EKOLOGIYA VA BOLA HUQUQLARI

Bugungi kunda ekologik tahdidlar – bir tomondan, hozirgi davrga xos global xatarlar hisoblansa, ikkinchi tomondan, inson huquqlari sohasidagi jiddiy muammolar qatoriga kiradi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi o‘z tarixida ilk bor musaffo, sog‘lom va barqaror atrof muhit – bu inson huquqlarining uzviy qismi, deb e’tirof etgani hamda bundan ikki yil oldin bu sohada Maxsus ma’ruzachi maqomini ta’sis qilgani xuddi shu omillar bilan izohlanadi.

Global ofat – COVID-19 pandemiyasi dunyo davlatlarining tabiatni muhofaza qilish sohasidagi ko‘p tomonlama shartnoma va bitimlar, jumladan, 2030 yilgacha davrdagi Kun tartibi, Parij bitimi kabi o‘zaro kelishuvlarda zimmasiga olgan majburiyatlari bajarilishiga jiddiy xalal bergani sir emas. Aksariyat mamlakatlarda ushbu yo‘nalishdagi vazifalarning moliyalashtirilishi va bajarilishi zarur darajada ta’minlanmayapti.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ham iqlim o‘zgarishlari va ekstremal ob-havo hodisalari oldida zaif ekani sezildi. Hozirgi vaqtda suv taqchilligi ekinlarni sug‘orish imkoniyatlarini cheklamoqda, oqibatda bo‘lajak hosil boy berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Bu haqda so‘z borganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida BMTning yangi ekologik siyosati asoslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator tashabbuslarni ilgari surganini ta’kidlash o‘rinlidir. Shu yangilanishlar talabidan kelib chiqqan holda, jumladan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadigan faollar safini “Ekologiya huquqi himoyachisi” nominatsiyasi g‘oliblari hisobiga kengaytirish choralari ko‘rildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, sayyoramizdagi har bir bola va o‘smir toza, sog‘lom, barqaror atrof-muhitda yashashga haqli. Ammo, “Zamin” fondi va YuNISEF tomonidan o‘tkazilayotgan forumlarda tashvish bilan va asosli ravishda ta’kidlab kelinayotganidek, ushbu huquq haqidagi ilhombaxsh gaplar va butun dunyodagi millionlab bolalar kundalik hayotida duch kelayotgan voqelik o‘rtasida katta masofa mavjud.

Bugungi kunda ifloslangan havo har yili 600 mingdan ziyod bolaning hayotiga zomin bo‘lmoqda, shuningdek, yuz millionlab bola xavfsiz ichimlik suvi va to‘yib ovqatlanish imkoniyatidan bahramand bo‘la olmayapti. Bolalar ularning rivojlanish jarayonlariga ziyon yetkazishi va hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan qo‘rg‘oshin va simob kabi zaharli kimyoviy moddalar ta’sirini boshidan kechirmoqda.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 2021 yilda tug‘ilgan bolalar ularning 60 yil avval tug‘ilgan bobo va momolariga nisbatan 7 marta ko‘p anomal issiqlik to‘lqinlarini, ikki barobar ko‘p o‘rmon yong‘inlarini va qariyb uch barobar ko‘p qurg‘oqchilik holatlarini boshidan kechirmoqda. Bu ochiq va achchiq haqiqat, o‘z navbatida, bolalar iqlim o‘zgarishining keng ko‘lamli oqibatlari oldida zaif ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.

Shu ma’noda, BMT barcha davlatlarni bolalarni iqlim o‘zgarishi ta’siridan himoyalashga chaqirgani bejiz emas. BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi yaqinda BMTga a’zo davlatlar uchun bolalarning atrof-muhitga bo‘lgan huquqlarini ta’minlashda nima qilishlari kerakligi haqidagi yo‘riqnomani e’lon qildi.

Joriy yil 28 avgustda e’lon qilingan «Iqlim o‘zgarishi masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda bolalar huquqlari va atrof-muhit to‘g‘risidagi 26-sonli umumiy tartib sharhlari» deb nomlanuvchi ushbu yo‘riqnoma favqulodda iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishiga bag‘ishlangan. Unda bolalar hayoti va istiqbollarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan bo‘lib, davlatlardan BMT Qo‘mitasiga bolalarning ekologik huquqlarini himoya qilish borasidagi yutuqlari haqida vaqti-vaqti bilan hisobot berishlari talab qilinadi.

Ya’ni, BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi birinchi marta Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga binoan a’zo davlatlarning majburiyatlarini har tomonlama ifoda etish orqali bolalarning toza, sog‘lom va barqaror muhitga bo‘lgan huquqini bevosita tasdiqladi. O‘z navbatida, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi ta’sirini kamaytirish va unga moslashish, «yashil» iqtisodiyotga o‘tish choralarini jadallashtirish, «yashil» va inklyuziv iqtisodiy o‘sish modelini targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu borada, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan 2019-2030 yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi tasdiqlangan. Ayni Strategiyaning maqsadi mamlakatimizda «yashil» iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, «yashil» investitsiyalarni jalb qilish, ekologik inqirozning salbiy ta’sirini yumshatishdir.

Shuningdek, 2021 yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasining 26-yig‘ilishida (COR26) O‘zbekiston tomonidan Parij bitimi doirasida 2030 yilga qadar yalpi ichki mahsulot birligida issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yilgi ko‘rsatkichlarga nisbatan 35 foiz kamaytirish bo‘yicha qo‘shimcha majburiyatni o‘z zimmasiga olishi haqida bayonot berildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston 2030 yilga qadar metan emissiyasini 2020 yilga nisbatan kamida 30 foizga kamaytirish bo‘yicha mamlakatlarning jamoaviy maqsadga erishishi bo‘yicha global majburiyat to‘g‘risidagi tashabbusga (Global Methane Pledge) qo‘shildi.

Yana bir muhim qadam: Prezidentimiz 2022 yil 2 dekabrda “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi  qarorni imzoladi. Bundan ko‘zlangan maqsad 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishdir.

Bunda, xususan, O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi doirasida «yashil» va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida resurslarni tejashni yanada kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.

Qaror asosida unda belgilangan strategik maqsadlarga erishish uchun, birinchidan, 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash dasturi; ikkinchidan, Sanoat tarmoqlarida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va energiya tejamkorligini ta’minlash bo‘yicha konsepsiya; uchinchidan, 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Ushbu hujjatlarda bolalarning ekologik huquqlarini ta’minlash masalasi qay darajada o‘z aksini topgan, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunga javoban birgina hujjat – 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish va «yashil» o‘sishni ta’minlash dasturidan misol keltiramiz.

Dasturda, jumladan, «Yashil» iqtisodiyotga o‘tish davrida katta ta’sir ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan aholi va ularning yashash joylarini qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlari ko‘rsatilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishlar ta’lim sifati va natijadorligini oshirishni ham o‘zida qamraydi. Bu o‘rinda bolalar, yoshlar va ayollarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularning inklyuziv ta’limini ta’minlash, sifati va qamrovini oshirish haqida so‘z bormoqda.

O‘z navbatida, mazkur Dasturning «Yashil» o‘sish bo‘yicha salohiyatni oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga oid ustuvor yo‘nalishlari qatorida ta’lim tashkilotlarining tegishli o‘quv rejalariga «yashil» iqtisodiyot mavzularini kiritish ko‘zda tutilmoqda. Bunda tegishli ta’lim tashkilotlarida mavjud fanlar doirasida «yashil» iqtisodiyot amaliyoti va tamoyillariga oid mavzularini kiritish vazifasi ham sanab o‘tilganini ta’kidlash darkor.

Bundan bir oy avval O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha hujjat imzolangani ham dolzarb ahamiyatga ega. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan imzolangani ushbu hujjat “Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiya” hamda uning “Yo‘l xaritasi”dir.

Milliy strategiya tashabbusi eko-faollar, shu jumladan, “Eco-schools Uzbekistan” loyihasi a’zolari tomonidan ilgari surilgan. YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ta’kidlaganidek, “Bu muhim hujjat nafaqat vazirlar, balki bolalarning o‘zi tomonidan ishlab chiqildi va imzolandi. Biz ushbu strategiya har bir bola va yosh jamiyatimiz farovonligi va barqarorligiga o‘z hissasini qo‘shadigan istiqbolli rivojlanish uchun asos bo‘lishiga ishonamiz”.

Mazkur strategiya bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishdagi rolini e’tirof etish, ularning sohadagi faol ishtirokini ta’minlash, o‘quv jarayonlarida asosiy e’tiborni bilim berishdagi muammolarni o‘rganish va yechimlarni izlashga yo‘naltirishni nazarda tutadi.

Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish va O‘zbekiston bolalari va yoshlarini iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha Milliy strategiyaning asosiy vazifalari, jumladan:

  • “yashil” ta’limni ilgari surish bo‘yicha milliy siyosat va harakatlar rejasini ishlab chiqish hamda zarur o‘quv resurslarini yaratish;
  • bolalar va yoshlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash va faollashtirish uchun turli manfaatdor tomonlar o‘rtasida sheriklik munosabatlari va hamkorlikni rivojlantirish hamda avlodlar o‘rtasidagi hamkorlikning muhim rolini e’tirof etish;
  • maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida “yashil” hamjamiyatni yaratish kabi muhim masalalardan iborat.

Eng muhimi, ushbu strategiya “yashil” ta’lim va barqaror rivojlanish tizimini izchil shakllantirish uchun tayanch hujjat bo‘lib xizmat qilishi lozim. Unda sifatli ekologik ta’limning asosiy tamoyillari, ya’ni uzluksizlik, fanlararo bog‘liqlik, fundamentallik va komplekslik prinsiplari qayd etilgani alohida ahamiyatga molikdir.

Muxtasar aytganda, yurtdoshlarimiz iqlim o‘zgarishi zamonamizning asosiy tahdidlaridan biri ekani, odamlar, ayniqsa yoshlar va bolalarning hayot sifatiga bevosita tas’sir ko‘rsatayotgani borasida yakdil fikrda ekani e’tiborga loyiq. Yanada muhimi, davlatimiz va jamiyatimiz ushbu muammoni kechiktirmasdan hal qilish uchun zarur choralarni ko‘rish yo‘lidan izchil hamda dadil bormoqda.

 

G‘ulom MIRZO

Powered by GSpeech