VATANIMIZNING YORUG‘ ISTIQBOLI TA’LIM VA TARBIYAGA BOG‘LIQ

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

 

Bu yil butun jahon jamoatchiligi qatori O‘zbekiston xalqi ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligini keng nishonlaydi. Deklaratsiyaning 26-moddasiga ko‘ra, “Har bir inson ta’lim olish huquqiga ega”.

Ushbu hujjatning davomida ta’kidlanganidek, ta’lim inson shaxsini to‘la barkamol qilishga va inson huquqlari hamda asosiy erkinliklariga nisbatan hurmatni kuchaytirishga qaratilmog‘i lozim. Ta’lim barcha xalqlar, irqiy va diniy guruhlar o‘rtasida bir-birini tushunish, xayrixohlik va do‘stlikka xizmat qilishi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining tinchlikni saqlash borasidagi faoliyatiga yordam berishi kerak.

Mamlakatimizda  yoshlarning  puxta  bilim  olishi,  kasb-hunar egallashi,  milliy  an’ana  va  qadriyatlarimizga  hurmat  ruhida  kamol  topishi yo‘lida  e’tibor  va  g‘amxo‘rlik  ko‘rsatish  davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Buni yurtimizda 2023 yilga – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgani yaqqol tasdiqlab turibdi.

Joriy yilda davlatimiz va jamiyatimizning ta’lim sohasiga e’tiborini tubdan yangi bosqichga yuksaltirishga qaratilgan ikkita juda muhim hujjat qabul qilindi. Bulardan biri – 30 aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz ovoz bergan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘lsa, ikkinchisi – Prezidentimizning 11 sentyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasidir.

Avvalo, yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yildi. Xususan, ijtimoiy davlatga xos yondashuvlar ta’lim sohasiga oid ko‘plab modda va normalarda ham o‘z ifodasini topdi.

Bu haqda so‘z borganda, Asosiy qonunimizda ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki barobar oshganini ta’kidlash lozim. Jumladan, fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qish huquqi kafolatlandi.

Ma’lumki, 2017 yilgacha oliy o‘quv yurtlarida tahsil olish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan. Keyingi yetti yilda, aksincha, bu boradagi ahvol tubdan o‘zgardi va grantlar soni 2 baravardan ziyod ko‘paydi.

Bosh qomusimizda fuqarolarning bepul boshlang‘ich kasb-hunarga o‘qitilishi ham belgilandi. Nogironligi bo‘lgan bolalar o‘z tengdoshlari bilan bir xil ta’lim olishlari uchun bunday imkoniyatlar inklyuziv ta’lim sifatida Konstitutsiyaga kiritildi.

Konstitutsiyamizda davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr- qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati kuchaytirildi. Ayni vaqtda ushbu normalar mamlakatimiz o‘qituvchilarining professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi, obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.

Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi taqdim etildi. Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi professor- o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv jarayonidagi mustaqilligini ta’minlashga qaratilgani bilan juda muhim.

O‘z navbatida, mamlakatimizning yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy zaminida milliy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish, shiddatli va keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish davr talabiga aylandi. Shu munosabat bilan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi qabul qilindi.

Ushbu dasturilamal hujjat ta’lim tizimida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bir qancha muhim vazifalarni o‘zida qamragan. Bu o‘rinda, jumladan, 2030 yilgacha:

  • bog‘chalarning 100 foizini toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiena infratuzilmasi bilan ta’minlash;
  • olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta maktab o‘quvchilari uchun bepul avtobuslar tashkil etish;
  • yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1 mingta multimedia dasturi yaratish;
  • ta’lim tashkilotlariga har yili “til egalari” bo‘lgan 500 nafar xorijiy mutaxassisni jalb etish;
  • maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobar oshirish;
  • nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini 1 mingtaga yetkazish va ularda tahsil olayotgan o‘quvchilar ulushini 3 barobar oshirish;
  • 2024 yildan boshlab har yili davlat-xususiy sheriklik asosida kamida 100 tadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi qurilishi bo‘yicha shartnomalar tuzish;
  • yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish;
  • 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “top-1000” oliygohlari reytingiga kiritishga erishish;
  • qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylarini qurish;
  • fundamental tadqiqotlarni amalga oshirish uchun 3 trillion so‘m mablag‘ ajratish kabi amaliy tadbirlar haqida so‘z bormoqda.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, davlatimiz rahbari bunga qadar ham Yangi O‘zbekistonni barpo etish bilan bog‘liq yuksak marralarga erishish uchun Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan asosiy vazifalarga to‘xtalib, birinchi navbatda, mamlakatimiz ta’lim tizimidagi islohotlar mavzusida so‘z yuritgandi. Jumladan, “ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratishni izchil davom ettiramiz”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Taraqqiyot strategiyasining 100 ta asosiy maqsadidan bir qanchasi aynan ta’lim sohasini taraqqiy ettirish bilan bog‘liq. Yanada aniq qilib aytganda, ushbu hujjatning 38-39-40-maqsadlarida maktabgacha ta’lim taraqqiyotiga oid muhim vazifalar belgilab berilgan bo‘lsa, 41-42-43-44 va 45-maqsadlari maktab ta’limini har tomonlama rivojlantirishga hamda 46-47-48, 49 va 50-maqsadlari oliy ta’lim tizimdagi yangilanishlarga taalluqli.

Shu negizda maktabgacha ta’lim muassasalarida maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarning umumiy savodini chiqarish, bolalarda Vatanni sevish, u bilan g‘ururlanish hissini uyg‘otish, dunyoqarashini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi olti yilda bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 21 foizdan 70 foizga yetishi natijasida bugungi kunda 2 millionga yaqin bola bog‘chaga bormoqda.

Maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalardan biriga aylandi. Yanada muhimi, joriy yildan maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilish boshlandi.

Yoshlarimizning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ayni chog‘da, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash qamrovi kengaytirilayapti. Nega deganda, Yangi O‘zbekiston — insonning rivojlanishi va iste’dodi qadrlanadigan mamlakat.

Oliy ta’lim sohasidagi islohotlar izchil davom ettirilmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlari soni 2,5 barobar ko‘paydi va 198 taga yetdi. Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Asosiysi, albatta, raqamlar izidan quvish emas, balki ta’lim sifatini oshirishdir.

Hozirgi davrda ilm­fan, ta’lim, innovatsiya, texnologiya va kadrlar zamonaviy demokratik jamiyat taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekaniga hech kim shubha qilmaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotini zamon talablariga mos ravishda ilm­fansiz tasavvur etish qiyin. Binobarin, 2022 yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 2017 yilga nisbatan qariyb 6 barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi. Olimlarning ish haqi ham 4,5 barobar oshirildi. Joriy yilda ilm-fan va innovatsiyalarga bundan-da ko‘p mablag‘ ajratilmoqda.

Endi qiyos uchun mana bu raqamlar bilan tanishing: Bugun dunyoda 770 milliondan ortiq katta yoshli aholi o‘qish va yozishni ham bilmaydi. Ana shu savodsiz kishilarning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Yer yuzidagi jami davlatlarning har beshtasidan bittasigina o‘z aholisiga 12 yillik majburiy bepul ta’limni huquqiy jihatdan kafolatlay oladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi va Taraqqiyot strategiyasi doirasida yurtimiz hayotining ta’lim-tarbiya hamda ilm-fan sohalarida salmoqli va ko‘lamdor ishlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ham ta’limni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish masalalariga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralayotganidan dalolat beradi.

Ayni chog‘da, masalaning g‘oyatda muhim bir jihati ham borligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Ya’ni, davlat:

bir tomondan, ta’lim sohasini rivojlantirish uchun zarur mablag‘larni ajratsa;

ikkinchi tomondan, zamonaviy jihozlangan yangi ta’lim maskanlari ochilsa;

uchinchi tomondan, ta’lim muassasalari ilg‘or darslik, qo‘llanma va o‘quv jihozlari bilan ta’minlansa;

to‘rtinchi tomondan, o‘qituvchilarning malaka oshirishi va oylik maoshlari ko‘paytirilishi tizimli yo‘lga qo‘yilsa – ushbu omillarning barchasi Yangi O‘zbekistonning yangicha ta’lim tizimiga asos solish uchun yetarlimi? Yo‘q, albatta.

Bu o‘rinda inson omili – o‘qituvchi va murabbiylarning tom ma’nodagi fidoyiligi ham talab etiladi. Aynan ular:

- mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish;

- sohaga doir islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish;

- o‘quv-tarbiya jarayoniga milliy va ilg‘or xorijiy tajribalar, innovatsion pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish;

- o‘quvchi va talabalarga ilm-fan asoslari hamda zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatish;

- yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish;

- sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish;

- farzandlarimizni ona Vatanga mehr va sadoqat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;

- Yangi O‘zbekistonni bunyod etish;

- Uchinchi Renessans poydevorini yaratish ishlariga munosib hissa qo‘shishlari ham farz, ham qarzdir.

O‘qituvchi va murabbiylar kuni bayrami arafasida, Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, ana shunday yuksak talablarga javob beradigan ustozlarning katta bir guruhi ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgani uchun faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Fursatdan foydalanib, yuksak mukofotlar sohiblarini, yurtimizdagi barcha o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan chin qalbdan tabriklaymiz!

Shunday qilib, bugungi kunda jahonning yetakchi davlatlari qatori mamlakatimizda ham ta’lim-tarbiya sohasi rivojiga birinchi galdagi vazifa sifatida qaralmoqda. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu – ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorug‘ istiqboli, birinchi navbatda, ta’lim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bog‘liq”.

 

G‘ulom MIRZO,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

«Kuch – adolatda» gazetasining 2023 yil 29 sentyabr kungi 42 (972)-soni

Powered by GSpeech