Bugun Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Yoshlar huquqi: imkoniyat va himoya qilish mexanizmi” mavzusidagi xalqaro forumda so‘zga chiqqan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov yoshlar masalasining dolzarbligi, alohida ahamiyatiga batafsil to‘xtaldi:
– Hozir yer yuzida 15-24 yoshli 1,2 milliard odam yashaydi. Bu raqam dunyo aholisining 16 foizi, degani. 2030 yil, ya’ni Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish belgilangan muddatda yoshlar soni yana 7 foiz oshib, qariyb 1,3 milliard kishiga yetishi kutilyapti.
Yoshlar innovatsiya, g‘oya va yechimning ulkan manbai bo‘lib, endilikda ularning ovozi har qachongidan muhim. Jamiyatni harakatga keltiruvchi kuchga aylangan yoshlar salohiyatini yuzaga chiqarish zarur, chunki kelgusi munosib dunyoni bunyod etish vazifasi aynan ular zimmasida.
Xalqaro hamjamiyat har qanday davlat taraqqiyotida sog‘lom va barkamol yosh avlod hal qiluvchi o‘ringa ega ekanini e’tirof etadi. Darhaqiqat, jamiyat kelajagi yoshlarning g‘ayrati, tashabbuskorligi, har tomonlama kamol topishi, zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lishi bilan bog‘liq.
Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, “tinchlikni, kuchli iqtisodiy o‘sishni, ijtimoiy adolatni, bag‘rikenglikni ta’minlash va yana boshqa ko‘p ezgu maqsadlarga erishish yoshlar imkoniyatidan unumli foydalanishga bog‘liq”.
BMT tomonidan qabul qilingan, 2030 yilgacha mo‘ljallangan Kun tartibida yoshlar faolligi va imkoniyatini kengaytirish barqaror rivojlanish hamda butun dunyoda tinchlikni qaror toptirishning hal qiluvchi omili sifatida belgilanib, ularning manfaati barcha 17 maqsadga erishishga doir 169 vazifada inobatga olingan.
Butun dunyoda yoshlarning ehtiyojini ro‘yobga chiqarish, salohiyatini mustahkamlash va turli-tuman huquqlarini kengaytirish maqsadida BMT tomonidan 2030 yilgacha “Yoshlarni jamiyat hayotiga jalb qilish orqali demokratiyani mustahkamlash” strategiyasi qabul qilingan. Hujjatda “Yoshlar eng bebaho va juda muhim resurs hisoblanishi, ularga sarflangan sarmoya ko‘p karra miqdorda o‘zini qoplashi alohida ta’kidlangan. O‘zbekiston ushbu Strategiya jadal sur’atda amalga oshirilayotgan dunyoning o‘n davlati safiga kirishi quvonarli.
Yoshlar huquqiga doir xalqaro darajadagi eng muhim hujjat qabul qilingandan keyin yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida misli ko‘rilmagan islohotlar boshlandi. O‘sib kelayotgan avlodga katta umid bog‘layotgan davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun yoshlarga zarur sharoit yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir”.
O‘zbekiston yetakchisi har qanday jamiyatning barqaror rivojlanishida yoshlar muhim o‘rin tutishini anglagan holda, xalqaro maydonda muhim tashabbuslar bilan chiqmoqda. Jumladan, BMT Inson huquqlari kengashining 46-sessiyasida mamlakat rahbariyati tomonidan Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachini ta’sis etish g‘oyasi ilgari surildi.
Prezidentimiz xalqaro miqyosda faollikni rivojlantirib, BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilish tashabbusini ko‘tardi. Konvensiya loyihasi 40 dan ortiq xalqaro forum va ekspertlar hamjamiyati yig‘ilishlarida muhokama qilindi.
Yaqinda Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Bosh Assambleyaning 78-sessiyasida Shavkat Mirziyoyev yoshlar sohasida yana bir muhim fikr bildirib, BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif qildi. Ushbu tashabbus mintaqamizda yoshlar huquqini ta’minlash va amalga oshirishdan eng yuqori darajada manfaatdorlikning o‘ziga xos namunasidir. Zero, Markaziy Osiyoda aholining qariyb yarmi yoshlardir.
S.Rahimov yozib oldi.
O‘zA
- Qo'shildi: 23.10.2023
- Ko'rishlar: 3319
- Chop etish