JAMIYATDA QIYNOQ VA ZO‘RAVONLIKKA CHEK QO‘YADI
Inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti hisoblanadi. Shu bois, rivojlanishning yuqori cho‘qqilarini ko‘zlab ilgarilayotgan har bir davlat bu masalaga ustuvor ahamiyat qaratadi. Jumladan, O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquqlarini ta’minlash maqsadida muhim chora-tadbirlar belgilangan. Ayni paytda Bosh qonunimizda o‘z aksini topgan muhim tamoyillarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilayotir.
Inson huquqi haqida gap ketganda, qiynoq va zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish masalasi doimo kun tartibiga ko‘tariladi. Bu bejiz emas. Bugungi globallashgan dunyoda inson erki va huquqlarini himoyalash borasida zamonaviy tizim yaratilganiga qaramay, halihanuz muammolar uchrab turibdi. Inson erki va huquqiga raxna soluvchi bunday noxush holatlar jamiyat rivoji, tinchlik va taraqqiyotga jiddiy to‘siqdir. Shu bois, jahon hamjamiyati bunday holatlarning oldini olish, adolatli, erkin va farovon dunyoni barpo etishga intilib keladi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va BMTning qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiyasi ana shunday global muammolarga qarshi kurashishga yo‘naltirilgan muhim hujjatlardir. Dunyoning ko‘plab mamlakatlari qatorida O‘zbekiston ham bu hujjatlarga qo‘shilgan va majburiyatlarini izchil bajarib kelmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham bu borada ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Xususan, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksida ham bunday muomala hamda jazo turlarini qo‘llash uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Bu, o‘z navbatida, BMTning qiynoqlarga qarshi konvensiyasi talablariga to‘liq mos keladi.
Ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlarni xalqaro andozalar darajasida tashkil etishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. Shu maqsadda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqlarning oldini olish borasida tizimli ish olib borilyapti. Bu borada huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda jazoni ijro etuvchi muassasalar faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha Ombudsman institutining vakolatlari mustahkamlab qo‘yildi. Qiynoqlarning oldini olishdagi faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlar joriy etildi.
Unga ko‘ra, ombudsmanga jazoni ijro etish muassasalariga kirish hamda monitoring olib borish vakolati berildi. Birgina 2021 yilning o‘zida ombudsman tomonidan jazoni ijro etish muassasalariga jami 177 ta monitoring tashrifi amalga oshirilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2022 yilda 381 tani tashkil etdi.
Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu yo‘nalishdagi ishlarda mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ayni paytda bu jabhada milliy va xalqaro hujjatlar tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmlari izchil takomillashtirilyapti. Shu bilan birga, jamiyatimizda qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini xalqaro huquqning inson huquqlari sohasidagi umume’tirof etilgan prinsip va normalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha ish olib borilayotir.
Jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan sohadagi milliy ta’lim dasturi doirasida qiynoqqa solishga qarshi kurashish bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar va jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etilyapti. 2023 yilning birinchi yarim yilligi davomida Toshkent, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida ichki ishlar hamda prokuratura organlarining qariyb 200 nafar xodimi ushbu o‘quv kurslarida malaka oshirdi.
Qonunchilikka kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlar shaxslarning, ayniqsa, mahkumlarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini, sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlashga zamin yaratmoqda. Ozodlikdan mahrum etish joylarida mahkumlarni saqlash sharoitlarini insonparvarlik nuqtai nazaridan yanada yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xulosa shuki, qiynoq va boshqa shafqatsiz muomala turlari sodir etilishi aslo mumkin emas. Bunday natijaga erishish va bu borada qonun ustuvorligini ta’minlash uchun esa jamiyatda huquqiy ong tafakkurni yuksaltirish, bunday illatlarga qarshi toqatsiz munosabatni shakllantirish lozim. Zero, huquqiy demokratik jamiyat barpo etishda o‘z huquqi va burchini teran anglaydigan, mas’uliyatini to‘la his etadigan, shu bilan birga, tevarak-atrofdagi voqealarga daxldorlik hissi bilan yashaydigan insonlarning faolligi va tashabbuskorligi muhimdir. Ana shundagina o‘z oldimizga qo‘ygan ezgu maqsad — adolatli va farovon jamiyat, yuksak taraqqiy etgan demokratik davlat barpo etishga erishamiz.
Salohiddin HAMROEV,
Ichki ishlar vazirligining Tashkiliy departamenti katta yuriskonsulti
- Qo'shildi: 12.10.2023
- Ko'rishlar: 3477
- Chop etish