MARKAZIY OSIYO YOSHLAR FORUMI

MARKAZIY OSIYO YOSHLAR FORUMI

navqiron avlod huquqlarini ta’minlashdagi yangi bosqich

 

Poytaxtimizda “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzuida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Anjuman noan’anaviy tarzda — ma’naviy-badiiy sahna namoyishi bilan boshlandi. Muhtasham majlislar zali uzra O‘zbekiston Qaxramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Inson qasidasi” iqtidorli yoshlar ijrosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida yangradi.

Ushbu xalqaro anjuman dunyo hamjamiyati tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti kuni deb e’lon qilingan tarixiy sana — 24 oktyabr arafasida o‘tkazilayotganida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Mazkur forum Prezidentimizning tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi” doirasida o‘tkazilmokda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov xalqaro forumni ochib, anjumanning o‘ziga xos xususiyatlari, dolzarbligi va muhimligini alohida ta’kidladi.

Forum ishtirokchilarini BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi videomurojaat orqali tabrikladi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyo yoshlar forumi uning ishtirokchilari uchun yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini ta’minlash hamda himoya qilish mexanizmlari bo‘yicha zaruriy bilimlarga ega bo‘lish, o‘zaro tajriba almashish, dolzarb g‘oya va loyihalarni ro‘yobga chiqarish uchun qulay axborot-ma’rifiy hamda amaliy muhokama-munozara maydoniga aylanishiga ishonch bildirdi.

Shundan so‘ng anjuman o‘z ishini uchta yalpi majlis doirasida davom ettirdi.

Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlarari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari, jami 800 dan ortiq ishtirokchilar qatnashdi.

Forumni tashkil etishda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi, BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi ofisi, BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi, Fridrix Ebert nomidagi jamg‘arma kabi xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda ish olib borildi.

Forumning yopilish marosimida yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro, mintaqaviy hamda milliy tajriba va yondashuvlar muhokama qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Dushanbeda bo‘lib o‘tgan Maslahat uchrashuvi yakunida mintaqa yoshlari manfaatlarini ta’minlash yo‘lida yana bir muhim amaliy qadam qo‘yildi. Ya’ni Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasida yoshlarga oid siyosatning umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risida bitim imzolandi.

Barcha davlatlar siyosatiga yoshlar huquqlarini integratsiya qilishning huquqiy, ma’muriy va siyosiy asoslarini takomillashtirish yo‘llari hamda vositalarini ishlab chiqish bo‘yicha aniq tavsiyalar ilgari surildi. Bunday amaliy yondashuv BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga salmoqli hissa qo‘shish imkonini berishi ta’kidlandi.

Shu asosda xalqaro forumning yakuniy hujjati — Yoshlar huquqlari bo‘yicha Markaziy Osiyo deklaratsiyasi loyihasi ishlab chiqilib, muhokama qilindi.

 

So‘z — tadbir ishtirokchilariga

 

Matilda BOGNER,

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘linmasi raqbari:

— Mazkur forumni aholisining qariyb yarmini yoshlar tashkil etadigan Markaziy Osiyo mintaqasida yoshlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha birdamlik va hamkorlikning ramzi, desak, mubolag‘a emas. Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev yoshlar sohasida yana bir muhim tashabbus — BMT huzurida Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etishni taklif qilgan edi. Ushbu tashabbus mintaqa yoshlari huquqlarini ta’minlash va amalga oshirishdan eng yuqori darajada manfaatdorlikning yaqqol namunasi bo‘ldi.

Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim inson huquqlari va asosiy erkinliklaridan samarali foydalanish uchun muhim bo‘lib, bag‘rikenglik, kamsitmaslik, tenglik, nizolarning oldini olish va ekstremizmga qarshi kurashishga yordam beradi. Samarali inson huquqlari ta’limi nafaqat inson huquqlari va ularni himoya qilish mexanizmlari haqida bilim beradi, shuningdek, kundalik hayotda inson huquqlarini ilgari surish, himoya qilish va amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni ham rivojlantiradi.

Forumning birinchi yalpi majlisida kelgusida yoshlar huquqlari sohasidagi amaliy ishlar va siyosiy tashabbuslar uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladigan qarorlar va tavsiyalar ishlab chiqish uchun amaliy takliflarni ilgari surdik.

Memet JAKU,

YeXHT amaldagi raisining yoshlar masalalari bo‘yicha maxsus vakili:

— Yoshlar huquqlarini himoyalash tizimini rivojlantirish sohasiga taalluqli bir qator ilg‘or vosita hamda standartlar dunyo miqyosida muhim o‘rinlarni egallab turgani ayni haqiqat. Bu vosita va standartlarning aksariyati BMT doirasida qabul qilingan bo‘lib, keyingi 30 yilda yoshlar huquqlari himoyasi bo‘yicha xalqaro hujjatlar soni 10 tadan oshgani ham buning yaqqol tasdig‘idir.

Forumning ikkinchi yalpi majlisida yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo‘llanilishi sohasini tahlildan o‘tkazdik. Yoshlar huquqlari hamda imkoniyatlari himoyasi mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdik.

Biz, hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, yoshlar huquqlarini himoya qilish muhimligi borasida jamiyatning xabardorligi va tushunchasini oshirishga kirishishimiz, bu yo‘nalishga qaratilgan siyosat va qonunchilikni targ‘ib etish hamda qo‘llabquvvatlashimiz zarur. Bunda yoshlar huquqlarini himoya qilishning eng maqbul amaliyoti va samarador mexanizmlariga taalluqli ilg‘or tajribalarni o‘rganish alohida o‘rin tutadi, albatta.

Darya KOSHELEVA,

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining yoshlar bo‘yicha mutaxassisi (Jeneva):

— Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi doirasida va inson huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq qizg‘in faoliyatning peshqadamlari bo‘lgan yoshlar o‘z huquqlarini amalga oshirish asnosida turli qiyinchiliklarga duch kelayotganini hisobga olgan holda, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan Yoshlar huquqlari bo‘yicha maslahat guruhi ta’sis etilgan.

Uying asosiy vazifasi inson huquqlarini ta’minlash faoliyatida izchil ishtirok etish, yoshlar siyosatiga oid tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro-huquqiy hujjatlar ishlab chiqish sohasidagi tashabbuslarni dastaklashdan iborat.

Shu ma’noda, Markaziy Osiyo yoshlar forumining uchinchi yalpi majlisida yoshlarning turli guruhlari uchun inson huquqlari sohasidagi asosiy to‘siqlar va muammolarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratdik. Jumladan, milliy va mintaqaviy darajalarda inson huquqlarini himoya qilish va yoshlar inson huquqlari bo‘yicha kelgusi yillarda qanday o‘zgarishlar bo‘lishini tasavvur etishi va kelajakda inson huquqlarini mustahkamlash uchun qanday majburiyatni olishgani haqida fikr almashdik.

 

Rahmatjon BOBOJONOV («Xalq so‘zi») yozib oldi.

«Xalq so‘zi» gazetasining 2023 yil 24 oktyabr kungi 226 (8569)-soni

Powered by GSpeech