2023 yil 31 oktyabr kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashkil topganiga roppa-rosa 27 yil to‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidovning “Inson qadri uchun” kitobida (Toshkent, 2022) qayd etilganidek, Milliy markaz O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 1996 yil 31 oktyabrdagi Farmoniga asosan tashkil etilgan. Milliy markaz inson huquqlari va erkinliklari sohasida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalarini, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qoidalarini va qonunlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, davlat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha davlatga qarashli tahlil, maslahat, idoralararo muvofiqlashtirish organi sifatida tuzilgan.
Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 13 noyabrda qabul qilingan “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini tashkil etish masalalari to‘g‘risida”gi qarori Milliy markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy asosi hisoblanadi. Ushbu qaror orqali Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi to‘g‘risidagi Nizom va Milliy markaz tuzilmasi tasdiqlangan.
Keyinchalik Hukumatning bir necha qarori bilan Milliy markaz faoliyatining muayyan sohalari izchil rivojlantirib borildi. Albatta, Milliy markazning tashkil etilishi va shakllantirilishida BMTning Inson huquqlari va boshqaruv tizimini demokratlashtirishni qo‘llab-quvvatlash dasturi muhim ahamiyat kasb etgan.
O‘z navbatida, 2018 yil 10 dekabrda – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 70 yilligi nishonlangan kunda davlatimiz rahbari “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Ushbu qaror inson huquqlariga doir ma’ruzalarni tayyorlash bo‘yicha milliy mexanizmlarni mustahkamlash hamda kelgusida ularning faoliyatini amalga oshirish borasida BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissarining chaqirig‘iga munosib javob bo‘ldi.
Eng muhimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 10 dekabrdagi qaroriga muvofiq, Milliy markazning maqomi tubdan oshirildi, vakolat va faoliyat ko‘lami yanada kengaytirildi. Milliy markaz Nizomi va shtatlar jadvali qayta tasdiqlandi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, 2022 yil 25 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yanada yaxshilash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, Milliy markaz tarkibida Inson huquqlari bo‘yicha axborot-kutubxona markazi – “Inson huquqlari uyi” tashkil etildi.
Shuningdek, Milliy markazga qo‘shimcha asosiy vazifalar yuklatildi. Bu o‘rinda, jumladan, inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazani tizimlashtirish; inson huquqlarini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning xronologiyasini yuritish; fuqarolar va ilmiy tadqiqotchilarga inson huquqlari bo‘yicha tizimlashgan ilmiy-huquqiy manbalardan foydalanish uchun keng imkoniyatlar yaratish haqida so‘z bormoqda.
Bugungi kunda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo‘yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini, milliy ma’ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta’minlovchi davlat organidir. Milliy markaz o‘z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 31.10.2023
- Ko'rishlar: 4722
- Chop etish