Shu ma’noda, xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Qari bilganni pari bilmas” kabi hikmatli iboralar bejiz aytilmagan.
Aslida ham, butun umr halol mehnat qilib, farzandlarini tarbiyalab, vatanim deb yashagan har bir inson keksayganida hurmat-ehtirom va e’zozga munosibdir. Shuning uchun keyingi yillarda ayni yo‘nalishda o‘ndan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, keksalarning hayotdan rozi va minnatdor bo‘lib yashashi uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgani tahsinga loyiq.
Bu haqda fikr yuritganda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martda qabul qilingan “Keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrda qabul qilingan “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘risida”gi qarorini alohida ta’kidlash lozim.
Mazkur hujjatlar asosida yurtimizda keksa avlod vakillarini ijtimoiy himoya qilish, ularga e’tibor qaratish va g‘amxo‘rlikni kuchaytirish, nuroniy otaxon va onaxonlarimizning turmush sharoitlarini yaxshilash, faol va mazmunli hayot kechirishlarini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Muxtasar aytganda, Xalqaro keksalar kuni mamlakatimizda ham keng nishonlanadi. Xususan, 2019 yildan boshlab har yili oktyabr oyining birinchi haftasida yurtimizning barcha hududlarida «Keksalar haftaligi»ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgani bu fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Dildora Ahmedova,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 28.09.2023
- Ko'rishlar: 3639
- Chop etish