TARAQQIYOTNI HARAKATGA KELTIRUVCHI KUCH

Keyingi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy asoslari ta’minlanishi samaradorlik uchun muhim mezon bo‘lmoqda. Zero, ilm-fan jamiyat taraqqiyoti va farovonligining asosiy omilidir. O‘zbekiston zaminida yetishib chiqqan ulug‘ allomalar, buyuk mutafakkirlarning butun jahon ilm-fani, ma’rifati, madaniyati, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi Birinchi va Ikkinchi Sharq Renessansi nomi bilan tarixga kirgan. Bugungi kunda olimlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning haq-huquqlarini himoya qilish Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lida davlatning ustuvor vazifalari hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 27-moddasiga binoan, inson “ilmiy taraqqiyotda qatnashish va uning ne’matlaridan bahramand bo‘lish...”, “o‘zi muallifi bo‘lgan ilmiy, adabiy yoki badiiy asarlar yuzasidan ma’naviy va moddiy manfaatlari himoya qilinishi huquqiga ega”ligi ilmiy tadqiqotlarga bo‘lgan huquq va erkinliklari ta’minlanishiga xalqaro huquqiy asos yaratadi.

Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 15-moddasiga muvofiq, davlatlar “ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyat uchun zarur bo‘lgan erkinlikni hurmat qilishi” shartligi to‘g‘risidagi norma esa Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi bilan belgilangan qoidalarga majburiy tus berdi.

YuNESKOning fan va ilmiy tadqiqotchilar to‘g‘risidagi 2017 yilgi tavsiyasida ilm-fan jamiyat manfaatlariga xizmat qilishi va global muammolarni bartaraf etishi uchun zarurligi e’tirof etilgan.

Shuningdek, 10 noyabr — Umumjahon fan kuni, deb e’lon qilingan bo‘lib, 2002 yildan boshlab har yili shu kuni fan, ilmiy tadqiqotga bo‘lgan huquq va erkinlikning taraqqiyotiga bag‘ishlab butun dunyoda turli tadbirlar o‘tkazilishi qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.

BMTning Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar bo‘yicha qo‘mitasi 2020 yilda qabul qilgan fan, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga oid 25-sonli umumiy tartibdagi mulohazasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish erkinligi va huquqini hurmat qilish hamda undan foydalanishga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday kamsitish shakllarini bartaraf etish nazarda tutilgan.

Yangi O‘zbekistonda bilimga va innovatsiyalarga asoslangan ijtimoiy- iqtisodiy taraqqiyot bosqichiga o‘tish jarayonini amalga oshirishda asosiy e’tibor intellektual kapitalga, uning tashkiliy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy asoslarini shakllantirish, ilm-fan bilan shug‘ullanish huquq va erkinligini ta’minlashga qaratilmoqda. Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiq qolgan holda, insonning ilmiy tadqiqot erkinligi va huquqlari to‘la ta’minlanishiga qaratilgan islohotlar izchillik bilan ro‘yobga chiqarilmoqda.

Birinchidan, tobora globallashayotgan dunyoda O‘zbekistonning inson qadri ulug‘lanadigan mamlakat sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lishi, islohotlar markaziga inson qadr-qimmati qo‘yilishi ilmiy tadqiqotlarga bo‘lgan huquq va erkinliklar kafolatlari kuchayishini ham ta’minlamoqda.

Ikkinchidan, referendum asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklariga bag‘ishlangan normalar hajm va mazmuni bo‘yicha kengaytirildi. Jumladan, intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinishi mustahkamlab qo‘yildi.

Uchinchidan, ilmiy tadqiqotga bo‘lgan huquqni ta’minlashning qonunchilik asoslari kuchaytirildi. “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi, “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa 20 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Shuningdek, qabul qilingan dasturiy hujjatlarda, jumladan, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

To‘rtinchidan, ilmiy tadqiqotlarga bo‘lgan huquqni amalga oshirishning institutsional asoslari rivojlantirildi. Ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish uchun maqsadli va tizimlashtirilgan mexanizm shakllanmoqda. Bunda Fanlar akademiyasi, innovatsiyalarni rivojlantirish, oliy ta’lim tizimi sohasidagi modernizatsiya muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xalqaro ilm-fan markazlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilmoqda.

Beshinchidan, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar, profesor-o‘qituvchilar, doktorantlar hamda mustaqil tadqiqotchilar faoliyatini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha ijobiy natijalarga erishildi.

Oltinchidan, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchilarning huquq va erkinlik lari, jumladan, ilmiy faoliyat turi, yo‘nalishi va vositalarini tanlash, ilmiy faoliyatni yakka tartibda yoki jamoaviy asosda olib borish, bajargan ishining darajasi va sifatiga ko‘ra, moddiy rag‘bat olish, ilmiy loyihalar bo‘yicha tanlovlarda ishtirok etish, ilm-fan sohasida tadbirkorlik faoliyatini qonunchilikka muvofiq amalga oshirish kabi huquqlari qonun bilan mustahkamlandi.

“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi bilan ilm-fan sohasidagi huquq va erkinliklarni amalga oshirish uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qadam qo‘yildi. Xususan, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish belgilandi.

Fundamental tadqiqotlarni zamon talablaridan kelib chiqib yangi yo‘nalishlar bilan boyitish, ularni amalga oshirish uchun 3 trillion so‘m mablag‘ ajratish, 8 ta yetakchi xorijiy ilmiy maktablar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.

“Korxona — oliygoh — ilmiy tashkilot” klaster tizimini joriy etish orqali iqtisodiyotning eng tez o‘sib borayotgan yo‘nalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, buning uchun davlat byudjetidan 4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish, natijada 850 turdagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish, 2,5 mingdan ziyod yangi ilmiy ishlanmalar yaratish nazarda tutilmoqda.

Yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tashkilot xodimlari ish haqini o‘rtacha 2 barobarga oshirish, qolaversa, ilmiy, amaliy, innovatsion va startap loyihalar yillik tanlovlari, stajyor- tadqiqotchilik, tayanch doktorantura, doktorantura hamda maqsadli doktoran tura kvotalari sonini ko‘paytirish nazarda tutilmoqda.

Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularning ilmiy faoliyatini rag‘batlantirish, ilmiy va innovatsion faoliyat, intellektual  o‘yinlar hamda chet tillarini o‘rganishga jalb etish orqali kamida 2 million yigit-qizning iqtidorini rivojlantirish, har yili 500 iste’dodli yoshni xorijning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuborish rejalashtirilmoqda.

Barcha yo‘nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonning Global innovatsion indeksdagi Top-50 talik mamlakatlar ro‘yxatiga kirishini ta’minlash, har bir million aholiga to‘g‘ri keladigan tadqiqotchilar sonini 2 ming nafarga yetkazish, ichki va tashqi bozorlarda tijoratlashtirish natijasida yarati-ladigan yangi innovatsion ishlanmalar sonini 2 barobarga oshirish vazifasi belgilanmoqda.

Davlatimiz tomonidan ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mazkur chora-tadbirlar faqat bugungi kun uchun emas, balki keyingi o‘n yilliklar uchun jamiyat ravnaqi va farovonligi poydevorini qurishga xizmat qiladi. Milliy fanning jahon faniga qo‘shilishi, O‘zbekiston olimlarining jahon ta’lim, ilm-fan va innovatsiya markazlari bilan faol hamkorlik qilishi, olamshumul kashfiyot va ixtirolarni amalga oshirishga hissa qo‘shishi va bu ishlarda erkin bo‘lishi yangi O‘zbekiston taraqqiyo tini harakatga keltiruvchi kuch bo‘la oladi.

O‘tkirbek OChILOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2023 yil 31 oktyabr kungi 226 (1015)-soni

Powered by GSpeech