28 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “Huquqni muhofaza qilish sohasida fan, ta’lim va amaliyotning innovatsion hamkorligi: zamonaviy tendensiyalar” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy forum o‘z ishini boshladi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligiga bag‘ishlangan ushbu anjuman uch kun davom etadi.
Xalqaro forumni hamkor tashkilotlar namoyandalari – O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi boshlig‘i, polkovnik Rustam Hotamov, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi Boshqaruv akademiyasi boshlig‘i, politsiya general-mayori Sergey Sinenko, Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Olmaota akademiyasi boshlig‘i, politsiya general-mayori Aydar Saitbekov, Turkiya Respublikasi Jandarmeriya va sohilbo‘yi xavfsizligi akademiyasi boshlig‘i, general-mayor Shakir Uslu hamda Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qarag‘anda akademiyasi boshlig‘i, politsiya general-mayori Akinkaliy Darmenov kirish so‘zi bilan ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Yangi O‘zbekiston: yuridik fan, ta’lim va amaliyotning dolzarb vazifalari” mavzuida ma’ruza qilar ekan, avvalo, bugungi kunda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga sharhlar tayorlanayotganiga e’tiborni qaratdi. Binobarin, Konstitutsiya normalarini chuqur tushunish va to‘g‘ri qo‘llash amaliyoti, birinchi navbatda, yuridik soha vakillariga katta mas’uliyat yuklaydi.
Davlatimiz rahbari joriy yil 11 sentyabrda tasdiqlagan “O‘zbekiston–2030” strategiyasida kelgusi yetti yilda ta’limni yanada rivojlantirish yuzasidan yangi vazifalarni belgilab berdi. Bu o‘rinda, xususan, oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish; yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 50 foizga yetkazish; umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash; 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish; “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish; 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish; oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatini 70 foizga yetkazish bilan bog‘liq islohotlar haqida so‘z bormoqda.
YuNESKO tavsiyalari asosida O‘zbekiston hukumati keyingi yillarda oliy ta’lim muassasalari sonini jadal oshirish choralarini ko‘rdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimi tubdan o‘zgarayotgani, xususan, o‘tgan olti yilda maktabgacha ta’limdagi qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’limda esa 9 foizdan 38 foizga yetganligi ta’kidlandi.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi 19 ta oliy o‘quv yurtida bakalavr bosqichi bo‘yicha huquqshunos mutaxassislar tayyorlanmoqda. Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan qabul qilingan 2020 yil 29 apreldagi Farmon va o‘sha yil 30 oktyabrdagi Qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq instituti tashkil etilgani alohida ahamiyat kasb etdi.
Ma’lumki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganidan so‘ng xalqaro hamjamiyat inson huquqlari va asosiy erkinliklarini tan oldi hamda ularga rioya etilishini xalqaro inson huquqlari normalari va mexanizmlari orqali targ‘ib qilishga kirishdi. Ushbu huquqlardan biri – ta’lim olish huquqi – insonning barcha huquqlaridan foydalanish uchun boshlang‘ich nuqtadir.
Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim normalari ko‘plab xalqaro hujjatlarga kiritilgan. Xususan, 2011 yil dekabr oyida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilingan bo‘lib, joriy yilda mazkur Deklaratsiyaning 10 yilligi keng nishonlanadi.
Ushbu Deklaratsiya qabul qilinguniga qadar, ya’ni 2004 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturi e’lon qilingan. Bundan maqsad – barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va biznes sektorida inson huquqlari sohasidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashishdan iborat. Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha Milliy komissiya tomonidan bu borada izchil ishlar olib borilmoqda.
Shu yil 11 sentyabr kuni boshlangan va 6 oktyabrgacha davom etadigan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi 54-sessiyasida ko‘rib chiqiladigan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasining ma’ruzasida o‘z takliflarini bergan respondentlar orasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi alohida ta’kidlangan. Ma’ruzaning 43-bandida qayd etilganidek, Milliy markaz Jahon ta’lim dasturi beshinchi bosqichi bo‘yicha inson huquqlarining quyidagi maqsadli sektorlariga oid takliflarni taqdim etgan:
- bolalar va yoshlarga oid – ular o‘zgarishlarning shijoatli davomchilariga aylanishlari mumkin;
- ayollar va qizlarga oid – ularning jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirok etishga bo‘lgan huquqlarini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish lozim;
- jamiyatning zaif qatlamlari, jumladan, qochoqlar, migrantlar, nogironligi bo‘lgan insonlarga oid – ular inson huquqlari sohasidagi ta’limdan tom ma’noda bahramand bo‘lishlari uchun tegishli sharoitlarni yaratish kerak;
- fuqarolik jamiyati va jamoat tashkilotlariga oid – ularning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi salohiyatini oshirish zarur;
- korxona va korporatsiyalarga oid – ularning ishchi-xodimlar va iste’molchilar huquqlarini hurmat qilishga qaratilgan axloqiy va ijtimoiy mas’uliyatini izchil rag‘batlantirib borish taqozo etiladi.
Shunday qilib, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturini amalga oshirishning yangi bosqichi doirasida:
birinchidan, inklyuziv, tinch jamiyatni yaratishga imkon beradigan teng huquqlilik, inson huquqlarini hurmat qilish va kamsitmaslik ruhida yoshlarni o‘qitish va tarbiyalash;
ikkinchidan, xotin-qizlar va bolalarga alohida e’tibor qaratgan holda, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibidagi “hech kimni yoddan chiqarmaslik” maqsadiga muvofiq aholining zaif qatlamlari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatish;
uchinchidan, pedagog kadrlar, shu jumladan, bolalar va yoshlar bilan ishlovchi tarbiyachilar uchun inson huquqlari bo‘yicha ta’limni tashkil etish;
to‘rtinchidan, inson huquqlari bo‘yicha ta’lim sohasida tegishli tadqiqotlar o‘tkazish, baholash, ilg‘or tajriba va olingan saboqlar bilan o‘rtoqlashish ko‘zda tutilgan.
Xalqaro ilmiy-amaliy forum o‘z ishini yalpi majlis, davra suhbati, ochiq muloqot va muhokamalar, ilmiy-amaliy va ilmiy-metodik seminarlar tarzida davom ettirmoqda.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi
- Qo'shildi: 28.09.2023
- Ko'rishlar: 3473
- Chop etish