Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

TINCHLIKPARVARLIK, MEHR-OQIBAT, YUKSAK INSONIYLIK IFODASI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 31 oktyabr kuni Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani haqidagi bayonot xalqaro siyosiy, ekspert va jamoatchilik doiralarida katta aks sado berdi.

O‘zbekiston rahbarining G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun BMT ning Yaqin Sharq agentligiga 1,5 million dollar ajratish to‘g‘risidagi qarori, shuningdek, Falastin xalqi bilan mustahkam birdamligini bildirishi hamda BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashi tomonidan ilgari qabul qilingan qarorlarga binoan o‘zlarining mustaqil davlatini tashkil etish huquqini qo‘llab-quvvatlash xalqaro maydonda yuqori baholanmoqda.

Ilgar Velizad,

"Janubiy Kavkaz" siyosatshunoslar klubi rahbari (Ozarbayjon): 

- O‘zbekiston rahbarining bayonoti xalqaro huquq me’yorlari va tamoyillarini qat’iyan qo‘llab-quvvatlash, o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni ado etish, shu jumladan, O‘zbekistonning Islom hamkorlik tashkiloti doirasida ifodasini topgan an’anaviy tashqi siyosiy strategiyasining ruhi va mohiyatiga to‘la mos keladigan qadamdir.

Rasmiy Toshkent mustaqil O‘zbekiston davlati vujudga kelgan butun tarixi davomida hech qachon o‘z so‘zidan qaytmagan, xalqaro huquq me’yorlarini, shu jumladan, gumanitar huquqni buzmagan va dunyoning turli burchaklarida unga qat’iy rioya etilishi to‘g‘risida so‘zlash uchun mamlakatning to‘lasincha ma’naviy haqqi bor.

Bugun ko‘p jabr ko‘rgan Falastin zaminida begunoh isroilliklar va falastinliklarning yana qoni to‘kilmoqda gumanitar vaziyat yomonlashmoqda, odamlar nobud bo‘lmoqda va afsuski, bu inqirozning ko‘lami ortmoqda. O‘zbekiston bo‘layotgan voqealardan chetda turmasdan, Falastin xalqiga, G‘azo aholisiga insonparvarlik ko‘magi yuborish orqali ularni qo‘llab-quvvatlash uchun amaliy qadamlarni tashlamoqda.

Ushbu yordam va gumanitar kelishuvga da’vat faqat siyosiy an’analarga hurmatgina emas. Bu, shuningdek, zo‘ravonlikni zudlik bilan to‘xtatish va muzokaralar stoliga o‘tirishga chaqirayotganlar qatorida eshitilayotgan ovoz, aniq-ravshan hissadir. 

Xolid Taymur Akram,

Pokistondagi "Yagona kelajak jamiyati" tahlil markazining ijrochi direktori:

- Pokiston O‘zbekiston Prezidentining G‘azo sektori aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqidagi qarorini ijobiy baholaydi.

Bugungi kunda butun musulmon dunyosi Falastinda begunoh odamlar, shu jumladan, ayollar va bolalar o‘layotgan vaziyatdan xavotir bildirmoqda.

O‘zbekiston davlati rahbarining qarori, birinchi navbatda, Falastin xalqi bilan birdamlik, tinch aholi orasida ko‘plab qurbonlar bo‘layotganidan qayg‘urish, shuningdek, insonparvarlik ko‘magi ko‘rsatishga bo‘lgan intilishi sifatida baholanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning nuqtai nazari musulmon olami rahbarlari uchun davlat arbobi sa’y-harakatining ajoyib namunasi hisoblanadi. Ular o‘z mamlakatlarida xavfsizlik va jamoat tartibini saqlash uchun zarur choralar ko‘rishlari lozim.

O‘zbekiston rahbari xalq kayfiyatini nozik his qilgani holda o‘zbek jamiyatida dinlararo va millatlararo barqarorlik hamda tinchlikni saqlash uchun oqilona va vazminlik bilan harakat qiladi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston rahbari ezgulikka yo‘g‘rilgan qarori bilan Falastinning BMT rezolyusiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini tuzishi huquqini ham qo‘llab-quvvatladi va inqiroz hududida  harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga da’vat etdi.

Mars Sariyev,

Qirg‘izistonlik mustaqil ekspert, siyosatshunos:

 

- Prezident Shavkat Mirziyoyev 31 oktyabr kuni hukumat a’zolari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishini qo‘llab-quvvatlashini hamda G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qilgani tug‘risida juda muhim bayonotini e’lon qildi.

Menimcha, bu tashlangan juda muhim qadam bo‘lgani barobarida boshqa mamlakatlar, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun Falastin xalqiga ko‘mak ko‘rsatish nuqtai nazaridan yaxshi mujda va namuna hisoblanadi.

O‘ylaymanki, O‘zbekiston yetakchisining tashabbusi e’tibordan chetda qolmaydi va mintaqada qo‘llab-quvvatlanadi. Shu jumladan, Qirg‘iziston jamoat tashkilotlari orqali Falastin xalqi uchun insonparvarlik yuklarini shakllantirmoqda.

Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning hamjihatlikdagi nuqtai nazari mavjud vaziyatni tezroq hal qilishga ko‘maklashadi hamda Yaqin Sharqdagi urushni to‘xtatishga yordam beradi.

«Dunyo» AA

 

Powered by GSpeech