Toshkent xalqaro forumi – Markaziy Osiyo yoshlari uchun erkin muloqot maydoni

23 oktyabr kuni Toshkent shahrida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusidagi xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Ushbu jahon anjumani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 12 maydagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi” doirasida o‘tkazildi.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi va Inson huquqlari bo‘yicha Vena butunjahon konferensiyasining 30 yilligiga bag‘ishlangan mazkur forumda hamkor milliy va xalqaro tashkilotlarning nufuzli namoyandalari, xalqaro ekspertlar va Markaziy Osiyo mintaqasi yoshlari vakillari so‘zga chiqdi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Tyurk o‘z videomurojaatida, jumladan, shunday dedi:

– Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bugungi yoshlar va istiqboldagi avlodlar uchun tinch, adolatli va barkamol kelajakni ta’minlash vositalarini taqdim etganiga qat’iy ishonchim komil. Bu yil Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazayotgan tadbirlarimizdan maqsad faqat ortga, BMT tarixiga nazar solishdangina iborat emas.

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi turli fuqarolik jamiyati institutlarining ko‘payishiga imkon berdi. Shuningdek, dunyoni o‘zgartirishga, mustamlaka hukmronligidan mustaqillik, shaxsiy, siyosiy va iqtisodiy erkinlik uchun kurashni kuchaytirishga yordamlashdi.

Ayni chog‘da, biz bugun insoniyat kelajagining tayanchi va suyanchi bo‘lgan millionlab yoshlar haqida gapirishimiz kerak. Yoshlar harakati aksariyatimizni sog‘lom sayyora va inklyuziv kelajakka bo‘lgan huquqlarimizni ilgari surish bo‘yicha uzoqni ko‘zlagan va istiqbolli sa’y-harakatlari bilan doim ilhomlantirib kelmoqda.

Yoshlarning kamsitish, mahrumlik va ishonchsizlikdan xoli yashash, shuningdek, hayotimizga ta’sir qiladigan qarorlarning qabul qilinishida bevosita ishtirok etishga taalluqli huquqlarini ta’minlash, himoya qilish va kafolatlash juda muhim. Chunki ko‘pgina yoshlar siyosatda ishtirok etish va davlat qarorlarini qabul qilish, ishga joylashish, tibbiy xizmatlardan foydalanish kabi sohalarda hali ham muayyan to‘siq va qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

Shu ma’noda, hukumatlar va davlatga qarashli hamda xususiy muassasalar mas’ul shaxslari yoshlarning o‘y-tashvishlariga quloq tutishlari darkor. Bunda navqiron insonlar o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanishlari uchun zarur barcha choralarni ko‘rish taqozo etiladi.

Mazkur Forum O‘zbekistonning bu borada qo‘ygan ko‘plab muhim qadamlaridan biridir. Bu xalqaro anjuman inklyuziv va tinch jamiyatlarni barpo etishda yoshlarning ulkan rolini ta’kidlash uchun qulay imkoniyat hisoblanadi.

Toshkent xalqaro forumi Markaziy Osiyo yoshlari o‘z huquqlarini himoya qilishni o‘rganishlari, eng muhimi, qaror qabul qiluvchilarga o‘z muammolari va tashvishlarini bildirishlari uchun erkin muloqot maydonidir. Bu yerda yoshlar inson huquqlari ular uchun nimani anglatishini va inson huquqlari uchun qanday kelajakni xohlashlarini baralla bildirish imkoniga egadirlar.

Forum davomida o‘tkazilgan maslahatlashuvlar orqali yoshlar joriy yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan Oliy darajadagi tadbirimizda taqdim etiladigan “Inson huquqlari-75” tashabbusining asosiy natijalaridan biri bo‘lgan Yoshlar deklaratsiyasini ishlab chiqishga munosib hissa qo‘shadilar.

        

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

"Kuch-adolatda" gazetasi 2023 yil, 27 oktyab № 46

Powered by GSpeech