5 oktyabr – Butunjahon o‘qituvchilar kuni
O‘qituvchilar kelajagimiz me’morlari hisoblanib, mamlakatimiz istiqbolini – barkamol va ilg‘or kelajak avlodni shakllantirish uchun mehnat qilishadi. Ustoz va murabbiylar fidokorona xizmatlari bilan yorqin va adolatli dunyoni barpo etishga hissa qo‘shadi. Ularning saboqlari, berayotgan ta’lim va tarbiyalari yurt rivoji uchun beqiyos ahamiyatga ega.
Muallimlarning sharafli mehnati BMT minbarida juda ko‘p bor e’tirof etilgan. Jumladan, BMTning Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti – YuNESKOning 1966 yil 5 oktyabrda Parijda bo‘lib o‘tgan 14-sessiyasida Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘qituvchilarning maqomi to‘g‘risidagi tavsiyanoma qabul qilingan. Unda o‘qituvchilarning huquq va majburiyatlari, ular samarali faoliyat olib borishi uchun yaratilishi zarur bo‘lgan eng muhim shart-sharoitlar bo‘yicha xalqaro me’yorlar belgilangan.
Shuningdek, 5 oktyabr sanasi 1994 yildan beri “Butunjahon o‘qituvchilar kuni” sifatida nishonlab kelinadi. Har yili ushbu sanada muayyan shior ostida ko‘plab tadbirlar tashkil etiladi. 2023 yilda tanlangan bosh mavzu – jahon miqyosida o‘qituvchilar tanqisligini bartaraf etish hamda global yangilanishlar asosi ustoz va murabbiylar ekanini anglab yetishdir.
Darhaqiqat, inson hayotining yaxshi tomonga o‘zgarishi ustozlarga chambarchas bog‘liq va ular hayotimizning ko‘p jabhalarida muhim o‘rin egallaydilar. O‘qituvchilarning fidoyiliklari, shogirdlari haqida qayg‘urishlari va ta’limga bo‘lgan yondashuvlari yuksak hurmatga sazovor. Ular nafaqat bilim, balki tarbiya ham beradi. Ustozlar bor ekan, kelajakka befarq bo‘lmagan, oqil va mas’uliyatli avlod shakllanadi.
Joriy yilda 75 yilligi nishonlanayotgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida ta’lim olish huquqi insonning asosiy huquqi sifatida qayd etilgan. Deklaratsiyada belgilangan ushbu normani amalga oshirishda o‘qituvchilarning farovonligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash muhim ahamiyatga ega. Har kim ijtimoiy kelib chiqishi yoki yashash sharoitlaridan qat’i nazar sifatli ta’lim olish huquqiga egadir.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston ta’lim tizimida ijobiy o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. O‘qituvchilarning oylik ish haqlari oshirilmoqda, chet tili, axborot texnologiyalari, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etildi.
Maktab va ta’lim muassasalari masalalari yuzasidan joriy yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlatimiz rahbari ushbu so‘zlarni ta’kidladi: “Eng muhimi, maktablarimizda yangicha ruh, mazmun va muhit paydo bo‘ldi. Bunda, hech shubhasiz, bolalar qalbining me’mori, muhandisi bo‘lgan hurmatli o‘qituvchi va murabbiylar uchun erkin ishlash imkoniyatini yaratib berganimiz muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Chunki o‘qituvchiga e’tibor bu – avvalo farzandlarimizga, ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor, degani. O‘qituvchining obro‘si oshsa, maktabning obro‘si oshadi, ilmning, ta’lim-tarbiyaning qadri ko‘tariladi. Shu sababli, muallim va o‘quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratyapmiz”.
Barqaror kelajak uchun o‘qituvchining farovonligi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Kelajak innovatsiyalar va o‘zgarishlarga moslashishni talab qiladi. Buni amalga oshirish uchun esa muallimlarga kerakli barcha imkoniyatlar yaratib berilishi shart. Ish va hayot muvozanatini yo‘lga qo‘yish zarur.
Moslashuvchan jadvallar, tez o‘rganish va yetkazish uchun sharoitlar, har xil byurokratik ishlarning kamayishi o‘qituvchilarga o‘z oilalari bilan vaqt o‘tkazish va shaxsiy hayotiga e’tibor qaratish imkonini beradi. Bu, albatta, sifatli ta’limga qo‘yilgan katta qadamdir. Sifatli ta’lim esa BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning barqaror taraqqiyotini ta’minlash ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi yuqori darajaga ko‘tarishga bevosita bog‘liq. Buning uchun jamiyatda o‘qituvchilarning qadrini, o‘qituvchilik kasbining nufuzini yanada yuksaltirish talab etiladi. Zero, ustozlarga e’tibor – kelajak avlodga e’tibor demakdir.
Nazira YuNUSOVA,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali tahririyatining mutaxassisi
- Qo'shildi: 05.10.2023
- Ko'rishlar: 4095
- Chop etish