Ijtimoiy hayotda xotin-qizlarning manfaati davlat himoyasida

2 oktyabrXalqaro zo‘ravonlikdan voz kechish kuni

 

Har yili 2 oktyabr sanasi dunyoning ko‘plab davlatlarida zo‘ravonlikdan voz kechish kuni sifatida nishonlanadi. Zo‘ravonlikning oldini olish – xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etishga olib keladigan sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etishga, jamiyatda xotin-qizlarning zo‘ravonlikdan xoli bo‘lish huquqlaridan xabardorligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa chora-tadbirlar tizimidir.

Oilalarimiz chirog‘i va charog‘boni bo‘lgan ayol zotiga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi hisoblanadi. Mamlakatimiz taraqqiyoti yangi bosqichida erishilgan natijalarning asosiy omili inson va uning manfaatlari bilan bevosita bog‘liq Shu bois inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalqimiz uchun farovon va munosib turmush sharoiti yaratish, adolatli huquqiy davlat barpo etish demokratik islohotlarning bosh maqsadiga aylangan.

Keyingi yillarda barcha sohada xotin-qizlar va erkaklar tengligini ta’minlashning huquqiy asosini yanada mustahkamlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Buni 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani misolida ham ko‘rish mumkin. Xususan, ikkita muhim qonun — “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar bu borada katta ahamiyat kasb etmoqda.

O‘zbekiston ayollarni har qanday kamsitish va ta’qiblardan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya qilishni nazarda tutuvchi barcha asosiy xalqaro shartnomalarga qo‘shilgan.

Inson huquqlarini ta’minlashga qaratilgan salmoqli qonun hujjatlari qabul qilinib, bunda xotin-qizlar huquqlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayollar va erkaklar tengligini ta’minlashga qaratilgan konstitutsiyaviy tamoyilni amalga oshirish uchun institutsional muhit yaratildi.

Ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy sohalarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Erkak va ayollar uchun nikoh yoshi 18 yosh etib belgilandi.

Xalqimiz xohish-irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz bu yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim huquqiy asosdir. Zero, Konstitutsiya yangi tahririni ishlab chiqishda xalqimiz fikriga tayanildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga takliflarning 40 foizdan ortig‘i ayollardan kelib tushdi. Bu — yangi normalarda xalqimiz dunyoqarashi, fikr va tafakkuri aks etganining yorqin ifodasidir.

Ayollar mehnati to‘liq yoki qisman qo‘llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay ishlar ro‘yxati bekor qilindi. Ichki ishlar tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha inspektor lavozimi joriy etildi.

Nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda haqiqiy ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam — bolalar, ayollar, qariyalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam e’tibordan chetda qolmadi. Har bir qatlamning ijtimoiy muhofazasi atroflicha qamrab olindi.

Asosiy qonunda ayollar va erkaklar teng huquqli ekani alohida belgilangani bejiz emas. Bu yillar davomida mustahkamlangan nomaqbul qoliplarni sindirish, xususan, “ayol kishi uyda o‘tirishi kerak”, “ayollarga siyosatga aralashishni kim qo‘yibdi” kabi qarashlarni bartaraf etishda muhim qadam bo‘ldi.

Gender tenglik tamoyillarini Konstitutsiyada belgilash davlatning ayollarga bo‘lgan alohida e’tiborini ko‘rsatishi bilan birga, xotin-qizlarning davlat ishlari va ijtimoiy hayotdagi rolini oshirib, imkoniyatlarini amalda namoyon etishiga ko‘maklashadi. Jamiyatda gender tenglikni ta’minlash borasidagi ana shunday izchil islohotlar samarasida xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi faol ishtiroki izchil ortmoqda.

 

Dilnoza Rahimova,

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech