Yangi O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy qiyofasi: nazariya va amaliyot

23-24 oktyabr kunlari A.S.Griboyedov nomidagi Moskva universitetida “Griboyedovxonlik anjumani” bo‘lib o‘tdi. Bayram tadbiri ushbu oliy ta’lim bo‘yicha xususiy ta’lim muassasasi tashkil topganligining 30 yilligiga bag‘ishlandi.

Moskva universiteti rahbariyatining rasmiy taklifiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov mazkur anjumanda faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. O‘zbek huquqshunos olimi “Yangi O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy qiyofasi: nazariya va amaliyot” mavzusida ma’ruza qildi.

O‘zbekiston hozirgi zamon xalqaro hamjamiyatining teng huquqli a’zosidir. Mamlakatimizning ushbu xalqaro-huquqiy maqomi, avvalambor: davlat suvereniteti tushunchasining tub mohiyatida; davlatning zamonaviy xalqaro munosabatlardagi huquqiy xulq-atvorini belgilovchi omillarda; muayyan milliy manfaatlarni shakllantirish shart-sharoitlarida; mamlakatning huquqiy harakatlari va yondashuvlariga xalqaro-huquqiy jihatdan beriladigan baho hamda buning zamonaviy xalqaro huquq taraqqiyotidagi ahamiyati misolida namoyon bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan, Yangi O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy siyosati konsepsiyasi – davlatimizning zamonaviy xalqaro huquq talablari doirasidagi tizimli yondashuvga asoslangan tashqi huquqiy siyosati nazariyasidir. Zero, har bir milliy suveren davlat, jumladan, O‘zbekiston ham tegishli xalqaro-huquqiy siyosatni amalga oshiradi. Bunda ushbu siyosat zamirida ayni vaqtda yaratilayotgan, talqin qilinayotgan va qo‘llanayotgan xalqaro huquq normalarining mazmun-mohiyatiga oid davlatning tegishli xalqaro-huquqiy qarashlari va hujjatlarini amalga oshirish orqali amaldagi zamonaviy xalqaro huquqqa ta’sir ko‘rsatish maqsadi yotadi.

Yangi O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy amaliyotini o‘rganish, o‘z navbatida, xalqaro huquqqa milliy yondashuvning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlashga yo‘l ochadi. Bu jarayonda, ayniqsa, dolzarb hamda aniq mintaqaviy va global huquqiy muammolar bo‘yicha joriy yondashuvlarning ilmiy-nazariy, amaliy-tashkiliy, o‘quv-ma’rifiy, diplomatik va tashqi siyosiy ahamiyatini to‘g‘ri baholash istiqboldagi xalqaro-huquqiy qadamlarni to‘g‘ri bashorat qilish imkonini beradi.

Akademik A.Saidov qayd etganidek, Yangi O‘zbekiston xalqaro-huquqiy siyosatining nazariy-amaliy ahamiyati quyidagilar bilan izohlanadi:

birinchidan, mamlakatning xalqaro munosabatlardagi huquqiy siyosatining ilmiy asoslangan konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish zarurati. Shu bilan birga, gap siyosiy-huquqiy tartibga solish mexanizmini yaratish hamda xalqaro-huquqiy siyosatning maqsad va vazifalari, ustuvor yo‘nalishlari va asosiy yo‘nalishlari, tamoyillari bilan bir qatorda, uni amalga oshirishning o‘ziga xos vositalari va mexanizmlarini ham belgilash haqida bormoqda;

ikkinchidan, davlatning xalqaro-huquqiy siyosati vositalari va imkoniyatlaridan maksimal darajada samarali foydalanish lozim;

uchinchidan, jahonda ro‘y berayotgan global jarayonlarning salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida global va mintaqaviy inqirozlarning yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarini oldindan ko‘rish va ularga o‘z vaqtida javob berib borish taqozo etiladi;

to‘rtinchidan, mintaqaviy va global miqyosda davlatning milliy manfaatlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish uchun xalqaro-huquqiy siyosat imkoniyatlaridan foydalanish, shu orqali xalqaro-huquqiy siyosatning strategik maqsadlariga erishishni ta’minlash juda foydali hisoblanadi;

beshinchidan, xalqaro-huquqiy siyosat O‘zbekistonning xalqaro munosabatlardagi to‘liq huquqlari va nufuzini oshirishga xizmat qiladi;

oltinchidan, xalqaro-huquqiy siyosat milliy huquqiy va xalqaro-huquqiy kafolatlar birligini va ularning maqbul darajada o‘zaro hamkorligini mustahkamlaydi.

Yangi O‘zbekistonning xalqaro-huquqiy siyosatini samarali amalga oshirish ko‘p jihatdan xalqaro-huquqiy sohadagi ustuvor yo‘nalishlar va yo‘nalishlarning to‘g‘ri belgilanishiga bog‘liq. Bularning barchasi, shubhasiz, O‘zbekiston oldida turgan mintaqaviy va jahon miqyosidagi eng muhim vazifalarni hal etishga katta yordam beradi.

Inson huquq va erkinliklarini himoya qilish Yangi O‘zbekiston xalqaro-huquqiy siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishidir. Inson huquqlari va erkinliklarini rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish bir-biriga uyg‘un, muvofiqlashtirilgan hamda o‘zaro bog‘liq uchta, ya’ni: milliy; mintaqaviy; universal darajaga asoslanishi kerak.

Shu bilan birga, davlat xalqaro-huquqiy siyosatning asosiy sub’ekti bo‘lib, nafaqat o‘z manfaatlarini, balki fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ham “dirijyori” sifatida ishlaydi. Binobarin, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Respublikasi xalqaro-huquqiy siyosatining umuminsoniy va mintaqaviy xalqaro huquqiy kafolatlar majmui bilan to‘ldiriladigan milliy tizimni yaratishga qaratilgan eng dolzarb vazifalaridan biridir.

Rossiya Federatsiyasi poytaxtida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik “Griboedovxonlik anjumani”ning to‘rtta yalpi majlisi ham qizg‘in ilmiy-nazariy munozaralarga boy bo‘ldi. Oflayn va onlayn tarzdagi muhokamalarda taniqli huqushunos va siyosatshunoslar, pedagog va psixologlar, davlat va jamoat arboblari, shuningdek, yosh olimlar va jurnalistlar ishtirok etdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech