Shiddatli va keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish – davr talabi

Mamlakatimizda 2023 yil 30 aprel kuni o‘tkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni yoqlab ovoz berdi. Bu, o‘z navbatida, yangilangan Bosh qomusimizda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganidan yaqqol dalolatdir.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishning mustahkam siyosiy-huquqiy asoslarini yaratdi. Yanada muhimi, u  milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyilini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Endilikda Konstitutsiyamizning 1-moddasida davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat qurish ekanligi qat’iy belgilandi, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Ayniqsa, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar kafolatlangani e’tiborga sazovor.

Eng asosiysi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga egaligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkili etishiga taalluqli konstitutsiyaviy normalar belgilab qo‘yildi. Eski tahrirdagi matnda Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashga doir ushbu mexanizmlar mavjud emasdi.

Asosiy qonunimizning “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” bobidagi 15-16-moddalar yangi va eski matnidagi normalarni o‘zaro qiyoslansa, bu fikrlarimiz qanchalik haqqoniy ekanligi o‘z tasdig‘ini topadi.

Shu o‘rinda 2023 yil 8 may kuni davlatimiz rahbarining Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinganini ta’kidlash lozim. Ushbu muhim hujjat talablari:

birinchidan, yangilangan Konstitutsiyamizni so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish;

ikkinchidan, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish;

uchinchidan, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish;

to‘rtinchidan, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash maqsadlariga qaratilgan.

Farmonda belgilanganidek, “yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi”.

Konstitutsiyamizga kiritilgan yangi, zamonaviy va juda muhim normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab bermoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

Shu ma’noda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning tayyorlanishida o‘z taklif-tavsiyalarini bergan barcha yurtdoshlarimizga va xorijiy hamda xalqaro hamkorlarimizga o‘z vaqtida Konstitutsiyaviy komissiya raisi nomidan minnatdorlik maktublari yuborilgan.

Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist, yuridik fanlar doktori, professor Mirzayusuf Rustamboev alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Konstitutsiyaviy islohotlar asnosida ushbu fidoyi olim tavsiya etgan 35 ta taklifning aksariyati yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz matniga to‘liq yoki qisman kiritilgani alohida tahsinga sazovor.

Ilm-fan va ta’lim-tarbiya tizimi fidoyisi, zukko olim hamda taniqli davlat va jamoat arbobi Mirzayusuf Rustamboev mamlakatimizda yuridik fan va yuridik ta’lim rivoji yo‘lida ham ilmiy-nazariy, ham tashkiliy-pedagogik asoslarda o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan milliy huquqshunos kadrlarning eng peshqadamlaridandir. Shuning uchun ushbu taniqli olim va tashkilotchi rahbarning serqirra, sermazmun va sermahsul faoliyati haqida muxtasar so‘z yuritish ayni muddao bo‘ladi, degan fikrdaman.

Mirzayusuf Rustamboev – mohir pedagog. Olim 1979 yili Toshkent Davlat universitetini (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetini) bitirib, shu oliy o‘quv yurtida o‘qituvchilikdan toki Toshkent davlat yuridik instituti (hozirda universitet) rektorigacha bo‘lgan lavozimlarda uzoq yillar samarali faoliyat yuritdi.

Mirzayusuf Rustamboev – yuridik fanlar doktori ilmiy darajasini yoqlab, professor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan taniqli huquqshunos olim. U yaratgan “Jinoyat huquqi” yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy maktab jahon bo‘yicha tan olingan. Ushbu ilmiy maktabdan hozirga qadar 11 nafar fan doktori va 29 nafar fan nomzodi yetishib chiqdi. Bugungi kunda ham olimning ko‘plab shogirdlari yuridik fanning dolzarb muammolari bo‘yicha muvaffaqiyatli ilmiy tadqiqotlar olib borishmoqda.

Mirzayusuf Rustamboev – ko‘plab yuridik darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari, monografiyalar va risolalar muallifi. Ayniqsa, olimning “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat huquqi kursi” nomli o‘zbek va rus tillaridagi 5 jildlik kitobi, qariyb 70 ta darsligi, 30 ga yaqin o‘quv va 30 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari, 15 ta monografiyasi, salkam 40 ta risolasi, 160 tadan ziyod ilmiy maqolasi hamda 550 ta atrofidagi ilmiy ishi talabalar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib, ilmiy doiralarda ham behad qadrlanadi.

Mirzayusuf Rustamboev – jonkuyar davlat va jamoat arbobi. Xususan, u 2004-2009 yillarda Oliy Majlis Senati a’zosi sifatida turli qo‘mita va komissiyalarning mas’uliyatli faoliyatiga rahbarlik qildi. Oliy ta’lim tizimining ko‘zga ko‘ringan vakili, iqtidorli ilm-fan namoyandasi sifatida davlat va jamoat ishlarida hamisha faollik ko‘rsatib kelmoqda.

Polkovnik M.Rustamboev rahbarlik qilayotgan Jamoat xavfsizligi universitetida kursantlarning sifatli va namunali ta’lim olishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Buni universitetning ilmiy salohiyati 2017 yildagi 10 foizdan 2023 yilda 75 foizga o‘sgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Professor M.Rustamboevning “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yurist” faxriy unvoni va “Mehr-saxovat” ko‘krak nishoni, Ikkinchi darajali “Shon-sharaf” ordeni kabi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlangani, hech shubhasiz, fidokorona xizmatlariga berilgan munosib baho va ehtirom ifodasidir.

O‘z navbatida, Mirzayusuf Rustamboev Turkiya, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston harbiy akademiyalarining medallari va ko‘krak nishonlari, Olma-ota akademiyasining faxriy professori unvoni bilan taqdirlangani ham bejiz emas. Bunday e’tibor, albatta, taniqli o‘zbek olimi yuridik fan va ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ishiga munosib hissa qo‘shayotganidan dalolat beradi.

Bugungi kunda mamlakatimizning yangilangan konstitutsiyaviy-huquqiy zaminida milliy taraqqiyotning asosiy yo‘nalishlarini takomillashtirish, shiddatli va keng ko‘lamli islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish davr talabiga aylandi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda mustaqillikning o‘tgan 32 yili mobaynida birinchi marotaba 7 yilga mo‘ljallangan uzoq muddatli va qamrovdor milliy taraqqiyot dasturi, ya’ni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlandi.

Ushbu dasturilamal hujjatda 100 ta maqsad, 369 ta chora-tadbir, 190 ta vazifa, 306 ta maqsadli ko‘rsatkich bajarilishi va bu borada 118 ta normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan. Bu ulug‘vor va sharafli vazifalar, shubhasiz, yurtimizning bilimli va tajribali, barcha fidoyi insonlari qatori professor Mirzayusuf Rustamboev zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Muxtasar aytganda, hurmatli olimimiz xalqimiz farovonligi va yurtimiz ravnaqi uchun Yangi O‘zbekistonni bunyod etish va Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini tiklashga samarali ilmiy-ijodiy faoliyati bilan katta hissa qo‘shishiga ishonchimiz komil. Binobarin, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Barchamizning fidokorona mehnatimiz, g‘ayratu shijoatimiz bilan Yangi O‘zbekiston orzusi real haqiqatga aylanmoqda. Xalqaro maydonda Vatanimizga nisbatan hurmat va e’tibor tobora ortib bormoqda.

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri birinchi o‘rinbosari,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik

Oʼzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi

Powered by GSpeech