XALQARO HUQUQNING DOLZARB MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

Joriy yilning 23 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq institutining tashabbusi bilan Barqaror rivojlanish markazi Toshkent viloyati bo‘linmasi hamkorligida “BMT tizimidagi tuzilmalarning xalqaro huquqni ta’minlash borasidagi ustuvor vazifalari” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etildi.

Unda BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi a’zosi Baxtiyor Tuzmuxammedov, IIV akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sudyalar oliy maktabi, Namangan, Samarqand, Termiz davlat universiteti, Agrar universiteti professor-o‘qituvchilari, Barqaror rivojlanish markazi xodimlari, Davlat va huquq instituti jamoasi ishtirok etdi.

Davra suhbatini Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori Murodjon Turg‘unov kirish so‘zi bilan ochib berdi. M.Turg‘unov o‘z so‘zida bugungi kunda inson huquqlarini ta’minlashda xalqaro huquq me’yorlariga rioya qilish borasida yangi O‘zbekistonda demokratik islohotlar amalga oshirilayotganligi, yangilangan Konstitutsiyamizda bu borada qator yangi konstitutsiyaviy-huquqiy normalar belgilab berilganligini alohida ta’kidladi.

Davra suhbatida BMTning Qiynoqqa qarshi qo‘mitasi a’zosi Baxtiyor Tuzmuxammedovma’ruza bilan ishtirok etdi. U o‘z ma’ruzasida BMTning tuzilmaviy organlari tomonidan bugungi kunda amalga oshirilayotgan
chora-tadbirlar haqida fikrlar bildirdi. Xususan, xalqaro huquqda inson huquqlarini ta’minlash borasida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan davlatlar tomonidan taqdim etilgan yillik ma’ruzalar hamda Qiynoqqa qarshi qo‘mitaning vazifalari hamda faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tdi.

Davra suhbati davomida Davlat va huquq institutining ilmiy xodimlari tomonidan berilgan savollarga B.Tuzmuhammedov tomonidan asoslantirilgan javoblar berildi.

Shundan so‘ng, martabali mehmon Davlat va huquq instituti faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Xususan, Institut ilmiy xodimlari tomonidan tayyorlangan ilmiy, huquqiy va tarixiy adabiyotlar ko‘zdan kechirildi. Kelgusida o‘zaro hamkorlik asosida qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda xalqaro huquq va inson huqulari sohalari doirasida yangi avlod adabiyot nashrlarini tayyorlashga kelishib olindi.

Davra suhbati yakunida xalqaro huquq normalarini milliy qonunchiligimizda yanada mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

BRM

Powered by GSpeech