MUROJAATLAR BILAN ISHLASH
Bu jarayonda inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil ta’minlanmoqda
“Har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”.
Ushbu huquqiy normalar Konstitutsiyamizning 40-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni ta’minlovchi va milliy idoralararo muvofiqlashtiruvchi tashkilot – Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ana shu konstitutsiyaviy talablar doirasida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimi izchil faoliyat ko‘rsatmoqda.
Milliy markazga joriy yilning 9 oyida jami 1 ming 100 ta murojaat kelib tushgan. Ya’ni, 2022 yilning shu davriga nisbatan murojaatlar soni 62 taga ko‘paygan.
Murojaatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, fuqarolarning sud-tergov organlari qarorlari va mansabdor shaxslarning xatti-harakatlaridan norozilik tarzidagi shikoyatlari ko‘pchilikni tashkil qiladi. Bunday holat oldingi yillarda ham kuzatilgan.
Ro‘yxatga olingan murojaatlarning 1 ming 69 tasi – 97,1 foizi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablari negizida o‘rganilgan hamda tegishli tashkilot va idoralarga ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirilgan. Qolgan 31 tasi, ya’ni 2,9 foiz murojaatlar mazkur qonunga mos kelmaganligi sababli ko‘rmasdan qoldirilgan.
Shuningdek, Milliy markazning “Jismoniy va yuridik shaxslar qabulxonasi”dagi yuzma-yuz muloqotlar asnosida 305 ta murojaat qabul qilinib, 200 nafardan ortiq fuqaroga huquqiy maslahatlar berilgan. Murojaatlar bilan ishlash bo‘limi xodimlari tomonidan telefon orqali ham 1 ming 500 nafardan ziyod murojaat egalariga huquqiy tushuntirishlar berilishi ta’minlangan.
Bu mas’uliyatli jarayonlarda 350 dan ortiq murojaat bo‘yicha Milliy markazning xulosa va tavsiyasi tayyorlanib, ko‘rib chiqish uchun taalluqli idoralarga yuborilgan. Shu asosda 71 nafar fuqaroning huquqlari tiklangan, yana bir qancha murojaat egalarining huquqlari amalga oshirilishiga ko‘mak berilgan.
Milliy markaz tomonidan turli davlat organlariga kiritilgan taklif va tavsiyalar asosida fuqarolarning huquqlari tiklanganligi bilan bog‘liq ayrim holatlar yuzasidan muxtasar ma’lumot berishga jazm etdik.
Xususan, Toshkent shahrida yashovchi M.A.ning o‘g‘li M.A.ga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha og‘ir jazo qo‘llanilganidan noroziligi haqida Milliy markazga kelib tushgan murojaati bo‘yicha Sirdaryo viloyat sudiga tavsiya kiritilgan. Ushbu sudlanuvchi himoyachisining bergan apellyatsiya shikoyatiga ko‘ra o‘ziga nisbatan ortiqcha qo‘yilgan ayblov bo‘yicha oqlanib, Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan jarima jazosi tayinlangan holda, sud zalidan qamoqdan ozod etilgan.
Navoiy viloyatida yashovchi fuqaro M.T. esa Uchquduq tumani IIB tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishi bo‘yicha ayblanuvchi turmush o‘rtog‘i A.T.ga nisbatan asossiz ravishda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilganligi hamda u bilan uchrashishga ruxsat berilmayotganligi to‘g‘risida Milliy markazga murojaat yo‘llagan. Bu holat bo‘yicha Navoiy viloyati prokurori nomiga kiritilgan tavsiyaga binoan, tergov harakatlari yakuniga ko‘ra A.T.ga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi uy qamog‘iga o‘zgartirilgan.
Andijon viloyatida yashovchi fuqaro G.A.ning ham xuddi shu mazmundagi murojaati bo‘yicha Toshkent shahar prokuroriga Milliy markazning tavsiya xati kiritilgan. Natijada murojaat egasining turmush o‘rtog‘i bo‘lmish E.A.ga nisbatan qo‘llanilgan ehtiyot chorasi o‘zgartirilgan.
Shuningdek, Jizzax viloyatida yashovchi fuqaro F.B.ning Milliy markaz Virtual qabulxonasiga onasi G.T.ga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplangan bo‘lishiga qaramasdan extiyot chorasi o‘zgartirilmayotganidan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaati ko‘rib chiqildi. Pirovardida Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida Jizzax viloyat sudiga kiritilgan tavsiya xati qanoatlantirilgan: G.T.ga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi sud ajrimi asosida “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasiga o‘zgartirilib, sudlanuvchi tergov hibsxonasidan ozod qilingan.
Milliy markaz tomonidan ayrim murojaatlar bo‘yicha kiritilgan taklif va tavsiyalar asosida fuqarolarning buzilgan shaxsiy huquqlari tiklanganiga ham bir qancha misollar keltirish mumkin. Jumladan, Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro D.T. o‘z farzandi – ichki ishlar idorasi xodimi O.T.ga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlari bekor qilinib, uning oqlanishida amaliy yordam so‘ragan.
Fuqaro D.T.ning yozma murojaati yuzasidan Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kiritgan tavsiya xati qanoatlantirilgan. Mahkum O.T.ga nisbatan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi talablariga binoan oqlov hukmi chiqarilgan.
Toshkent shahrida yashovchi fuqaro X.X. ham o‘z farzandi I.O.ga oid jinoyat ishi birinchi bosqich sudida har tomonlama ko‘rilib, qonuniy qaror qabul qilinishida amaliy yordam so‘ragan. Uning yozma murojaatiga binoan Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudiga tavsiya xati kiritildi va sudda Milliy markaz vakili ishtirok etdi.
Sud I.O.ga nisbatan Jinoyat kodeksining ayblangan moddasida ko‘rsatilgan eng kam jazodan ham yengilroq jazo tayinladi. Boshqacha aytganda, murojaat muallifining talablari qanoatlantirilib, sudlanuvchi I.O. sud zalidan ozod etildi.
Shu bilan birga, Milliy markaz kiritgan tavsiyalarga binoan fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari ham tiklanmoqda. Bu jarayonda murojaat egalariga moddiy zarar undirib berilishi ta’minlangan holatlar achagina. Xususan:
- fuqaro X.A.ga – qarzdor U.E.dan 9,8 mln so‘m miqdoridagi aliment qarzdorligi aliment to‘lovlari jamg‘armasidan;
- fuqaro G.E.ga – qarzdor U.J.dan 1,4 mln. so‘m aliment puli;
- fuqaro J.Sh.ga – qarzdor D.B.dan 21,9 mln. so‘m moddiy zarar miqdori;
- fuqaro M.S.ga – qarzdor I.X. hisobidan 22,5 mln so‘m moddiy zarar miqdori;
- fuqaro R.X.ga – ishlagan tashkilot hisobidan 3 oylik ish haqi;
- fuqaro B.X.ga – ishlagan tashkiloti xisobidan to‘lanmasdan kelgan 8 mln. so‘mga yaqin ish haqi to‘liq undirib berilgan.
Yana bir misol: Buxoro viloyatida yashovchi bolalikdan 2-guruh nogironligi bo‘lgan fuqaro N.S.ning murojaati asosida Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tavsiya kiritgan. Shunga ko‘ra, fuqaro N.S. ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz keksalar, pensionerlar va nogironlar ro‘yxatiga kiritilib, unga “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan yakka tartibdagi dastur asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladigan bo‘ldi.
Milliy markazga murojaat qilgan fuqaro F.P. ham Buxoro viloyatida yashaydi. U sudning tegishli qarori bilan oqlangan bo‘lib, jinoiy javobgarlikka tortilguniga qadar ishlab kelgan lavozimiga ishga tiklanishi to‘g‘risidagi sud qarori ijrosi ta’minlanmayotganidan norozi bo‘lib shikoyat yozgan.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori nomiga prokuror nazorati o‘rnatish uchun tavsiya xati kiritildi. Natijada nazorat-tekshiruv harakatlari davomida fuqaro F.P.ning huquqlari tiklandi va u oldingi ishlagan lavozimiga teng ish bilan ta’minlandi.
Xulosa qilib aytganda, Milliy markaz jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillari murojaatlarini ko‘rib chiqishda o‘z vakolati doirasida manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan hamkorlikda samarali ish olib bormoqda. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, “Davlat organlarining kundalik faoliyatida inson huquq va erkinliklari ustuvorligiga oid konstitutsiyaviy tamoyil so‘zsiz ta’minlanishi kerak”.
Otabek Norboev,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limi
boshlig‘i
- Qo'shildi: 27.10.2023
- Ko'rishlar: 4058
- Chop etish